2020-2021 yilgi mavsum va terma jamoalar o'rtasidagi turnirlar ham o'z yakuniga etdi. Ochig'ini aytganda, bu mavsumda futbol shunchaki yondi. Kutilmagan natijalar, kuchli qarama-qarshiliklar va ancha vaqt eslab yurishga arzigulik holatlarni bu galgi futbol mavsumi bizga taqdim etdi. Xo'sh, bu safar kim eng yaxshi? "Oltin to'p" sovrini kimga nasib etadi? Mazkur savol butun futbolga aloqador insonlar va muxlislar o'rtasidagi aktual mavzuga aylanmoqda. Keling, bu sharafli nomga loyiq ko'rilishi mumkin bo'lgan futbolchilar va ularning natijalariga to'xtalib o'tamiz.
Robert Levandovski (Polsha, "Bavariya")
Polshalik "yirtqich" to'purar "Bavariya" tarkibida yaqin mavsumlar ichida ko'plab gollar urib kelmoqda. Uning Myunxen klubida o'rni beqiyos. Buni biz "PSJ"ga qarshi chorak final o'yinida ham yana bir bor guvohi bo'ldik. Aynan o'sha ikki bahsda Robert jarohat olib, jamosiga yordam bera olmadi va myunxenliklar Parij klubiga mag'lub bo'ldi. Ha, u o'z gollari bilan "Bavariya"ni yanada kuchliroq va "qo'rqinchiliroq" qilib turadi. U yakunlangan mavsumda Bundesliganing 29 o'yinida 41 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Shuningdek, EChLda 5 ta va Polsha safida Evro-2020 turnirida ham 3 golni o'z hisobiga yozdirib qo'ydi. Leva 2020-2021 yilgi mavsumda "Bavariya" bilan Bundesliga chempioniga ham aylana oldi. Balki, bu safar u va jamoadoshlari o'tgan yilgi kabi katta natijalarga erisha olmagandir. Shunday bo'lsada, 32 yoshli hujumchi o'z sermahsulligini maksimal darajada ko'rsata oldi.
Ngola Kante (Frantsiya, "Chelsi")
"Kante charchamaydigan "6 ta o'pkali" haqiqiy jangchi". "U maydonda bo'lgan payti uning jamoasi bir kishi ko'p bo'lib o'ynaydi". Shu kabi tariflar frantsuz yarimhimoyachisiga nisbatan ko'p ishlatilib turiladi. U maydonda ko'proq mehnat qiladi va foydali harakatlari amalga oshiradi. Yakuniga etgan mavsum "Chelsi" keskin burilish qilib, EChL bosh sovrinini qo'lga kiritib ketdi. To'g'ri, Ngola butun mavsum bir xil tempda o'ynamadi, ammo hal qiluvchi pallada jamaosini o'zi bilan etakladi. Agar, u Frantsiya bilan ham Evro-2020da g'olib chiqqan taqdirda, bemalol uni "Oltin to'p"ga asosiy da'vogar degan bo'lar edik, ammo bir kam dunyo deganlariday u va jamoasi bu turnirni erta tark etdi. Kante mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo'lmas, ammo aniq ayta olaman, u o'z nuqtasida eng yaxshisi bo'ldi. Shuningdek, Kante "aristokratlar" "ko'xna qit'a" chempioni bo'lishida eng katta hissa qo'shgan futbolchi hamdir. Buni hech kim inkor qila olmasa kerak.
Jorjino (Italiya, "Chelsi")
"Chelsi"ning yana bir yarim himoyachisi Jorjino uchun ham yakunlangan mavsum o'ta muvaffaqiyatli keldi. London klubining chempionligida u asosiy figura bo'lmagandir, biroq terma jamoalar miqyosida eng nufuzli turnirlardan biri bo'lmish Evropa chempionatida uning ko'rsatgan o'yinlari taqsinga loyiq. Italiya terma jamoasi bilan u Evropa chempioni bo'la oldi va bu uning "Oltin to'p" uchun kurashda imkoniyatlarini oshirishi aniq. Jorjino mehnatkash va omadli bo'lishiga qaramay, top darajadagi futbolchi emas. Shunday ekan, u yilning eng yaxshi futbolchisi bo'lishi biroz qiyin. Yanayam kim biladi deysiz.
