Stadion.uz yakunlanib borayotgan mavsumning eng yaxshi dribling ustalari bilan tanishtirib o'tadi. Ushbu ro'yxatdan faqat Evropaning kuchli beshta chempionati vakillarigagina o'rin naqdlangan bo'lib, g'olib har bir o'yinda o'rtacha necha bora raqiblarini aldab o'tgani haqidagi statistik ma'lumotga ko'ra aniqlanadi. Mavsum davomida 900 (10 ta o'yin) daqiqadan kam o'yin o'tkazgan futbolchilarning natijasi inobatga olinmaydi.
10 o'rin. Eden Azara («Real»; Belgiya) — 4.1
Eden “Real” bilan yaqindagina chempionlikni nishonlaganidan xabaringiz bor. Futbolchi bu mavsumni sermahsullik bobida omadsiz deb atagan bo'lsada, o'zining driblingi sababli bugungi ro'yxatimizdan o'rin olishga muvaffaq bo'ldi. Mavsum davomida atigi bir bor gol kiritgan bo'lsada, qahramonimiz har bir o'yinda o'rtacha 4,1 bor raqiblarni noqulay ahvolda qoldirishni uddaladi.
8-9 o'rin. Munir Shoer («Dijon»; Frantsiya) — 4.2
O'tgan yozda Munirni “Lans”dan “Dijon” 3,5 million evro evaziga sotib olgan edi. Yosh futbolchi qisqa muddat ichida o'zini ko'rsatishni boshladi. Bir o'zi raqib himoyachilarini aldab o'tayotganini ko'rgan frantsuz nashrlari unga “dribling qiroli” “unvonini” berishdi. Darhaqiqat, Frantsiyaning o'rtamiyona jamoasida har o'yinda 4,2 bor driblingdan unumli foydalanish tahsinga sazovar.
8-9 o'rin. Yusef Atal («Nitstsa»; Jazoir) — 4.2
Frantsiya chempionatining yana bir vakili. Bu yigitcha haqida mutaxassislarni inobatga olmasa, deyarli hech kim hech qanday ma'lumotga ega emas. Shunga qaramay, Zidan uni kelajakda Dani Karvahalning o'rnini egallashiga umid qilmoqda. Anglaganingizdek, Yusef qanot himoyachisi va ajoyib texnika egasi. Bejizga u bilan “Real”, “Milan” va PSJ klublari qiziqib qolmagan.
7 o'rin. Mussa Jenepo («Sautgempton»; Mali) — 4.3
Mali terma jamoasi a'zosi kutilmaganda mavsumning ikkinchi qismini juda yomon o'tkazdi. Jarohat, janjallar va boshqa ko'plab omillar Jenopaga to'sqinlik qildi. Shunga qaramay, uning driblingi o'z o'rnida qoldi.
Belgiyalik yigitcha, texnika borasida istalgan futbolchi bilan bahslashishga qodir. Bejizga uning transferi uchun “Sautgempton” Belgiya klubiga 14 million evro to'lamadi. 22 yoshli Mussa kelasi mavsumda yana o'z driblingi bilan barchani xursand qilishi aniq. shunchaki, biroz vaqt kerak holos.
6 o'rin. Vilfrid Zaxa («Kristal Pelas»; Kot-d'Ivuar) — 4.5
Uzoq muddat “Manchester Yunayted” nishonida bo'lishiga qaramay, Zaha jamoasida qoldi. Raqiblarni samarali aldab o'tish borasida so'nggi mavsumlarda Zaha peshqadam. Uning driblingi kishi ko'zini qamashtirmoqda. Qahramonimiz aynan driblingga ko'p e'tibor bergani uchun ham bir paytlar “Manchester Yunayted”da qo'nim topmagan edi. Balki, taqdir unga ikkinchi imkon taqdim etar?!
5 o'rin. Jeremi Boga («Sassuolo»; Kot-d'Ivua) — 4.7
Angliyaning boshqa bir grand klubi – “Chelsi”da o'zini ko'rsata olmagan Boga uchun ham mavsum ajoyib o'tdi. Kamtarin “Sassuolo” safida raqiblarni ortidan yugurishga majbur qilgan hujumchi yana “katta klublar” e'tibor markazida! Bugungi kunda u bilan “Everton” va “Borussiya Dortmund” jamoalari jiddiy qiziqib qolgan.
4 o'rin. Lionel Messi («Barselona»; Argentina) — 5.7
Zamonamizning kuchli futbolchilari ayni damda turli holatda. Kimdir o'z o'ynini kuchaytirib bormoqda, yana kimningdir darajasida pasayish kuzatilmoqda. Messiga keladigan bo'lsak, uning 4-o'rinda ekanligini muxlislarni biroz xafa qilgani rost. Nima ham derdik, vaqt barcha-barchadan kuchli…
3 o'rin. Allen Sen-Maksimen («Nyukasl»; Frantsiya) — 5.8
“Tumanli albion”ga kelguniga qadar, Allen “Liga 1” musobaqasida chinakam shoular namoyish etdi. Uning raqiblarini osonlik bilan aldab o'tayotganini ko'rgan “Nyukasl” 18 millionning bahridan o'tdi va Sen-Maksimen Angliyaga ko'chib keldi. Ingliz muxlislari fint ishlatuvchi chaqqon frantsuzni iliq qarshi olishdi. U nafaqat to'p bilan muomilada, balki sermahsullikda ham o'zini ko'rsata oldi.
2 o'rin. Adama Traore («Vulverxempton»; Ispaniya) — 6.2Adama “Vulverhempton” safida mavsumni ko'tarinki kayfiyatda o'tkazdi. 4 ta gol va 9 ta assist. Uning ayni damda personal muxlislari soni ham ortib bormoqda. Istalgan daqiqada, raqib futbolchisini dog'da qoldirish uchun Adama yuqori tezligidan foydalanadi. Uning bir qarashda oddiy ko'ringan driblingi juda samarali bo'lib, maydonda bo'sh zonalar yaratishda juda qo'l keladi. Afsuski, raqiblarni har safar ham aldab o'tishning iloji yo'q. Traore bu mavsumda to'pni dribling ishlatish chog'ida yo'qotish borasida ham kuchli uchlikka kirishga majbur bo'ldi.
1 o'rin. Neymar (PSJ; Braziliya) — 6.3
Aslida, “Atalanta”ga qarshi o'yinga qadar Neymar ro'yxatimizning ikkinchi o'rnida borayotgan edi. EChL doirasidagi dramatik o'yinda qahramoniz raqiblaridan naqd 16 (!) bor dribling yordamida o'tib ketishga muvaffaq bo'ldi va o'z shaxsiy ko'rsatgichini yaxshilab oldi. Eng muhimi, PSJga yarim final yo'llanmasini olib berdi.
15-Avgust 2020,20:40
O'qildi: 57 - Fikirlar: 0