Stadion.uz «Oltin to'p»ni qo'lga kiritgan futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoani e'tiboringizga havola etadi.
Darvozabon. Lev Yashin
1963 yilda «Dinamo» klubi posboni dunyoning eng kuchli darvozaboni sifatida tan olinadi. E'tiborlisi shundaki, Yashin ushbu sovrinni qo'lga kiritgan yagona darvozabon sifatida tarixda qoldi. Bundan tashqari, uni ko'plab nashrlar barcha zamonlarning eng yaxshi Darvozaboni deb ham tan olgan.
Himoyachilar. Fabio Kannavaro
2006 yilda Italiya terma jamoasi Jahon chempionatida g'olib chiqadi. Ushbu yurt termasi butun musobaqa davomida tartibli himoya bilan boshqalardan ajralib turadi. Aynan shu kuchli himoya yakunda musobaqaning oltin medallarini Italiyaga taqdim etadi. Ushbu himoya esa, Kannavaroning mehnati evaziga deyarli bexato o'z ishini bajaradi. "France Football" esa, mavsum so'nggida sovrinni haqli ravishda Kannavaroga topshiradi.
Mattias Zammer
1990 yildagi GDR bilan mundialda ishtirok etgan himoyachi oradan 6 yil o'tib sayyoramizning eng kuchli futbolchisiga aylanadi. To'g'ri, so'rovnomada atigi 1 ta ko'proq ovoz to'plash orqali g'oliblikni qo'lga kiritgan, ammo fakt bu fakt!
Frans Bekkenbauer
Ushbu futbolchini ramziy jamoamizning sardori deb atasak, adashmagan bo'lamiz. Qahramonimiz o'z faoliyati davomida 2 bor «oltin to'p»ga ega chiqqan. U boshchiligidagi «Bavariya» uch bor ketma-ket Evropa chempionlar kubogida zafar quchishga muvaffaq bo'lgani e'tiborga molik. Maydonda aql bilan ish ko'ruvchi futbolchi FIFAning barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchilaridan biri sanaladi.
Yarim himoyachilar. Zidan
1998 yildagi JCh qahramoniga «oltin to'p»ni bermaslikning imkoni yo'q edi. Zizu shu qadar yorqin futbol namoyish etdiki, hatto hech kim so'rovnoma qanday yakunlashini bilan ham qiziqmay qo'ydi. Aynan u ramziy jamoamizning yarim himoyachilari ro'yxatini ochib beradi.
Yohan Kroyf
Kroyf o'z faoliyati davomida turli pozitsiyalarda to'p surishga ulgurdi. Shunday bo'lsada, biz uni hujum boshlovchi yarim himoyachi sifatida tanlab oldik. Qahramonimiz naqd 3 bor «oltin to'p»ni o'ziniki qilgan bo'lsada, JChda g'alaba qozonishni uddalay olmadi. Shunga qaramay, uning buyukligiga bu omil zarracha ta'sir ko'rsatgani yo'q.
Mishel Platini
Hujumchi ortidagi xavfni Mishel Platini sodir etadi. E'tiborlisi shundaki, Platini ketma-ket 3 bor «oltin to'p» sovrinini boshi uzra ko'tarishga muvaffaq bo'lgan. Ayniqsa, Evro 84 musobaqasidagi g'alaba uni tarixda abadiy qolishini ta'minladi desak, adashmagan bo'lamiz.
Hujumkor qanot futbolchilari
Krishtianu Ronaldu
Krish bugungi ramziy jamoamizda chap qanot vingeri sifatida o'rin egalladi. naqd 5 bor «oltin to'p»ni o'ziniki qilgan shovvoz to'xtamoqchi emas. Krishni futbolchi sifatida u qadar xushlamaydigan insonlar ham mavjud, ammo uning maydonda o'z mehnati bilan erishgan yutuqlarini barcha tan oladi.
Leonel Messi
Ronaldu esga olingan chog'da, albatta Messi haqida so'z ochilishiga o'rganib qolganimizga 10 yildan oshib ketdi. Afsuski, klublar miqyosidagi omad unga terma jamoada nasib etmadi. Omadsiz o'tgan JChlardan so'ng, futbolchi og'ir ruhiy bosim ostida qolib ketadi, biroq bu unga 6 bor «oltin to'p»ning egasi bo'lishiga to'sqinlik qilgani yo'q.
Markaziy hujumchilar. Marko Van Basten
«Oltin to'p»ni qo'lga kiritgan hujumchilar juda ko'p, ammo biz aynan gollandiyalik afsonani tanladik. Sababi, uning og'ir jarohatlarga qaramay katta marralarni zabt etgani ko'pchilikning yodidan ko'tarilmagan bo'lsa kerak. 30 yoshga to'lmay turib katta futbolni tark etgan bo'lsada, Marko «oltin to'p»ni 3 bor o'ziniki qilib olishga ulgurib qoldi. Evropa chempionatidagi g'alabasi esa, unga tarixda abadiy qolish imkonini yaratdi.
Ronaldo
Ramziy terma jamoamizning «erkatoy» futbolchisi sifatida Ronaldoni ko'rsatishimiz mumkin. «So'yloq» butun karerasi davomida ortiqcha vazn muammosi bilan kurash olib bordi. Shunday bo'lsada, bu unga mundialda g'alaba qozonishiga qarshilik qilgani yo'q. Og'ri jarohatlar, ortiqcha vazn muammosi ham qahramonimizni barcha zamonlarning eng yaxshi hujumchisi bo'lishiga qarshilik ko'rsata olmadi. Futbolchi «Barsa», «Real», «Inter», «Milan» singari qarama-qarshi jamoalar sharafini himoya qilganiga qaramay, uni barcha birdek sevadi. Uning o'yinlaridan zavqlanmagan muxlis bo'lmasa kerak.
21-Noyabr 2020,21:20