«Barselona» qaysi davrda bo'lmasin o'zining yulduzli tarkibi bilan har doim muxlislar diqqat markazda bo'lib kelgan. Albatta bu erda La Masiya effektini ham alohida e'tirof etish joiz.
Biroq shu bilan birga «ko'k-anorrang» futbolkada bir necha yillar mobaynida o'ynaganiga qaramay klubda o'zining bor yoki yo'qligini bildirmay ketgan futbolchilar ham talaygina topiladi. Bu gal biz «Barselona» safida harakat qilib o'z o'yin uslubi bilan aytarli ko'zga tashlanmagan yulduzlar xususida qisqacha to'xtalamiz. Siz ularni «Barselona»da o'ynaganini bilarmidingiz?
Rikardo Kuarejma (2003-2004)
Portugaliya milliy terma jamoasidagi o'sha mashhur brilliant gollarini urib yurgan Kuarejma ham bir paytlar «Barsa» safida to'p tepganidan ko'pchilikning xabari bo'lmasa kerak. Umumiy faoliyati davomida o'ndan ziyod klubda harakat qilgan qahramonimiz balki shundan bo'lsa kerak o'zining Kataloniyadagi o'yinlari bilan maqtarli davrni boshidan kechirmadi.
Rikardo bu erga ko'chib o'tganida hali o'zining pik formasiga chiqib ulgurmagan edi va bu erdagi bir yillik faoliyati davomida shundayligicha ham qoldi. «Sporting»dagi g'aroyib harakatlaridan kelib chiqib yosh va umidli deya jamoaga taklif etilgan yigitcha o'sha paytdagi murabbiy Radomir Antichning ishonch va e'tirofini deyarli oqlay olmadi. U o'ziga imkon berilgan 22 ta o'yinda raqiblari darvozasini atigi bir martagina ishg'ol eta oldi xolos. Tabiiyki, bu uning jamoada qolish yoki qolmasligi borasidagi savollarni rahbariyat oldida ko'ndalang qilib qo'ygan edi. Xuddi shu paytlar klubda murabbiylar almashinuvi yuz beradi.
Jamoa bosh postiga katta rejalari bilan tayinlangan Frenk Raykard Kuarejma o'yinlaridan allanimalarnidir izlay boshlaydi. U qahramonimizga ko'proq o'yin amaliyoti berishga harakat qilib ko'radi. Biroq portugal niderlandiyalik mutaxassisning ishonchlarini yana chippakka chiqara boshlaydi, bu orada u birorta ham samarali natijani qayd etolmagan. Endi uning jamoada qolishiga o'zi ham ishonmay qoladi. «Barselona» safarini Kuarejma faoliyatidagi katta maktab sifatida baholasak bo'ladi. Uning uchun bu klub haqiqiy tramplin vazifasini o'tab berdi.
Mikel Arteta (1999-2002)
Arteta nomi eslansa muxlislarning fikr-xayolida Premer-liga va «Arsenal» bilan bog'liq xotiralar aylanishi shubhasiz. Albatta, bu gapda haqiqatan ham jon bor. Aksariyat ishqibozlar Mikelni garchi ispan bo'lishiga qaramay «Barselona» tarbiyalanuvchisi ekanligini bilishmaydi ham. Arteta «Barselona» akademiyasiga 2007 yili kelib qo'shiladi. Bu erdagi ikki yillik davrida u murabbiylar shtabi va selektsionerlarga bor qobiliyati va mahoratini ko'rsatishga ulgurgan edi.
Shundan so'ng bosh jamoa safiga ham chaqiruv olgan yigitcha kutilmaganda birdaniga yulduzlar orasiga «ko'milib ketdi». Tarkibida De Bur, Gvardiola, Enrike va Rivaldolar bor jamoada Mikel o'z imzosini yarata olmadi. 3 yil ichida uning bu kabi yulduzlar darajasiga chiqishi ancha mushkul ish edi. 42 uchrashuvda atigi 3 ta gol urgan yarimhimoyachi shundan so'ng «PSJ»ga ijaraga berib yuboriladi. Shundan so'ng u bir muddat «Reyndjers» hamda «Real Sosedad» safida ham ko'rinish berdi.
Biroq, Arteta uchun haqiqiy muvaffaqiyatli davr u Premer-ligaga ko'chib o'tganidan so'ng boshlanadi. Uning taqdiri dastlab «Everton», so'ngra «Arsenal» bilan bog'landi. 2011-16 yillar davomida biz «kononirlar» safidagi haqiqiy lider Artetani taniy boshladik. Darhaqiqat qahramonimiz APLdagi natijalari bilan havas qilarli ko'rsatkichlarni qayd etgan. U jami 12 yillik faoliyati davomida 51 gol va 44 ta samarali uzatma muallifiga aylandi. Nominal pleymeyker uchun bu albatta yomon natija emas. Shundan so'ng bir qancha muddat Gvardiola yonida murabbiylik sirlaridan saboq olgach, bugunga kelib o'z suyukli jamoasida ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Xuan Rikelme (2002-2003)
Mashhur Rikelme o'zining eng gullagan davrlarini «Boka Xuniors»da o'tkazgan. O'sha paytlari Argentinadan porlayotgan yulduzlarga bor e'tiborini qaratgan Katalon rahbariyati Xuanni tanlashda adashmagan. Bir so'z bilan aytganda, ushbu futbolchi Ispaniyaga ma'lum bir darajani egallab bo'lgach tashrif buyuradi. Uning transferi «Barsa»ga 10 million evroga tushgan edi. Asrimiz avvali uchun bu yaxshigina summa hisoblangan. Biroq, 2002 yildan 2005 yilgacha «ko'k-anorrang» futbolkada to'p tepgan Rikelme bu erda o'zining Argentinadagi potentsialini namoyish eta olmadi.
