“Valyadolid” - “Barselona” o'yin yakunlandi (0:1). Birinchi taymni ko'rgan adekvat futbol muxlislari Antuan Grizmanning harakatlariga baho berishgan bo'lsa kerak. Frantsiyalik futbolchi juda ko'p xatolarga yo'l qo'ydi. U tomonidan qayd etilgan oddiy vaziyatlarda to'pni to'xtata olmaslik, noaniqliklar, sust harakat va boshqa holatlar sharh mobaynida meni shu erda bo'lgani kabi ba'zi savollar va tanqidlarga undadi. Menimcha, bu – tabiiy. Tanaffusga chiqqach ijtimoiy tarmoqlarga ko'z yugurtirdim. Doimgidek, instgramdan eng mantiqsiz, tutriqsiz gaplar kelgan ekan. Meni yaxshi taniydiganlar tanqidlarga ochiq ekanimni yaxshi biladi. To'g'ri, konstruktiv, asosga ega fikrlarni doim qadrlaganman. Ayniqsa tvitterdagi munosabatlar meni aksar holda xatolarimni to'g'rilashga undaydi. Biroq, kam bo'lsada, o'zi nima deyotganini bilmaydigan, bir jamoaga bo'lgan “sevgisi” radikal darajaga chiqib ulgurgan “muxlislar” ham yo'q emas. “Barselona” – eng yaqin insonlarimdan biri muxlislik qiladigan jamoa. Uning o'yinlari menga doim yoqqan. Sharhni endi boshlagan chog'larim har hafta “Atletiko Madrid” o'yinlari tushardi. O'sha paytlar Grizmanni menchalik maqtagan boshqa sharhlovchi bo'lganmi, yo'qmi, bilmam. Chunki, u o'shanda maqtovga loyiq o'yin ko'rsatgan. Biroq, netongki, Kataloniyada uning ishlari Madridda bo'lgani kabi emas hozircha. Xossatan mana bu o'yin eng yomonlaridan biri bo'ldi. Shunday bo'ldiki, murabbiy Kike Seten ham uni ikkinchi taym avvalidayoq (!) Suaresga o'zgartirdi. Men “shunday qil”, deb Seten qo'ng'iroq qilmagandim... Aytmoqchi bo'lganim, biz sharhlovchilar ko'rganimizni tushuntiramiz, izohlaymiz va sharhlaymiz. Ba'zilar o'ylagani kabi, aynan bir futbolchi yoki klubning o'ta ketgan fanati bo'lsak mikrafonga yaqinlashtirishmasdi ham, yaqinlasha olmasdik ham. Men shunday o'ylayman.Nima ham derdim? Sal “muxlislik”ni qo'yib, muxlislik qiling. Futbolni seving.Orif Tolipov.
12-Iyul 2020,06:30
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0