«Barselona» futbol klubining sobiq prezidenti Xosep Mariya Bartomeu hibsga olindi, deya xabar qilmoqda Cadena SER.Kataloniya politsiyasi 1 mart kuni «Barselona» ofisida tintuv o'tkazgan. Ularni klubning moliyaviy, yuridik va normativ-huquqiy bo'limlari qiziqtirmoqda.Bartomeudan tashqari klubning sobiq bosh direktori Oskar Grau va jamoaning yuridik ishlariga javobgar bo'lgan Roman Gomes Ponti ham hibsga olingan.Ta'kidlanishicha, politsiya 2020 yilning fevralida yuzaga kelgan «Barsageyt» mojarosi yuzasidan tergov boshlagan.O'shanda «Barselona» I3 Ventures marketing kompaniyasi bilan hamkorlikda ijtimoiy tarmoqlarda Bartomeuning himoyasi bilan shug'ullangani, shuningdek, Lionel Messi, Xerard Pike va boshqa futbolchilarga nisbatan negativ kayfiyatni yuzaga keltirishga uringani ma'lum bo'lgandi.Biroq Bartomeu bu voqealarga aloqadorligini inkor etgan va audit tekshiruvi «Barselona»ning ijtimoiy tarmoqlardagi vaziyatga aloqasi borligini tasdiqlamagan edi. Bu voqealardan keyin klubning qator mutasaddilari ishdan ketgandi.Bartomeu esa 2020 yilning oktyabrida muddatidan avval «Barselona» prezidentiligi lavozimini tark etishga majbur bo'ldi.
1-Mart 2021,17:50
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0