Tashqarida qor va anchayin sovuq ob-havoda kuchli 5 lik chempionatlari, futbol ishqibozlariga yuqori harorat, yoqimli hordiq va ko'tarinkilik bera olishi shubhasiz. Terma jamoa yig'inlariga ajratilgan muddat nihoyasiga etib, o'z klublari ixtiyoriga etib kelgan suyukli futbolchilar ishtirokidagi o'yinlar esa yanada maroqli.
Bugun tunda, mana shunday klublar va futbolchilar ishtirokida Ispaniya LaLigasi 10 turining markaziy bahsi, “Vanda Metropolitana“da, mezbon “Atletiko Madrid“ hamda mehmon “Barselona“ o'rtasida kechadi.
“Atletiko Madrid“ yildan yilga o'z darajasini oshirib bormoqda. Diego Simeone uslubida biroz o'zgarish sezilishi mumkin, ammo asl falsafa o'sha-o'shaligicha qolmoqda. Buni, ortda qolgan 10 tur mobaynida eng kam, 2 ta gol o'tkazilganligi ham ko'rsatib turibdi. Demakki, jamoa himoyaviy o'yin borasida hozir ham har qanday raqibga bosh og'riq bo'la oladi. Shuning barobarida gollar yomg'irni yog'dirishi ham ehtimoldan holi emas. Raqobatchilardagi vaziyat, qolaversa Madrid jamoasining bu yilgi shashti fonida “matraschilar“ning aynan ushbu mavsumda Ispaniya chempionligi minbariga chiqish imkoniyatiga yuqoriroq baho berish mumkin. Qo'shimcha omil sifatida, asosiy futbolchilar o'z o'zidan etakchiga aylanayotganini ham keltirish o'rinli. O'tgan mavsum o'ziga o'xshamagan Joau Felishni jamoa muxlislari endi-endi taniyapti, Markos Lorente ham oldingi chiziqda muhim figuraga aylangan, Kataloniyadan ko'chib kelgan Luis Suares tezlikda sermahsullik namoyish etayotgani(boshqacha bo'lishi ham mumkinmi?),Tomas Partey transferidan so'ng maydon markazidagi bo'shliqni to'ldirishi uchun olib kelingan Lukas Torreyraning jamoaga ijobiy qo'shilib keta olishi qisqa qilib aytganda, ko'zga ko'rinarli yaxlitlik yuzaga kelgan. Yana bir etiborga molik jihat, Simeone shogirdlari Primeroda hali maglubiyat alamini totib ulgurmagan. Ko'rinib turibdiki, barqarorlik borasida bugun mezbon maqomidagilar etarlicha xotirjam.
Ronald Kuman va uning “Barselona“si haqida bugungacha juda ko'p va xup gapirildi. Bu yog'iga jamoani kuzatish va natijalarni tahlil qilish o'rinli. O'z o'yinini topib borayotgan kataloniyaliklarda ijobiy o'zgarishlar sekin-astalik bilan ko'zga tashlanmoqda. Murabbiy ishonch bildirayotgan futbolchilar bu ishonchni maksimum oqlashmoqda deyish mumkin. Eskilari ham o'z darajasida. Bir masala bor, u ham bo'lsa, Kuman "LaMasiya" tarbiyalanuvchilariga unchalik ham hozirjavob emas, hozircha. Ammo, doim natija birlamchi ekanligini hisobga olsak, bu qanchalik xavotirli degan savolga har qanday rotatsiya uning rejasida bo'lgan murabbiygina javob bera oladi.
Bugungacha, ko'rsatgichlar tobida. Jamoa, niderlandiyalik mutaxassis qo'l ostida o'tkazgan jami 13 uchrashuvdan 9 tasida zafar quchgan, qolganlarida 2 durang va 2 mag'lubiyat qayd etgan. Ushbu jamoadan ko'plab pozitivlarni izlab topish mumkin, lekin Messining Kataloniyadagi keyingi faoliyati so'roq ostidalkligi va bu holat jamoaning boshqa yorqin vakiliga ta'sir ko'rsatishi yagona va ko'lami katta negativni yuzaga keltirishi ayon. Ha, so'nggi vaqtlarda Leo Messi hamda Antuan Grizmann o'rtasidagi munosabatlar samimiy emas, Messi, frantsuzning muvaffaqiyat eshiklarini yopib turibdi deguvchilar talaygina. Ammo bu fikrlar qanchalik asosli yoki yuq buni 90 daqiqalik, maydondagi harakatlarda tulaqonli asoslanmayapti. Faqatgina, futbolchining jamoa safidagi qovushmagan o'yiniga faqat o'zi sababchi degan tahminiy xulosa mavjud.
Darvoqe, bugungi bahs Antuan uchun ham bo'lakcha ahamiyatli bo'lsa ajab emas. Futbolchi, Atletikoga qarshi jami 10 marotaba to'p surib(shundan 2 tasi Barselona tarkibida), biron marta gol urmagan.
