EChL guruh bosqichi navbatdagi turida “Kamp Nou”da ajoyib spektaklning guvohi bo'ldik. Faqat bu safar bosh rolda “Barselona” emas, mehmon jamoa bo'ldi.
Guruh bosqichida “Barselona”ga raqib bo'lgan “Slaviya” Kataloniya klubi muxlislari va mutaxassislar nazdida tayyor go'shtdek ko'ringandi. O'shanda “Barselona” mehmonda zo'rg'a g'alaba qozonadi, uyida esa durang o'ynaydi, deyishsa, ishonmasdik, balki. Ammo maydon tekis, to'p yumaloq, “Slaviya” “Barselona”dan ochko tortib oldi.
Bugungi nursiz durangning asosiy sababi — Valverdening “Slaviya” o'yinini etarlicha o'rganmagani va raqibning taktikasiga qarshi taktika topa olmagani. Vaholanki, bundan oldingi o'yin ham aynan Chexiya klubiga qarshi bo'lgan, o'shanda ham Praga jamoasi qanday o'ynashini namoyish etgandi. Birinchi o'yinda “Barselona”ga omad kulib, ming mashaqqat bilan zafar quchgandi. Buni qarangki, jamoa ikkinchi o'yinda buning ham uddasidan chiqa olishmadi.
O'yin jihatidan hech qanday muammo yo'q: “Barselona” to'p bilan muomala qilish borasida ustunlik qildi, hujumlar ham uyushtirdi, raqib posboni 5-6 vaziyatda jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Qolgan vaziyatlarda esa “Slaviya” himoyasi mustahkam o'ynadi. Futbolchilardan nolish noto'g'ri, ular murabbiyning ko'rsatmasini bajarishdi.
“Slaviya”dek jamoalarga qarshi ayyorona o'yin ko'rsatish talab etiladi. Murabbiylar shtabi raqibning o'yinlarini ko'rib, qanday himoyalanishini ko'rishi va ana shu himoyalanishdagi nuqsonni topa bilishi lozim edi. Chunki kamchiliksiz narsaning o'zi yo'q. Tabiiyki, chex klubining himoyasi ham kamchilikdan mustasno emasdi. Shunchaki Valverde boshliq murabbiylar shtabi buni uddalay olishmadi. O'yinda murabbiylar imzosi sezilmadi.
“Slaviya”ga qoyil qolmay iloj yo'q. Jamoaga bosimsiz o'ynagani ham foyda berdi. Ayniqsa, o'z jarima maydonida shunchalik xotirjam o'ynadiki, hatto raqib futbolchilari ham ajablangan bo'lishsa kerak. Darvozabonning fintlarida ham xotirjamlik bor edi hatto.
Praga jamoasiga ham omad etishmadi qaysidir ma'noda. Agar “Slaviya” safida sovuqqonroq hujumchi bo'lganida klub “Kamp Nou”da tarixiy g'alabaga erishishi mumkin edi. Tan olish kerakki, bugun mehmonlar durangga ham rozi bo'lib o'ynashdi, bu esa g'alabaga olib boradigan yo'lni biroz qiyinlashtirdi. Ayniqsa, o'yinning oxirgi daqiqalarida “Slaviya” yaxshi vaziyatga ega bo'lgandi, lekin vaqtni cho'zib, durangga intilish hissi kuchliroq bo'ldi.
“Barselona”dan farqli ravishda bugungi “Slaviya”da bosh murabbiyning imzosi yaqqol sezildi. Murabbiy shogirdlarini Evropaning grand jamoasiga qarshi o'yinga shunday tayyorlabdiki, “Kamp Nou”da, o'zlari o'ynashni orzu qilib yurgan stadionda futbolcha zarracha hayajonlanishmadi.
Istashsa, aldashdi, istashsa, zarba berishdi. Hatto “Atletiko” kabi kuchli jamoalar ham Kataloniyada bunchalik xotirjam o'ynashmaydi.
Bugungi o'yin durangga arzirmidi? Ha. “Slaviya” bugun “Barselona”dan ochko olishga munosib edi.
Agar Valverde keyingi o'yinlarga ta'sir ko'rsatishni yo'lini topa olmasa, hozirgidek omadsiz yurishda davom etaversa, ehtimol, mavsum oxirigacha bormasligi ham mumkin. Shu bois vaziyatga yanada jiddiyroq yondashmasa, vaziyatni chuqurroq tahlil qilib, biror chora topmasa, keyingi safar “Slaviya” kabi jamoa “Barselona”ni mag'lubiyatga uchratishi ham mumkin. Hozir Kataloniya klubi taktik jihatdan ham, ruhiy jihatdan ham qiynalmoqda.
5-Noyabr 2019,01:20
BARASANI O'YINIGA TEZLIK TEMP QANOTLARDAN TEZLIK BILAN KIRIB KELISH VA ENG ASOSIYSI QARSHI HUJUM YETISHMAYABDI
Javob
O'qildi: 51 - Fikirlar: 0