Bu safar hammasi jiddiy. Ma'lum bo'lishicha, Messi «Barselona»ga so'rov jo'natgan. Klub 700 millionlik tovon puli haqida aytsa-da, hammasi chigalroq. Gap shundaki, Messida har yili 10 iyunda shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqi bo'lgan. Futbolchining yuristlari pandemiya tufayli, mavsum cho'zilganini ro'kach qilib, o'sha punkt bo'yicha, Messining tekinga ketishini ta'minlashga harakat qiladilar.Messining bu safargi jiddiyligi, Bartomeu boshqaruviga qarshi norozilikdan boshlab, 2:8 da avj oldi. Ronald Kuman bilan suhbat esa, yanada qat'iylashtirdi.Ba'zi manbalarning aytishicha, Kuman Messiga «o'z manfaatlaringdan klubni ustun qo'yish payti keldi» degan. Bir qaraganda to'g'ri gap, ammo bu murabbiy biroz noto'g'ri jumlalar ishlatgani yoki nojuya paytda aytilayotgani futbolchining jaxlini chiqargan bo'lishi mumkin. Shuningdek, bu uchrashuv xabari ommaga chiqib ketgani ham Messiga yoqmagan.Hozir «Barselona»da navbatdan tashqari yig'ilish va bir qator xodimlar iste'foga chiqishni boshladilar. Messining olib qolishi mumkin bo'lgan eng yaqin yo'l - Bartomeuning iste'fo berishi bo'lib turibdi. Chunki, Messining ketishi, shundog'am Bartomeuning iste'fosi bilan tugashini hamma tushunib turibdi. Ya'ni noroziliklar ko'payib, petitsiya 17 mingdan oshadigan bo'lsa, saylov kelasi yilga qolmaydi. Messining ketishi bu oqibatga olib kelishi aniq.Bu vaziyatda barcha harakat futbolchini saqlab qolishga qaratilishini taxmin qilsa bo'ladi. Bartomeu ketishi va Messining qolishi — bu eng yaqin ehtimol.Aks holda, "Manchester Siti", "PSJ" va "Inter" variantlari tilga olinmoqda. Pep bilan yana ishlash, Ronaldu bilan raqobat, Neymar bilan topishish - har bir variantning o'z jozibasi bor, albatta.Eng qizig'i, baribir, Yoxan Kroyfning bir paytlar «Hech qaysi futbolchi klubdan muhimroq bo'lmasligi kerak» degan iqtibosi. Vaqtincha, bu shiorni ilingan joyidan olib turamiz.Qahramon Aslanov.
26-Avgust 2020,08:00