Stadion.uz anchagina katta yoshni urib qo'ygan bo'lsada, dunyoning eng kuchli klublarida bemalol to'p surayotgan futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoani e'tiboringizga havola etadi.
Darvozabon: Janluiji Buffon
O'zining 42 yoshida ham ortiqcha muammosiz «zebralar» sharafini himoya qilayotgan futbolchini tirik afsona desak, adashmagan bo'lamiz. U rekordlarni yangilashdan charchamayapti. Jiji nafaqat kuchli darvozabon, balki chinakam etakchi. Uning tarkibda bo'lishi «Yuve» futbolchilari uchun qo'shimcha kuch bag'ishlaydi.
Himoyachilar: Pepe
Pepe «Real Madrid» jamoasi safidan 2017 yilda ketgach, Turkiyaning «Beshiktash» klubidan qo'nim topdi. Shu bois, uni muxlislar biroz unutib qo'yishgan edi. Shunga qaramay, u vataniga qaytdi va «Portu» bilan shartnoma imzoladi. Hozirda u 37 yoshda, ammo jamoaning asosiy figuralaridan biri sanaladi.
Jorjo Kellini
Kellini ham «Yuventus»ning eski gvardiyasi a'zosi sanaladi. 36 yoshda bo'lishiga qaramay, uning yo'qligi maydonda darrov sezilib qoladi. Ikkinchi qavatdagi kurashlarda faol, maydonda joy tanlashda adashmaydigan himoyachi bilan «Yuvetus» xayrlashmoqchi emas. Italiya nashrlarining ma'lum qilishicha, klub u bilan o'rtadagi shartnomani yana uzaytirishga tayyor. Yuriy Jirkov
37 yoshli Jirkov 2008 yildagi Evropa chempionatida porlagan edi. E'tiborlisi shundaki, u deyarli tempni tushirgani yo'q. Shu yoshida ham RPLning eng chaqqon futbolchilaridan biri sanaladi. E'tiborlisi shundaki, u hali-hamon terma jamoadan chaqiruv olib turadi.
Dani Alves
Sayyoramizdagi eng sovrindor futbolchi ayni damda Braziliyaning «San Paulo» klubi a'zosi sanaladi. 37 yoshda ham 90 daqiqa to'liq harakat qilayotgan qanot himoyachisiga qoyil qolmaslikning imkoni yo'q. So'nggi ma'lumotlarga qaraganda, u faoliyatini Argentinada - «Boka Xuniors» safida davom ettirishi mumkin ekan. Bundan ko'rinib turibdiki, Dani hali-beri butsalarini mixga ilmoqchi emas.
Tayanch yarim himoyachisi: Fernandino
Pep Gvardiolaning universal soldati sanalgan Fernandino ham bugungi ro'yxatimizdan o'rin olishga haqli. 35 yoshda bo'lishiga qaramay, uning «shaharliklar» uchun muhim figura ekanligi hech kimga sir emas. 2013 yilda Angliyaga ko'chib o'tgan futbolchini bemalol «Siti» tarixidagi eng yaxshi transferlardan biri deya olamiz. Transfermarkt nashrining ma'lum qilishicha, Fernandino yozda Braziliya klublaridan biri bilan 2 yillik shartnoma imzolamoqchi ekan. Demak, biz uning o'yinlarini yana bir necha yil tomosha qilishimiz mumkin.
Markaziy hujumkor yarim himoyachi: Andres Inesta
Kataloniyaning «Barselona» klubi afsonasi bugungi kunda Yaponiyada to'p surmoqda. U hozirda 36 yoshda. Shunday bo'lsada, «Vissal Kobe»ning sardori va chinakam etakchisi sanaladi. Eng muhimi, u klub tarkibida yosh futbolchilar uchun chinakam namuna. Katta ehtimol bilan, qahramonimiz shartnomasi yakunlangach, butsalarini mixga ilib yuboradi.
Chap qanot yarim himoyachisi: Frank Riberi
Deyarli butun faoliyati «Bavariya»da o'tgan Riberi 2019 yilda «Fiorentina» bilan shartnoma imzoladi. U og'ir bo'lsada, Myunxen klubining rivojiga hissa qo'shishga qaror qildi va yoshlarga yo'l ochdi. Bugungi kunda 37 yoshli futbolchi «a seriya»da o'zini ko'rsatish bilan band. Futboldan ketish haqida hatto o'ylamayapti ham...
O'ng qanot yarim himoyachisi: Kuarejma
Portugaliyalik futbolchining faoliyati juda qiziq. U «Barselona», «Chelsi». «Portu», «Beshiktash» va «Inter» singari grand klublari sharafini himoya qilgan bo'lsada, hech qaerda 4 yildan ortiq to'p surmagan. Bugungi kunda 37 yoshli futbolchi o'z kuchini Portugaliyaning «Vitoria» safida sinab ko'rmoqda.
Markaziy hujumchi: Zlatan Ibrahimovich
Zlatan bugungi kunda «A seriya»ning eng yaxshi to'purarlaridan biri sanaladi. Tan olish lozim, uning «Milan»ga qaytishi muxlislarning qalbida umid uchqunlarini paydo qildi. Futbolchi klub uchun chempionlikni va'da qilmoqda. Agar u shu ishni 39 yoshda uddalasa, unga o'ylab o'tirmay «oltin to'p»ni topshirish mumkin!
Markaziy hujumchi: Ronaldu
Ronaldu haqida ortiqcha gap-so'z bo'lishi mumkin emas. O'zining 35 yosh bo'lishiga qaramay, u maydonda 23 yoshli yigitlardek ter to'kadi. Ayrim olimlar uning tanasi 25 yoshli yigitlarnikidek ekanligini ma'lum qilishmoqda. Futbolchining o'zi 40 yoshga qadar to'p surmoqchi ekanligini yashirib o'tirmaydi. Hozirda uning oldiga qo'ygan asosiy vazifasi Turin klubi bilan Evropa chempionlar ligasida g'alaba qozonish.
20-Dekabr 2020,03:00