Doimo klubni tark etayotgan futbolchi haqida yozish mushkul. Afsuski, har qanday boshlangan narsaning yakuni bo'ladi. Luis Suares ham o'zining «Barselona»dagi sarguzashtlariga rasman nuqta qo'ydi. Doimo katta yo'l yakuniga etib kelgan inson, ortga o'girilishni istaydi. Biz ham bugun Luis Suaresning «Barselona» safidagi mavsumlarini xotirlashga qaror qildik.
Qahramonimiz Kataloniya super klubi safiga 2014 yilning 11 iyul sanasida kelib qo'shiladi. O'sha davrlarda klub o'z tarixidagi eng katta transfer summasi - 81 million evroni urugvaylik hujumchi uchun sarf etadi va adashmaydi! Klub tarixidagi 17-urugvaylik futbolchiga aylangan Suares bir necha yilda «Barselona»ning afsonalaridan biriga aylandi desak, adashmagan bo'lamiz.
2014/15 yilgi mavsum
Luisning yangi jamoasidagi debyut uchrashuvi 2014 yilning 18 avgust sanasida ro'y bergan. Joan Gamper kubogi doirasidagi bahsda Suares ilk bor «Barsa» libosida maydonga tushadi. Afsuski, 2014 yilda JChdagi janjal sababli u oktyabr oyining so'nggi kunlariga qadar rasmiy uchrashuvda maydonga tusha olmas edi. Shu sababli, klub Suaresni «Barselona B»ga jo'natib yuboradi. Qahramonimiz o'z sport formasini mukammal darajada saqlab turishni uddalaydi va 25 oktyabrda ilk rasmiy uchrashuvida maydonga tushadi. E'tiborlisi shundaki, bu o'yin «Real Madrid»ga qarshi bahsga to'g'ri keladi. Umumiy qilib aytganda, Suares o'zining debyut mavsumini juda yaxshi o'tkazadi. 25 ta gol va 23 ta assist. Mavsum yakunida esa, trebl! Klub tarixidagi eng kuchli uchlik MSN esa, umumiy hisobda 122 ta gol kiritishga muvaffaq bo'ladi.
2015/16-mavsum
Luis Kataloniyaga moslashib olgach, tezda natija ko'rsatishga kirishib ketadi. Qahramonimiz o'zining mavsumdagi ilk golini 2015 yilning 11 avgust sanasida Ispaniya super kubogi doirasidagi bahsda kiritadi. 17 dekabr sanasida Luis ilk bor klublar o'rtasidagi JChda debyut qiladi va «Guanjo» darvozasini uch bor ishg'ol etadi. Final uchrashuvida «River Pleyt» darvozasiga ikkita gol kiritgan futbolchi yakunda musobaqaning oltin medallari bilan taqdirlanadi. Mavsumni ko'tarinki kayfiyatda o'tkazgan urugvaylik yil yakunlariga ko'ra «France Football», «L'equipe» "Marca" nashrlari tomonidan yilning eng yaxshi futbolchilaridan tashkil topgan ramziy jamoadan o'rin egallaydi. Bundan tashqari, ayrim rekordlar ham yangilanadi. Suares Ispaniya chempionatida ketma-ket poker qayd etishni uddalagan birinchi futbolchiga aylanadi. Umumiy hisobda Suares mavsum davomida naqd 59 bor raqib darvozalarini ishg'ol etadi. Assistlar soni esa 24 ta! «So'yloq»ning rekordini tortib olgan hujumchi Pichichi nomidagi sovrinni ham o'ziniki qilib oladi.
2016/17-mavsum
Luis Kataloniyadagi navbatdagi mavsumni ham gollar bilan boshlaydi. Yana o'sha Ispaniya super kubogi va yana o'sha «Sevilya»ga qarshi bahsda qahramonimiz katta sahnaga chiqadi. «La Liga»ni, «Betis» darvozasiga 3 ta gol kiritish bilan boshlaydi. 11 sentyabr sanasida qahramonimiz "Alavezga" qarshi uchrashuvda o'zining »Barselona« libosidagi 100-o'yinini o'tkazadi. Suares 100 bor jamoa sharafini himoya qilgan paytda, uning hisobida 88 ta gol mavjud edi! Shu kunga qadar birorta futbolchi Suares singari 100 lik davonini bu qadar tez bosib o'tmagan. o'sha yilning 16 dekabr sanasida "Barselona" Suares bilan o'rtadagi shartnomani 2021 yilga qadar uzaytirdi. Uning tovon pulini esa, 200 million evro qilib belgilab qo'ydi. 9 fevral sanasida "el pistalero" FIFA tomonidan tuzilgan ramziy jamoadan o'rin egalladi. 1 fevral sanasida esa, qahramonimiz Kataloniya klubi safidagi o'zining 100-golini kiritdi! Buning uchun unga 120 ta o'yin kifoya qildi. 8 mart sanasida Luis afsonaviy 6-1 natijasi qayd etilgan uchrashuvda maydonga tushdi va ikki bor gol kiritishga muvaffaq bo'ldi. Shu tariqa Luis mavsum davomida 51 ta uchrashuvda ishtirok etdi va o'z hisobiga 37 ta gol+18 ta assistni yozdirib qo'ydi.
