Xosep Gvardiola va «Barselona» yo'llari ayro tushganiga ancha bo'lganiga qaramay, jurnalistlar hali-hanuz «Manchester Siti» ustozini «blaugrana»ga bog'liq savollar bilan bezovta qilishadi.
OAV vakillari bu safar ispaniyalik murabbiyni o'z jamg'armasi tomonidan tashkillashtirilgan golf turnirida «tutishdi».
- «Barselona» rahbariyati Xavini ishdan bo'shatdi va o'rniga Xans-Diter Flikni tayinladi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Tushuning, Barselonadan yiroqdaman va klub ichidagi holatni yaqindan bilmayman. Shunday ekan, bu borada aytadigan gapim yo'q, axir u erda nimalar sodir bo'layotganidan bexabarman. Shunchaki, Flikka yangi ish joyida omad tilashim mumkin, albatta, Xaviga ham.
- Sizningcha, Gvardiola bilan taqqoslashlar Xaviga nechog'li xalaqit berdi?
- Aniq aytaman, oxirgi voqeliklarda zarracha aybim yo'q, axir «Barselona»dan ketganimga ancha bo'ldi. Qisqasi, klubning orqaga ketishida daxlsizman, oddiyroq aytganda, «gumonlanuvchi» emasman.
- Xo'sh, qachondir «Barselona»ga murabbiy sifatida qaytishingiz mumkinmi?
- Bu eshik yopiq! «Barselona»ni murabbiy rolida boshqa shug'ullantirmasligim aniq.
- Xans-Diter Flikni yaxshi bilasiz, u jamoani ravon yo'lga olib chiqishga qodirmi?
- Yo'q, Xansi bilan yaqindan tanish emasman, Manchesterda bir necha marta uchrashganmiz, xolos. Uning «Bavariya»da aqlga sig'mas ishlarni bajargani esa - ayni haqiqat. Flik imkoni bor barcha sovrinlarni yutdi, qolaversa, terma jamoada ishlash tajribasiga ega. «Barselona»da murabbiyga yaqindan yordam berishsa, g'oyalarini qo'llab-quvvatlashsa, asta-sekin olg'a borishiga imkon yaratishsa, bas. Futbolda murabbiyning qanday uslub va taktika tanlashi futbolchilar guruhiga bevosita bog'liq. «Barsa» ixtiyorida esa turli chizmalarda o'ynaydigan yigitlar bor. Asosiysi, klub ko'plab yorqin yosh iste'dodlarga ega. Qisqasi, hozirgi tarkibi ham havas uyg'otadi. Demak, Flikka vaqt berish kerak, zero, chempionat oktyabr oyida yutilmaydi. Umuman, «Barsa»da bosh murabbiy bo'lishning o'ziga xos mushkul jihatlari bor. Deylik, har bir qaroringiz keng muhokama qilinadi. Murabbiy esa futboldan tashqaridagi gap-so'zlarga chalg'ib qolmasligi kerak.
- Kanterada nima gaplar?
- La Masiya hech qachon muvaffaqiyatsizlikka uchramaydi, chunki aniq tizim allaqachon yo'lga qo'yilgan. Hozir ham mahalliy tarbiyalanuvchilar guruhining jamoaga ta'siri juda kuchli. Ochig'i, kantera qachon bunday darajada samara berganini eslolmayman, hatto. Faqat klub o'z iqtidorlariga vaqt taqdim etishi, sabr bilan ularni himoyalashi zarur.
- Aytingchi, «Jirona»ning ishtirokidan hayratlandingizmi?
- O, ChLda aynan shu klub bilan to'qnash kelishni istardim. Ehtimol, jamoa ichida qanday katta jasorat ko'rsatishganini hali to'liq anglamagandirlar... Axir kamtarona byudjet bilan La Ligada 3-o'rinni egallash - fantastika. «Jirona» o'yiniga ham shunday ta'rif berish mumkin. Qisqasi, Michel aqlga sig'mas daraja ish olib bordi. Ishonchim komil, jamoada barqarorlikni ta'minlash yo'lida to'g'ri qadam tashlanadi. Kouto va Savio? Hozircha ularni qaytarish mavzusini chuqur o'rganmadik. Michel har ikki futbolchiga katta yordam berdi. Kouto hujumda vaziyat yaratish bobida yaqqol o'sishga erishdi, Savio esa La Ligadagi eng xavfli ijrochilardan biriga aylandi. Har ikkisi City Football Group guruhiga tegishli ekan, ularning kelajagini bemalol, birgalikda hal qilishimiz mumkin.
- «Real» Kilian Mbappe bilan yanada kuchaydimi?
- «Real» Kiliansiz ham kuchli, baribir. Lekin deylik, ChLda bu jamoani engish imkonsiz emas. Madridliklar tez-tez finalga chiqishadi va g'alaba qozonishadi. Bu esa raqobatchilarni turnirda «Real» bilan o'ynash va uni chiqarib yuborishga undaydi. Jamoa Mbappe misolida o'ta xavfli hujumchiga ega bo'lgani ham o'z-o'zidan tushunarli, albatta.
M.PO'LATOV tayyorladi
28-Iyun 2024,00:00
O'qildi: 57 - Fikirlar: 0
O'qildi: 44 - Fikirlar: 0