Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) dunyoning eng kuchli klublari yangi reytingini e'lon qildi.Sayyoramizdagi 5 ta qit'aning 75 ta milliy chempionatlari qatnashchilari bo'lgan 504 ta jamoa nomi keltirilgan mazkur ro'yxatga klublarning 2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 30 iyungacha bo'lgan davrda qayd etgan natijalari asos qilib olingan.Dunyoning eng zo'r jamoalari reytingini Evropaning grand klublari boshqarib turibdi. Birinchi pog'onada UEFA Chempionlar ligasining amaldagi g'olibi “Real” bormoqda. Ispaniya grandining bir yil davomida 371 ball to'plagani qayd etilgan.Yangi reytingning dastlabki o'n bir pog'onasini faqat “ko'hna qit'a” jamoalari – “Real”dan keyin “Manchester Siti”, “Bayer”, “Atalanta”, “Borussiya” (Dortmund), “Atletiko” (Madrid), “Bavariya”, “Barselona”, “Arsenal”, “Inter” hamda PSJ egallagan.Boshqa qit'a vakillaridan eng yuqori pog'onada Braziliyaning “Palmeyras” jamoasi joy egalladi.Mazkur klub umumiy reytingda parijliklardan keyin 12-qatorda joylashgan.Osiyo klublari orasida eng yuqori o'ringa Saudiya Arabistonining amaldagi chempioni, tarkibida bir qator jahon futboli yulduzlari to'p tepadigan “Al-Hilol” jamoasi loyiq topilib, 40-qatorga o'rnashdi.Krishtianu Ronaldu o'ynayotgan “Al-Nasr” jamoasi qit'amizda ikkinchi, dunyo reytingida esa 71-o'rindan joy oldi.“Top-500” reytingida O'zbekistonning uchta jamoasi nomi qayd etilgan.Biz uchun quvonchlisi, ular orasida “Navbahor” ham bor. Jamoamiz 83,75 ball jamg'argan holda, IFFHS ro'yxatida 221-o'rinni egallab turibdi. Mamlakatimiz klublari orasida “Nasaf” (Qarshi) 88,25 ball jamg'argan holda, reytingning 201-qatorida qayd etilgan bo'lsa, “Paxtakor” (Toshkent) 51 ball to'plagan holda, 496-pog'onadan joy oldi.“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
8-Iyul 2024,06:30
O'qildi: 57 - Fikirlar: 0