2017/18-mavsum
Bu mavsumni «Barselona» Ernesto Valverde qo'l ostida boshlaydi. Ko'plab mutaxassislar kutganidek, «chumoli» ichki birinchilikdagi barcha sovrinlari Kataloniya uchun yutib beradi. Bu ishda Luis Suares jamoasiga katta yordam berdi desak, adashmagan bo'lamiz. Mavsum davomida mag'lubiyatsiz o'yinlar ceriyasini 43 taga etkazgan jamoa kutilmaganda «Roma»dan alamli mag'lubiyatni qabul qilib oladi. Shunga qaramay, Suares o'zining yana bir sermahsul mavsumini o'tkazadi. 51 ta o'yin, 31 ta gol va 19 ta assist! Qahramonimiz ketma-ket ikkinchi bor «La Liga»ning eng yaxshi assistentiga aylanadi.
2018/19-mavsum
Yangi mavsumni Ispaniya super kubogidagi g'alaba bilab boshlagan Suares «Primero»ning 10-turida chinakam ajoyib uchrashuv o'tkazadi. "El-klassiko"da xet-trik qayd etgan "el pistalero" ko'p o'tmay Ispaniya kubogi doriasida ham "Real" darvozasiga ikkita gol kiritadi va jamoasini qatorasiga 6 bor musobaqa finalida ishtirok etishini ta'minlaydi. Barchasi ko'tarinki kayfiyatda ketayotgan bir paytda, jamoa "Liverpul"dan alamli mag'lubiyatni qabul qilib oladi. Keyin, kutilmaganda "Valensiya" Ispaniya kubogi finalida g'olib chiqadi. Suaresning o'zi esa, Kataloniya klubidagi eng kamtarin mavsumlaridan birini o'tkazadi. 25 ta gol va 13 ta assist!
2019/20-mavsum
Aynan ushbu mavsum Luis uchun Kataloniyadagi eng yomoniga aylandi. Jamoa umuman sovrinsiz qolib ketdi. Luis esa, mavsumning katta qismini jarohati sababli o'tkazib yubordi. Keyin, tiklanish jarayonini to'liq o'tamay turib maydonga qaytdi. Shunga qaramay, qahramonimiz 21 ta gol va 12 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi.
Shu o'rinda, Suaresning bu mavsumda «Malorka» darvozasiga kiritgan o'zgacha uslubdagi golini alohida yodga olmoqchiman. Sababi, Suaresning bor mahorati aynan shu zarbada aks etgandek go'yo...
Achinarlisi shundaki, juda ko'p faktorlar urugvaylik «el pistalero»ning Kataloniyadagi so'nggi mavsumiga ta'sir ko'rsatdi. Shu sababli, uning klubdan ketish sabablariga to'xtalishni istamadim...
Xo'sh, biz Luis Suaresni sayyoramizning eng kuchli markaziy hujumchisi deb ayta olamizmi? Albbatta! U «Barsa» tarixidagi eng kuchli 9-raqam egasimi? Albbatta, axir u klub tarixida eng ko'p gol kiritgan 3-raqamli shaxs sanaladi! 6 yil davomida klub sharafini munosib himoya qilgan futbolchi 198 ta gol va 109 ta assistni o'z hisobiga yozdirib ketdi! Tan olish lozim, endi Kataloniya klubi muxlislariga Suaresni boshqa jamoa tarkibida ko'rish juda alamli. Sababi, u «Liverpul»dan buyuk futbolchi maqomida klubga kelgan edi. Kecha esa, klubi afsonaviy futbolchi maqomida tark etdi.
Yangi asrda Kataloniya klubi muxlislari nafaqat ulkan zafarlarni, balki og'ir vidolashuvlarni ham juda ko'p ko'rishga majbur bo'lgani rost. Sababi, ularni avvaliga Ronaldino «yig'latib» ketdi. Keyin jamoa yuragiga aylangan Xavi jilmaygancha Qatarga ko'chib ketdi. Ko'p o'tmay Puyol va Inestalar ham ko'zda yosh bilan «Barselona»ni tark etdi. Klub muxlislariga buni his etish juda o'gir, ammo kecha bu holat yana bir bor takrorlandi. Luis Suares ham Kataloniya super klubi tarixida o'z nomini qoldirgancha, muxlislar mehri va ishonchi og'ushida Madridga yo'l oldi.
Suaresni oldinda Diego Semione boshchiligidagi yangi sarguzashtlar kutmoqda. Balki, qahramonimiz futboldagi o'zining so'nggi so'zini aynan «matraschilar» safida aytar?! Balki, u o'zining eng zo'r yillarini «Barselona»ga bag'ishlab bo'lgandir?! savollar juda ko'p, ammo hammasiga oliy hakam - vaqt javob beradi degan umiddaman! «El - Pistalero»ning faoliyatidagi yangi burilish unga omad keltirishiga tilakdoshmiz!
Yahyoxo'ja Ulug'xo'jaev
24-Sentyabr 2020,12:00