«Barselona»ning sobiq afsonaviy hujumchisi Xristo Stoichkov (1990-95, 1996-98) Sport.es nashriga intervyu berdi
Unda «El Pistolero» Germaniyada bo'lib o'tgan Evropa chempionatining natijalarini sarhisob qildi va, albatta, uning yuragiga yaqin «ko'k-anorranglilar»ning hozirgi holati haqida ham gapirdi. «Kamp Nou»ning sobiq kumiri shiddatli, jasoratli va samaradorli o'yini uchun Ispaniya terma jamoasining muvaffaqiyatlaridan unchalik hayratlanmabdi, chunki uning so'zlariga ko'ra, «bu shundoq ham ajoyib jamoa, qolaversa uning kelajagi katta»...
- Ispaniya terma jamoasi Evropa chempionatida g'olib chiqishga munosib edimi?
- Evro boshlanmasdan oldin Ispaniya bu turnirda g'olib chiqadi va hatto JCh-2026ni ham oladi degandim. U shundoq ham ajoyib jamoa, qolaversa uning kelajagi katta. Men Luis de La Fuente uchun juda xursandman. Biz juda yaqin do'stlarmiz va u qiyin vaqtni boshdan kechirdi. U juda yaxshi murabbiy. Unga nisbatan cheksiz tanqidlardan so'ng, Luis Ispaniyani ushbu unvonga olib kelganidan xursandman.
- Ha, siz de La Fuentega qoyil qolasiz. U jamoani qanday boshqaradi?
- U oddiy kamtar inson va qaerdan kelganini juda yaxshi biladi. Futbolchilik davrimizda yo'llarimiz kesishardi va hatto o'sha paytda u qanday murabbiy bo'lishiga maydondagi harakatlari orqali tasavvur berardi. U katta tajribaga ega Kleman, Luis Aragones, Del Boskelarga e'tibor qaratdi. Va barchasi bilan juda kamtarlik bilan muloqot qildi. Shuning uchun ham bunday mukofot bilan taqdirlandi.
- Evropa chempionati sizga yoqdimi?
- Ba'zi o'yinlar yoqdi, lekin Ispaniyaning finalga chiqishi yanada yoqimliroq edi. Ular finalga chiqish va g'alaba qozonishga loyiq edilar, chunki futbolchilar shunchaki ajoyib ish qilishdi, murabbiy sozlamalarini tushuna olishdi. Luis de La Fuente ular bilan uzoq vaqt davomida (U19 va U21 terma jamoalarida) ishlaganligi juda muhim faktdir. Luis ularni yaxshi biladi va shuning uchun jamoani kuchliroq qildi. Tarkibda faxriylar, katta tajribaga ega futbolchilar, shuningdek, Evroning eng yaxshi o'yinchisi Rodri bor edi.
- Rodri siz uchun ham turnirning eng yaxshi o'yinchisimi?
- Shubhasiz. Men u haqda soatlab gapirib bera olaman.
- Uning o'yini sizga yoqdimi?
- U haqiqatdan ham o'zgacha futbolchi, etakchilar etakchisi, o'yinning ohangini belgilaydigan, xullas u bilan jamoangiz mustahkam poydevorga ega bo'ladi. Shuningdek, Karvaxal ham muhim rol o'ynaydi. Va albatta, hech kim Kukurelya himoyaning chap qanotida bunchalik uchishini kutmagandi... Yarim himoya o'ta dinamik edi. Hujumni esa gapirishga hojat yo'q...
- Yamal o'yiniga oshiqmisiz? Yosh bolakayning bunday hujum qilishi sizni ajablantirmadimi?
- Orzularingizni ta'qib qilganingizda, ular har doim amalga oshishi mumkin. Yosh bo'lishiga qaramay, u bu uning uchun katta imkoniyat ekanligini yaxshi biladi. U intizomli yigit, maydonda 90 daqiqa davomida qattiq ishlaydi va murabbiy gapini hech ikki qilmaydi. Niko Uilyams ham xuddi shunday, u kundan-kunga kuchaymoqda, u qarshi hujumlarda juda xavflidir.
Morata haqida nimani gapirish kerak? U juda ko'p azob chekkan yigit. Menga ushbu jamoani ko'tarib turgan ustunlardan birini qanday tanqid qilish mumkinligini tushuntirib beringchi. U terma jamoa manfaati uchun ko'p ishlaydi. Yarim finalda Olmo va Yamalning gollari bilan bog'liq vaziyatlarda hech kim Morata haqida gapirmadi. U ikki yoki uch himoyachini olib ketadi, bo'sh joy yaratadi... bunday markaz forvardlari hozir mavjud emas... u qattiq ishlaydi, ko'p narsani qurbon qiladi va men nima uchun bu qadar qattiq tanqid qilinayotganini tushunmayapman.