U 3 yillik vaqt mobaynida «Barselona»da 30 ta o'yinda maydonga tushib o'z hisobiga bor yo'g'i 3 ta golni yozdirib qo'ydi. Asli ampulasi hujumchi bo'lgan Xaun uchun bu ancha yomon ko'rsatkich edi. Qahramonimizning «Barselona»da o'yini ochilib ketmaganiga asosiy sabab qilib uning o'sha paytdagi bosh murabbiy Lui van Gal bilan salbiy mubosabatlarini keltirish mumkin.
Niderlandiyalik murabbiy uni aksariyat o'yinlarda qanotlarga joylashtirgan. Biroq hujumkor yarimhimoya zonasida o'ynab yurgan futbolchi uchun tabiiyki bu holat yoqmagan. Shunday qilib «Barselona»dan o'z omadini topolmagan yulduz «Vilyarreal»ga sotib yuboriladi. Bu erda Rikelmening haqiqiy qobiliyatlari ochila boshlaydi. U «sariq suvosti kemasi» safida 40 ta uchrashuvda 27 ta gol urgan, markaziy bahslarda jamoaning asosiy liderlaridan biriga aylana oldi. Shundan so'ng Kataloniya rahbariyati kimdan ayrilganini his qila boshladi.
Maksi Lopes (2005-2007)
Nomi keltirilgan qahramonimiz ham «turist» futbolchilar sirasiga kiradi. U faoliyati davomida naq 14 ta klub sharafini himoya qilgan. «Barselona»ga amalga oshirilgan transferini esa mutlaqo kutilmagan jarayon sifatida baholasak bo'ladi. Maksining «Barsa»da jarohatdagi futbolchi Henrik Larssonga o'rinbosar sifatida qaralgan va 2005 yilning yanvarida «River Pleyt»dan 6 millon evaziga xarid qilingan.
Lopes debyut o'yinidayoq Chempionlar ligasi doirasida «Chelsi» darvozasini ishg'ol qilgach, ommaning e'tiborini qozondi. Biroq navbatdagi 12 oy davomida rosmana sokin davrni boshidan o'tkazdi (1gol). U debyut o'yinidagi shiddatni qolgan bahslarda ham namoyish eta olmadi. Bu bilan Lopesni o'ziga bildirilgan ishonchlarni umuman oqlay olmadi deya aytish mumkin. Tabiiyki, shundan so'ng uning klubdagi imkoniyatlari keskin chegaralanib qoldi va natijada 2007 yili «Malorka»ga ijaraga berib yuborildi. Ayni dam Maksi Lopes Italiya «S Seriyasi»dagi «Sambenedetteze» klubida faoliyat olib bormoqda.
Tiagu Motta (1999-2007)
Motta «Barselona»dagi faoliyatini yoshlar jamoasidan boshlagan. Bu erda o'ziga xos harakatlari bilan tezda ko'zga tashlangan iqtidor egasi ko'p o'tmay kattalar jamoasidan ham taklif oladi. Professional karerasini rasman 2001 yildan boshlagan Tiagu jamoada ko'pincha jarohatlar girdobida qolib ketadi. Endigina 19 ni qarshi olgan yigitcha uchun bu kabi uzilishlar uning ruhiyatiga katta zarba berishi turgan gap edi va muxlislar endi Mottani asosan lazaretda ko'rishga o'rganib qoldi.
Natijada «Barselona» Tiaguni «Atletiko» Madridga sotib yuboradi. Bu erda ham jismoniy holati bilan bog'liq muammolar futbolchiga stabil formaga tushib olishiga hadeganda imkon beravermadi. «Atletiko»dagi bir yillik faoliyatidan so'ng u qisqa muddat «Jenoa» safida ham to'p tepdi. «Inter»ga o'tgach esa futbolchi asta-sekin o'ziga o'xshay boshladi, o'ziga berilgan «brilliant» degan nomdan batamom qutuldi. Motta o'zining eng pik formasiga shubhasiz, Parijda erishgan. U «PSJ» bilan 6 yil ichida jami 18 ta titulga erishdi, 200 ta o'yinda maydonga tushdi. Uni muxlislar bugunga kelib Frantsiyadagi yorqin o'yinlaridan tashqari «Barsa»da o'tgan qiziqiqarli damlari bilan ham albatta eslashadi.
9-Mart 2021,01:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0