Klublar o'rtasidagi jahon chempionati har yili o'z qit'asi chempionlari va bir mezbon jamoa ishtirokida bo'lib o'tadi. Turnirda qaysi qit'a vakillari yoki qaysi davlat klublari ko'proq sovrin yutgan? Hozir, mana shu savolga javob olamiz!
Ushbu chempionat hozirgi vaqtgacha 16 bor o'tkazilgan. Ushbu musobaqani qabul qilish bo'yicha rekord Yaponiyaga tegishli, 8ta. BAA 4 marotaba mezbonlik qilgan bo'lsa, Marokashda 2 marta o'tkazilgan. Shuningdek, bu baxtga Braziliya va Qatar davlatlari 1 bor muyassar bo'lgan. Eslatib o'tamiz, ayni damda Qatarda ushbu turnir ikkinchi bor o'tkazilmoqda.
Chempionatda eng ko'p Evropa klublari g'alaba qozongan. Ular 12 bor turnirda zafar quchgan bo'lsa, Janubiy Amerika qit'asi vakillari 4 bor ushbu turnir kubogini boshlari uzra baland ko'targan. Qolgan qit'a vakillari esa hozircha chempionlikni nishonlamagan.
Chempionlik borasida Ispaniya klublari yaqqol peshqadam. Ispan klublari 7 bora bu sovrinni qo'lga kiritgan. Braziliya vakillari 4 marta ushbu turnirda zafar quchgan bo'lsa, Angliya va Italiya jamoalari 2 martadan ushbu sovringa egalik qilgan. Germaniyadan ushbu turnirda yagona chempion "Bavariya" hisoblanadi. Myunxeliklar bugun navbatdagi finalda maydonga tushishadi.
Kumush medallar borasida Konmebol jamoalari yaqqol peshqadam. Ular 9 marotaba finallarda mag'lub bo'lgan. Ko'hna qit'a jamoalari esa 3 marta kumush medalni qo'lga kiritgan. Konkakaf va Osiyo jamoalari 2 bor finalga etib kelib, mag'lub bo'lgan.
Osiyo jamoalari bronza medallar masalasida etakchi hisoblanadi. Ular 6 marotaba 3-o'rinni band qilgan. Konkakaf jamoalari 5 marta bronza medalni qo'lga kiritgan. Konmebol esa 3 bor 3-o'ringa loyiq ko'rilgan. Faqat bir bora Okeaniya jamoasi bronza medalni qo'lga kiritgan.
Mana shu natijalar ham aslida qaysi qit'ada klublar futboli qay darajada ekanligini ko'rsatib beradi. Shunday ekan, klublar futboli bo'yicha natijalarga qarab reyting tuzadigan bo'lsak, quyidagicha tartibda joylashtirsak bo'ladi.
1.Evropa
2.Konkakaf
3.Osiyo
4. Konkakaf
5. Okeaniya
6. Afrika
Xudayqulov KARIM
11-Fevral 2021,15:00