Xavining qarori qanday o'zgardi? «Barselona» bosh murabbiyi Xavi yanvar oyidan buyon mavsum yakunida ketishi haqida e'lon qilgan bayonotida qat'iy turgan bo'lsa-da, yakunda fikrini o'zgartirdi.
Eslatma, klub afsonasi «Vilyarreal» bilan o'yinda kuzatilgan og'riqli mag'lubiyatdan keyin ishdan ketishini e'lon qilgandi. Qarangki, shu bayonot ta'siridami, «Barsa»ning qiyofasi birdan o'zgardi, ayniqsa, natijalar keskin yaxshilandi. Buning ortidan murabbiyga iste'fo bo'yicha qarori yuzasidan tez-tez savol bera boshlashdi, u esa har safar qat'iy javob berayotgandi: «Yo'q, fikrimdan qaytmayman». Endi esa birdan «Barsa»dagi missiyasini davom ettiradigan bo'ldi. Qiziq, o'zi klubda nima o'zgardi? Quyidagi maqolada Xavi ijrosidagi «aytdim-qaytdim»ning qisqacha xronologiyasi va sabablari bayon etilgan.
Xavi nega qolishni istab qoldi?
Birinchidan, «Barselona» prezidenti Joan Laporta va unga yaqin rahbarlar murabbiyni birdek qo'llab-quvvatlashmoqda. To'g'ri, ta'kidlanishicha, sport bo'limida Xavini qoldirish masalasida qarama-qarshi fikrlar yangragan, lekin yakuniy so'z Laportada edi. Vitse-prezident Rafa Yuste ham Xavi g'oyalarini yoqlamoqda. Ikkinchidan, jamoa rivojlanmoqda. Ha, mavsum Kataloniya drujinasi uchun yaxshi boshlanmadi, lekin Xavining ketish haqidagi bayonotidan keyin vaziyat butunlay o'zgardi. Oddiy aytganda, murabbiy endi qo'l ostidagi jamoa yanada ko'prog'iga qodir ekanligini ko'rmoqda. Uchinchidan, Xavi joriy mavsum hech vaqo yutmadi. Demak, u keyingisida barchasini to'g'rilashni xohlaydi. Qolaversa, klub akademiyasidan olingan yosh iqtidorlar ishonchni mustahkamlashmoqda. Tushunarliki, begona murabbiyning kelishi «La Masiya» yulduzchalaridagi rivojlanish sur'atiga salbiy ta'sir qilishi hech gap emas. Xavi esa Lamin Yamal va Pau Kubarsi kabi yigitlarning katta doiraga chiqishlari faqat o'zi bilan bog'lanishini istaydi, albatta.
Asosiysi, hozirgi «Barselona» - uzoq muddatli loyiha. Ha, klub hamon moliyaviy inqiroz holatida. E'timolki, rahbariyat Xavini qoldirish asnosida murabbiy masalasini ko'p yillarga yopishni rejalashtirayotgandir. Ikkinchi tomondan, «Barselona» Nike kompaniyasi bilan yangi shartnoma tuzishga yaqin turibdi. Agar kelishuv rasmiylashtirilsa, klub nisbatan engil tin oladi. Har holda, yirik kelishuv La Ligada amalda bo'lib turgan moliyaviy cheklovlardan qutulishga imkon beradi. Shu tariqa Xavi yozda tarkibni kuchaytirishi ham mumkin. Yana bir variant: Xavi ehtimol, boshidan ketish niyatida bo'lmagan va o'z bayonoti bilan shunchaki, futbolchilarga tushayotgan kuchli bosimni olib tashlashni o'ylagandir. Balki bu g'oya ish berayotganini ko'rgach, illyuziyani saqlab qolishda davom etgandir. Ya'ni murabbiy faqat «qoqilish» yuz bergach, qo'lidagi qartalarni ochib, qolishini ma'lum qilgan bo'lishi ham mumkin.
Xavi endi nima demoqda?
«Barselona» bosh murabbiyi ketish fikridan qaytganini oddiygina izohladi: «Tushuning, shu klub odamiman, buni hamma biladi. Eng muhimi, klub haqida qayg'urish. Hozir yanada kuchli ishonchni his qilyapman. Bosh fakt - «Barselona»ni qattiq yaxshi ko'raman. Hozirgi loyihamiz esa hali yakunlangani yo'q. To'g'ri, bu yil hech qanday sovrin yutmasmiz, lekin reja bo'yicha ishlashda davom etishimiz shart. Chunki bu g'alaba keltiradigan loyiha. Yanvar oyida ketsam, jamoaga yaxshiroq bo'lishi haqida o'ylagandim, endi esa vaziyat o'zgardi. Klub prezidenti bilan gaplashdim va atigi 3 daqiqa ichida bir-birimizni tushundik. Juda xursandman va minnatdorman. Oddiy aytganda, prezident, direktorlar kengashi va Deku hamda Boyan boshchiligidagi sport bo'limi qo'llab-quvvatlovini yaqqol his qilyapman». Shunaqa gaplar, nima derdik, Xaviga omad...
6-May 2024,07:40