Menga Evropaninng so'nggi yillardagi eng omadsiz jamoasi qaysi? deb savol berishsa, hech ikkilanmay "Barselona" deya javob berardim. Ular ko'p bora Chempionlar Ligasida kambeklar qurboni bo'ldi va omadsiz transferlarni amalga oshirdi. Mayli, bular aslida mikro omadsizliklar. Aslida, jamoaning eng katta omadsizligi - Bartameu. Uning qo'l ostida klub mislsiz talofatlarni qabul qilib oldi. Bemaqsad tizim, katta pullar evaziga foydasiz transferlar va yana ko'plab boshqaruvdagi xatolar ko'zga tashlanib qolgan edi. Hozir Bartameu klubdan ketdi, to'g'rirog'i uni xaydashdi. Yangi kelgan va unchalik ham yangi bo'lmagan Joan Laporta jamoa uchun foydali ishlarini boshlab yubordi. Demak, ishlar qanday ketayotganiga bir nazar tashlab o'tamiz.
Progressiv Laporta
"Ko'k-anorranglilar" yozgi transferlar oynasida anchagina faol ishtirok etmoqda. Bu avvalo klub qilishi kerak bo'lgan ilk vazifalardan biri hisoblanadi. 4 ta transfer va hammasi deyarli katta nomlar. Memfis Depay, Erik Garsiya, Serxio Aguero kabi futbolchilar jamoaga tekinga kelib qo'shilgan bo'lsa, Emerson sobiq klubiga 9 millionga qaytdi. Tekinga kelib qo'shilgan futbolchilarga e'tibor bersak, biri yosh iqtidor, yana biri o'zining pik darajasiga chiqayotgan o'rtayoshli futbolchi, boshqasi esa tajribali katta yoshli hujumchi. Buni yaxshi yurish deb hisoblasak ham bo'laveradi. Boisi, rahbariyat natija uchun faqat qariyalar bilan shartnoma imzolagani yo'q. Iqtidorli Garsiya hali uzoq vaqt o'z o'yini bilan jamoaga yordam berishi mumkin. Aguero goleador va u hamon o'z darajasida to'p tepmoqda. Agar, u o'z o'yinini ko'rsata olsa va Messi bilan yaxshi tandemga aylana olsa, ayta olamanki "Barselona"ning raqiblariga ancha qiyin bo'ladi. Depayning kelishi esa, raqobatbardosh hujum chizig'ini vujudga keltirdi. Uning qanday o'yinchi ekanligini Evro-2020da guvohi bo'lmoqdamiz. Emerson asli "Barselona"ga tegishli futbolchi va uning o'yiniga baho berish biroz mushkul. Kelgusi mavsumda bunga hali etarlicha vaqtimiz bo'ladi. Ochig'ini aytganda, Laportaning bu ishlarini ko'rib, avvalgi rahbariyatning ahmoqona qarorlari va uzoqni ko'rmay qilgan ishlari ko'z oldimdan o'tdi.
Bartameuning ulkan xatolari
O'rni to'lmagan futbolchi
Parijliklar bir paytlari Neymar va Mbappeni 400 million evroga sotib olganda, ularni ayrimlar puli ko'p, ammo "aqlsiz" deb atashgan edi. Qisman bu fikrga qo'shilsa bo'ladi. O'sha payti Neymarning PSJga o'tishi transfer bozorida o'yinchilarning narxini suniy ravishda ko'tarib yubordi. Kataloniya klubi braziliyalik transferidan 222 million evro ishlab topdi. Bu katta pul va bu pul evaziga ancha yaxshi transferlar qilsa bo'ladi. Bartameuninng ilk transferi Dembele bo'ldi va u klub uchun 120 million evroga tushdi, so'ngra Koutino 145 million evro evaziga "ko'k-anorranglilar" safiga kelib qo'shildi. So'nggi katta transfer Grizmann bo'ldi va u uchun 120 million evro sarflandi. Xo'sh savol! Shu uch futbolchining qaysi biri Neymar kabi o'ynab keta oldi? O'ylashimcha, bu uch futbolchining qilgan ishlarini qo'shib hisoblasa ham Neymarchalik klubga foydasi tegmagan bo'lib chiqadi.
Artur va Pyanich rokirovkasi
Keling, sog'lom odamdek fikrlab ko'ramiz. Ikki futbolchi va ikkalasining ham transfer narxi bir xil, daraja jihatdan ham uncha katta farq yo'q, ammo yoshdagi farq 6 yoshni tashkil etadi. Siz prezident bo'lganingizda ularni almashtirgan bo'lar edingizmi? Mayli, Pyanich shunga yarasha o'ynab bersa, boshqa gap edi. Uning ayni damda "Kamp Nou"dagi kunlari ham yakunlanib qoldi. Artur esa "Yuventus"da va unchalik ham yomon o'ynayotgani yo'q. U hali Turin klubi uchun ko'p yillar o'ynab bera olishi mumkin, Pyanich esa "ko'k-anorranglilar" safida qolgan taqdirda ham uzog'i 4 yoki 5 mavsumdan so'ng "butsasini mixga iladi". Bartumeuning lavozimidagi shahslar mantiqqa tayanib ishlashi lozim. Uning bu ishini esa mantiqsizlikning oliy darajasi deb atagan bo'lar edim.
Suaresning jamoani tark etishi
Luis Suares kabi katta hujumchi hali o'z darajasida o'ygayotgan payti jamoani tark etishini to'g'ri deb bilmagan bo'lar edim. Eng qizig'i, shundaki u ketgan taqdirda Suares darajasidagi hujumchi "Barselona"da to'p tepishi kerak edi, ammo yakunlangan mavsumni klub markaziy hujumchisiz yakunladi. Breytveyt esa "ko'k-anorranglilar" darajasidagi futbolchi emas. Mayli, buni muhokama qilish joiz emas. Suaresning qaysi jamoaga o'tganini barchamiz ko'rdik. U yakunda "Atletiko"ni chempion qilganiga ham guvoh bo'ldik. Agar, u jamoada qolganda shu gollarni "Barselona" uchur urmasmidi? Shaxsan men uning goleadorlik qobiliyatiga bir on ham shubha qilmaganman. Uning jamoadan ketishini Bartameuning xatosi deb hisoblayman, shunchaki xato emas, mudhish xato.
Hali natija ko'rsatmay turib, Laportaning jamoasini ortiqcha maqtab yuborish fikridan yiroqman va men to'xtalib o'tayotgan jihat faqatgina transfer siyosati. Bartameu uchta futbolchiga 420 million evro sarfladi. Laporta esa tekinga 3 futbolchini qo'lga kiritdi. Darajada farq bor-ku? deydiganlar topilsa kerak. Bo'lishi mumkin, ammo 420 million evroga arzigulik farq emas, har holda.
Xudayqulov KARIM maqolasi
24-Iyun 2021,19:50
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0