Markaziy himoyachilarning foliyati davomida qo'pol xatolar yuz berishi tabiiy. Manchester Shahrida Varan “Real”ni qanday ahvolga solib qo'yganiga guvoh bo'ldingiz albatta. Vaholanki, u 4 karra EChL g'olibi, Jahon chempioni! Bundan ko'rinib turibdiki, istalgan darajadagi himoyachilarda ham bunday holatlar uchrab turadi.
2015-yil. Boateng “Barselona”ga qarshi (3:0)
Agar o'sha uchrashuvda Noyer darvozani qo'riqlamaganida, hisob kamida 6:0 ko'rinishini olishi aniq edi. Amaldagi JCh g'olibi va EChL oltin medali egasi sanalgan Boateng o'yin oldidan Messini personal tarzda qo'riqlashi lozim edi. O'sha paytda, u sayyoramizning eng kuchli himoyachilaridan biri edi. Shunga qaramay, qahramonimiz o'z karerasidagi eng omadsiz uchrashuvni aynan “Barselona”ga qarshi o'tkazdi.
Avvaliga sal bo'lmasa o'z darvozasiga penaltini olib kelishi mumkin edi, hakam ayadi. Keyin Neymar, Suares va Dani Alveslarni bir necha bor ushlab qolishni uddalay olmadi. O'yinning final qismida Messi uni ikki bor (77, 94) “ko'rmay” o'tib ketdi. Aynan o'sha o'yindan so'ng, Boateng uzoq muddat ruhiy bosim ostida qolib ketgan bo'lsa, ajab emas.
2014-yil. Ramos va Pike Gollandiyaga qarshi (1:5)
Aslida Ramosning faoliyatida bundan ham yirikroq mag'lubiyatlar mavjud. Ayniqsa, “Barselona”dan qabul qilingan 2:6 natijasi hali-hamon muxlislar yodida. Shunga qaramay, o'sha uchrashuvda Serhioning o'yinini tanqid qilishning iloji yo'q. Jerrarning ham faoliaytida “Roma”, “Liverpul” va “Bavariya”dan qabul qilib olingan alamli mag'lubiyatlar mavjud, lekin u ham o'sha uchrashuvlarda qolganlardan yomon harakat qilmagan.
Ispaniya futboli tarixidagi eng kuchli himoyachilarni Gollandiya terma jamoasi bir uchrashuvda shu qadar sharmanda qildi-ki, hatto ular keyinroq terma jamoa bilan xayrlashishga majbur bo'lishdi. 2014-yilda bo'lib o'tgan mundialda Lui Van Gal shogirdlari amaldagi chempionlarni tor-mor keltirishadi. Ispaniya birinchi bo'lib gol urgan bo'lsada, ko'p o'tmay Van Persining parvozi amalga oshadi. Ramos va Pike sun'iy ofsaydni yuzaga keltirishga ulgurmay qoladi. Ko'p o'tmay, Robben ularni shunchaki texnika evaziga dog'da qoldirib ketadi. Keyinroq tayanch zonasida muammolar paydo bo'ladi va yana gol. Beshinchi golda Robben Ramosdan tezlikda o'tib ketadi va uni deyarli ikki bor aldam butun Ispaniyaning ustidan kulgandek gol kiritadi.
2012-yil. Jon Terri “Liverpul”ga qarshi (4:1)
Ochig'i Jonda qo'pol xatolar tez-tez uchrab turadi. U “Barselona”ga qarshi o'yinda qizil kartochka olishiga, “M-Yu”dan javobsiz 3 ta gol olib chiqishiga ham guvohi bo'lganmiz, biroq 2012-yilning may oyida Terri eng katta “qovun tushirish”ni amalg oshiradi.
Avvaliga himoyadagi sherigini qo'llab-quvvatlash o'rniga chiziqni omadsiz tark etdi. Keyinroq burchak to'piga chiqishda qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. “Chelsi” sardorining APLdagi eng muhim raqiblardan biriga qarshi ko'rsatgan “hunarlari” jamoaga qimmatga tushdi. Yakuniy hisob 4:1 “mersisaydliklar” foydasiga.
2011-yil. Rio Ferdinand “Manchester Siti”ga qarshi (1:6)
Ser Aleks faoliyatidagi eng alamli mag'lubiyatni qisqacha yodga olib o'tamiz. Uchrashuv boshida Ferdinand qanotdan etkazilgan to'pni bartaraf eta olmadi. To'g'ri, qizil kartochka imkoniyatlar teng emasligini bildiradi, biroq o'z uyida Ferdinand bosimga dosh bera olmadi.
Himoyadagi tarqoqlikdan Jeko, Aguero va Balotellilar istaganicha foydalanishga qaror qilishdi. Ha aytgancha, o'sha uchrashuvda muxlislar bir necha bor chimga uzala tushib yotib olgan Ferdinandni ko'rishdi va bu uning faoliyatidagi eng omadsiz uchrashuv sifatida tarixda qoldi.