Umuman olganda, hisob-kitoblarga ko'ra bu yog'iga hammasi ijobiy tomonga burilishi kerak, aslida. Inqilobiy o'zgarishlarni esa yangi, rasmiy rahbariyat saylangan keyin kutish haqiqatga yaqinroq. Aks holda, bir necha yildan beri takrorlanib kelayotgan xatolarni jamoa muxlislari ortiq hazm qila olishmasa kerak.
Tomonlar bugunga qadar umumiy 235 bora to'qnash kelishgan bo'lib, shundan 105 o'yinda “Barselona“ustunlik qilgan bo'lsa, 75 marotaba “Atletiko Madrid“ning qo'li baland kelgan. 55 o'yinda jamoalar duranga imzo chekishgan. Bugun oqshomda, “ko'kanorranglilar“safida 800 chi rasmiy bahsini o'tkazishi kutilayotgan Messi, Madrid jamoasiga qarshi kechgan 41 o'yinda 32 bor raqiblari darvozasini ishg'ol etgan. Aynan“Vanda Metropolitano“da kechgan so'nggi 3 ta qarama-qarshilikda mezbonlar zafar qucha olishmagan. 2 durang, 1 mag'lubiyat.
Murabbiylar fikrlari
Ronald Kuman(Barselona) Ertaga muhim uchrashuv va biz yaxshi natijaga erishishimiz kerak. Bu turnir va psixologik nuqtai nazardan ham muhim.“Atletiko“ har mavsumda sovrinlar uchun kurashadigan kuchli raqobat taklif etadigan jamoa. Biz esa g'alaba qozonish uchun o'z futbolimizni o'ynashimiz kerak. Messining ketishi? Yo'q, men Messini “Barcelona“dan tashqarida tasavvur qila olmayman.Griezmann juda yaxshi harakat qilmoqda. U haqiqatan ham yanada yaxshilanishga harakat qilmoqda.”
Diego Simeone(Atletiko Madrid) “Har bir o'yinda g'alaba qozonish uchun imkoniyat bor. Biz o'z futbolimizni o'ynashga harakat qilamiz va bu ularga muammo tug'diradi deb o'ylayman. Hozirda ushbu jamoa yangilanmoqda deyish mumkin. Bu o'yin biz uchun qiyin bo'ladi, lekin biz uzoq vaqtgacha ko'zlangan natijaga erishishga harakat qilamiz.“Barcelona”ning eng yaxshi sifati bu-klubning maqsadi bor. Ular atrofdagilarning gaplariga ahamiyat bermaydilar.”
Duel
Bugungi bahsda nafaqat dunyoning eng kuchli klublari balki, eng kuchli darvozabonlari Yan Oblak va Ter Shtegen o'rtasida ham qarama-qarshilik yuzaga keladi. "Barselona"ning germaniyalik posboni o'tgan mavsum barcha musobaqalarda, 46 o'yinda maydonda harakat qilib, shundan 17 bora o'z darvozasi dahlsizligi saqlab qolgan."Atletiko"ning Sloveniyalik darvozaboni esa, jami 49 o'yindan maydonga tushib, shudan 22 tasida “quruq o'yin“ qayd etishga muvaffaq bo'lgan.
Tahminiy tarkiblar
“Atletiko Madrid“: 13 Yan Oblak Yan, 2 Xose Ximenes, 15 Stefan Savich, 23 Kiran Tripper, 22 Mario Ermoso, 21 Yannik Karrasko,14 Markos Lorente, 6 Koke ,8 Saul Niges, 10 Anxel Korrea,7 Joau Felish
“Barselona“: 1 Ter Shtegen, 3 Xerard Pike, 15 Kleman Lengle, 18 Xordi Alba, 20 Serxi Roberto,21 Frenki de Yong, 8 Miralem Pyanich , 16 Pedri,10 Lionel Messi, 11 Usman Dembele, 7 Antuan Grizmann
Yo'qotishlar.
Diego Simeone, Lukas Torreyra va Luis Suareslardan kovid-19 tufayli foydalana olmaydi. Suaresning asosiy tarkibdagi o'rni muhimligini hisobga olib, “El pistolero“ni jiddiy yuqotish deyish mumkin. Aslida, hamyurtlar, terma jamo yig'inida o'shbu kasallikni yuqtirib olishgan. Himoyachi Shimi Vrsalko uzoq muddatlik jarohatidan tiklanganicha yuq. Bundan tashqari yarimhimoyachi Ektor Erreyra ham jamoasiga yordam bera olmaydi.Ronald Kuman esa, tayanch hududda Serxio Busketsning yordamidan mosuvo bo'lgan. Futbolchi, Ispaniya termasida jarohatga yuliqqan. Shuningdek, himoyachilar Samuel Umtiti va Ronald Arauxo, hamda jiddiy yuqotish hujumchi Ansu Fati jarohat sabab o'yin uchun qaydnomaga kirishmagan. “Golden Boy” sovrinida ikkinchi o'rinni egallagan Fati, Barsa hujum chizig'i va Kuman rejalarining muhim bo'lagi hisoblanishi turgan gap.
Dadajon Foziljonov tayyorladi
21-Noyabr 2020,23:40
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0