- U «Milan» bilan shartnoma imzoladi...
- Qaerga bormasin, u Morata, juda muhim o'yinchi bo'ladi.
- Yamal 17 yoshga to'ldi. Siz Messi singari buyuk vinger edingiz... Biz bunday taqqoslashlar bilan Laminga zarar bermaymizmi?
- Taqqoslamaylik. Men hech qachon taqqoslashni yoqtirmaganman, har birimiz shundaymiz va umid qilamanki, Lamin shunday fidoyilik va sifat bilan ishlashda davom etadi. Shuning uchun u «Barselona» va Ispaniya terma jamoasi uchun gollar uradi. Uni himoya qilishimiz kerak, uni juda osmonlarga ko'tarmang, chunki bunday holatda yiqilish juda oson bo'ladi. Men uni himoya qilish tarafdoriman, biz unga kerakli vaqtni berishimiz kerak va u tajriba orttirgandan so'ng, biz uning kimga o'xshashligini aytamiz.
- Siz aytgan yana bir ism - Niko Uilyams. «Barselona» o'rnida siz uni hozirgi narxida sotib olarmidingiz?
- Qancha ekan?
- 58 million evro.
- Hoziroq sotib olishimiz kerak. Men sizga ilgari «Barselona»ga uni sotib olishlarini tavsiya qilganimni aytgandim. Bunday qilishmadi, lekin hozir juda xohlashmoqda. Laporta va Deku «Barselona» uchun munosib o'yinchi ekanligiga shubha qilmasliklari kerak. U nafaqat vinger sifatida, balki markaziy hujumchi yoki «yolg'on to'qqizlik» sifatida ham o'ynashi mumkin. Bu esa «Barselona» uchun juda foydalidir.
- «Barselona» endi Mbappaga qarshi chiqadi. Sizningcha, Kilian Madridda muvaffaqiyat qozonishi mumkinmi? Aytgancha, uni qanday kutib olganingizni ko'rdik, siz u bilan ajoyib munosabatda bo'ldingiz.
- Biz yaxshi do'stmiz, u butun oilasi singari ajoyib inson. Yaqinda mashg'ulotda salomlashdik. Menimcha, Kilian ajoyib futbolchi va umid qilamanki, u frantsuz hamda ingliz tillaridan farq qiladigan ispan futboliga yaxshi moslasha oladi. Uning o'zi joriy Evropa chempionatidan keyin ko'proq narsani berish kerakligini biladi va bu uning turniri emasligini tan oladi. Axir, hamma Frantsiya bunday tarkib bilan chempion bo'lishi mumkin deb o'ylardi. Endi u o'zi haqida qayg'ursin va biz bundan zavqlanaylik.
- Barselonaliklar bundan xavotirda. «Real» juda kuchli...
- Men har doim optimistman. Bizning ishlarimiz qanchalik yomon bo'lsa, biz shunchalik optimistik bo'lishimiz kerak. Endi yangi stadionga ega «Barselona» raqobatbardosh jamoa qurishi kerak. O'ylaymanki, Laporta va Deku kimlarni sotib olish kerakligini bilishadi. Yangi murabbiy bilan biz ko'proq intizom, tartib va bosqichma-bosqich harakatlanadigan jamoani ko'ramiz. Bizda Kubarsi, Pedri, Gavi, Yamal, Fermin, Balde kabi yuqori darajadagi yosh futbolchilar bor. Va Agar Niko Uilyams kelsa, nur ustiga a'lo nur bo'ladi. Biz shoshilmasligimiz va ertagalik uchun chempionlikni maqsad qilib qo'yishimiz kerak. Agar bir nechta xaridlar amalga oshirilsa, menimcha, «Barselona» raqobatbardosh bo'lishi mumkin.
- Xansi Flik sizga yoqadimi?
- Rostini aytsam, bilmayman. Ko'ramiz. U moslasha oladimi yoki yo'q, bu uning kiyinish xonasini qanday boshqarishiga bog'liq. Ishonchim komilki, intizomni qanday saqlashni biladi, u nemis, bundan tashqari ter Shtegen tomonidan qo'llab-quvvatlanadi, ya'ni Gyundogan singari unga ham katta yordam berishi mumkin. Qolaversa, yonida Tyago Alkantara bo'ladi. Ushbu kichik omillar uzoq muddat Flik foydasiga o'ynashi mumkin.
MUHAMMADXON tayyorladi
19-Avgust 2024,23:10
O'qildi: 51 - Fikirlar: 0