2009-yil. Kannavaro “Liverpul”ga qarshi (4:0)
Fabio futbolchilik faoliyatini yakunlagach, maydondagi xatolarining barchasini xotirasidan o'chirib tashlagani haqida aytib bergan edi. O'z vaqtida himoyachi "Evro 2000" musobaqasida Viltorga to'pni tashlab berganiga guvoh bo'lganmiz, biroq o'sha uchrashuvda u yaxshi o'yin namoyish etgan edi. Futbolchi bir necha bor o'yinning anteqahramoni bo'lgan, biroq “Liverpul”ga qarshi EChL pleyy-off o'yini ulardan yaqqol ajralib turadi.Avvaliga Fabio to'pni uzoqlashtirishda xatoga yo'l qo'yadi, keyin kulguli holatda pozitsiyani boy beradi. O'sha kuni Fabioning tanasi maydonda, miyasi esa uyda qolgan edi. “oltin to'p”ni qo'lga kiritgan yagona himoyachi shu tariqa “Liverpul”ga juda katta yordam berib yuboradi.
2008-yil. Puyol “Real”ga qarshi (4:1)
“Barselona” Shuster boshchiligidagi “Real”ga chempionlik yo'llakchasini tashkillashtirdi. O'sha kuni Kataloniya klubi raqibni engib, o'z statusini ko'tarib olishi ko'zda tutilgan edi, biroq kutilmaganda Puyol katta sahnaga chiqdi. Karles o'yin davomida o'tkazib yuborilgan gollarga aloqador bo'lib qoldi.
Avvaliga u Raulning zarbasi yo'liga chiqmadi, keyinroq Iguain undan bir qadam oldinda bo'ldi. Desertga esa, qo'li bilan o'ynab “Real”ga penalti ishlab berdi. Ispaniyalik himoyachi uchun yomon tushdek o'tgan o'yinda “Real” azaliy raqibini 4:1 natijasida mag'lubiyatga uchratdi. Bu “Barselona” uchun tarixiy natijaga aylandi. Sababi, klub tarkibda Karles bor payti hech qachon “La Liga” klublaridan 4 ta gol o'tkazib yuborgan edi.
2004-yil. Maldini “Deportivo”ga qarshi (4:0)
Paolo futbol olamining ikki asrida ham ishonchli harakat qilgan kam sonli himoyachilardan biri desak, adashmagan bo'lamiz. Uning “Milan” safidagi buyuk g'alabalari bugungi avlod ko'z oldida afsonaga aylanib ketgan. Shunday bo'lsada, ushbu futbolchining faoliyatida ham qora kunlar yo'q emas.
Birgina Istanbuldagi final so'zimizga isbot bo'la oladi. “Milan” o'z vaqtida Maldini boshchiligida “Fiorentin”dan javobsiz 4 ta gol olib chiqishga ham ulgurgan, biroq bu o'yinlarda Maldinini ayblash noo'rin. “Derpotivo”ga qarshi o'yin esa, alohida mavzu.
Ilk uchrashuvdagi 4:1 hisobi “Milan”ni mehmonda erkin harakat qilshga undadi. Oqibatda, jamoa Javobsiz to'rtta gol qabul qilib oldi va musobaqani erta tark etdi. Maldini o'sha oqshom Pandiani, Luke va Valeron tomonidan bir necha bor aldab o'tildi. Paolo bir necha bor o'z pozitsiyasini boy berdi. Hujumlarga qo'shilmadi. Umuman olganda, o'z faoliyatidagi eng yomon o'yinni o'tkazdi.
2003-yil. Zanetti “Arsenal”ga qarshi (1:5)
Aslida, qanot himoyachilarining mag'lubiyatlarda ayblash noo'rin, lekin Zanettining ham elkasida juda alamli mag'lubiyat mavjud. Venger boshchiligidagi “Arsenal” jamoasiga qarshi o'yinda argentinalik “traktorni” chetga surib tashlashdi.
Ayniqsa, Anri va Pireslarning bir necha bor dribblingda Xaverni ortda qoldirgani, “San Siro”ga yig'ilgan muxlislar hush kelmadi. O'sha o'yinda Zanetti birorta aniq uzatmani amalga oshirmadi. Hujumlarga qo'shilishga imkon topa olmadi. Yakunda, “kononirlar”dan yirik mag'lubiyat qabul qilib olindi. Uchrashuvdan so'ng, “Le Gazzeta Della Sport” nashrida “Kecha “Inter” traktori “San Siro”da o'chib qoldi” nomli katta tanqidiy maqola e'lon qilinadi. Darhaqiqat, Xaver o'zining eng yomon o'yinini “Arsenal”ga qarshi uchrashuvda o'tkazgan edi.
9-Avgust 2020,14:40
O'qildi: 56 - Fikirlar: 0