Janluiji Donnaruma (Italiya, "PSJ")
Ketma-ket ikki "Chelsi" futbolchisini da'vogarlar safiga qo'shdim. Ketma-ketlikni davom ettiraman. Bu safar ikki italiyalik ro'yxatda yonma-yon. Ha, Donnaruma Evro-2020ning eng yaxshi futbolchisi bo'ldi va bu ro'yxatga qo'shilib qoldi. Umuman kutilmagan holatda, o'zi kutmagan joyda paydo bo'lib qoldi, bu yigitcha. Bilasizmi, xattoki u Evro-2020ning eng yaxshi darvozaboni bo'la olmaydi deb o'ylagan edim. Pikford o'ta "tejamkor" tarzda bu turnirni o'tkazayotgan edi, ammo finalda hammasi hal bo'ladi. So'nggi o'yinda qolgan 7 ta o'yin unutiladi. Finalda Italiya g'olib, penaltilar seriyasida Donnaruma qahramon va eng yaxshi o'yinchi ham aynan 21 yoshli posbon.10 va xatto 100 ta piyoda bir bo'lib, shoxga bas kela olmaydi. Shu o'xshatishdan boshqasi hayolimga kelmadi. Shunday ekan, Donnaruma ushbu ro'yxatga qo'shilishga haqli. Axir, uning qo'lida "asosiy figura" bor.
Lionel Messi (Argentina, "Barselona")
Levandovskidan tashqari yuqoridagi 3 nomzod bu ro'yxatda mehmon, aslida. Biroq Messini bemalol mezbon deyaversak bo'ladi. U nima qilmasin bu ro'yxatdan joy olaveradi. Uning iqtidori "Oltin to'p" da'vogarlari orasidan tushib qolishga yo'l qo'ymaydi va har doim shunga yarasha o'yin ko'rsatadi. Leo yakunlangan mavsumni biroz sustroq boshladi, biroq mavsum o'rtalaridan yaxshi temp oldi. Garchi, La Liga va EChLda jamoasi va u omadsiz o'yin ko'rsatgan bo'lsada, Ispaniya Kubogi aynan "ko'k-anorranglilar"ga nasib etdi. Shuningdek, Messi La Liganing to'puari va eng yaxshi assistenti bo'ldi. "Bular etarli emas" deydiganlar topiladi, albatta. Yaqinda yakuniga etgan "Kopa Amerika" turnirida Leo va Argentina terma jamoasi bosh sovrinni qo'lga kiritdi. U bu g'oliblikni uzoq kutgan edi. Turnirning to'puari, eng yaxshi assistenti va eng yaxshi o'yinchisi deb aynan Leo tan olindi. Har qanday kriteriyalar bo'yicha Messi bu turnirning eng yaxshisi bo'lib chiqdi. Dribling, kalit paslar, vaziyatlar yaratish hamma-hammasida u birinchi raqamli. Balki, Messi mana shu muvaffaqiyatidan so'ng "Oltin to'p" uchun ham asosiy nomzodga aylanib olgandir. Har holda undan yaxshiroq natijaga ega futbolchi yo'q.
Aslida, klublar miqyosidagi turnirlardan so'ng da'vogarlar butunlay boshqacha tartibda joylashgan edi, biroq Evro-2020 va "Kopa Amerika" turniri barchasini o'zgartirib yubordi. Kim eng yaxshi bo'lishga loyiq? Hozircha faqat taxminlar yangramoqda. Da'vogarlar qatorida esa bir nom yaqqol ajralib turibdi. Yakunda ham "Oltin to'p" o'z "qadrdoni"niki bo'ladimi yoki boshqaga nasib qiladimi? Buni vaqt ko'rsatadi.
Xudayqulov KARIM maqolasi
15-Iyul 2021,17:20