U oxirgi yillarda transfer bozorining etakchi shaxsiyatiga aylandi. Uning insaydlari sifat kafolati hisoblanadi.
Quyida evropalik insayder haqida to'xtalib o'tamiz.
Fabritsio Romano o'zining ilk xabarlarini ulashganida endigina 18 yoshda edi. Italiyadagi kichik bir veb-saytda olti oy davomida futbol haqida maqolalar yozganidan so'ng "La Masiya" ("Barselona" maktabi) agenti u bilan bog'landi hamda yosh va istiqbolli futbolchilar haqida ba'zi ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdi.
Agentga OAV yordami kerak edi, shuning uchun u Fabritsioga murojaat qildi. Aynan shu paytdan boshlab Romano o'zining insayderlik faoliyatini boshladi.
Fabritsio SPORTbible'ga bergan intervyusida bu haqda gapirdi:
“U (agent) menga murojaat qilib, ikki yosh futbolchi – Jerar Deulofeu va Mauro Ikardi haqida qisqacha maqola yozishimni so'radi.
Men u bilan yaqindan ishlay boshladim, bu menga boshida katta yordam berdi, chunki menda Ikardining "Sampdoriya" va "Inter"ga transferlari haqidagi eng dolzarb va maxfiy ma'lumotlar bor edi. Ikardi haqidagi insayd xabarlar men uchun birinchisi bo'lgandi.
Bir marta Ikardining agenti menga qo'ng'iroq qilib, "Inter" Mauro bilan shartnomani deyarli rasmiylashtirib bo'lganini aytdi. O'shanda u menga "shartnoma tuzish deyarli yakunlanib qolganini yozishingiz mumkin. Futbolchi yanvarda emas, kelasi yozda transfer bo'ladi", dedi.
Hammasi shu tariqa boshlandi. Menga jurnalistikaning bu yo'nalishi darhol yoqib qoldi.
Transfer bozori – hammasi har kuni o'zgarib turadigan o'rmon. Menga bu temp yoqadi. Bu bamisoli Chempionlar ligasiga o'xshaydi, to'g'ri insayd esa – finalda urilgan gol".
O'sha voqeadan keyin 10 yil o'tdi. Endilikda 27 yoshli Fabritsio Romano Evropaning eng taniqli jurnalistlaridan biriga aylandi.
Agar siz futbol bozoridagi so'nggi ma'lumotlarni bilmoqchi bo'lsangiz, Romanoning Twitter'ini kuzatib boring, u allaqachon 6 million obunachiga ega.
Butun Evropada ko'pchilik bilan aloqaga ega italiyalik deyarli hamma narsani biladi.
Bunday darajaga ko'tarilish bitta ish, ammo brendni doimiy ravishda ushlab turish undanda qiyin. Shuning uchun u kuniga atigi 5 soat (soat 5 dan 10 gacha) uxlaydi, qolgan vaqt esa muzokaralar va tegishli ma'lumotlarni o'zlashtirish bilan band bo'ladi.
Fabritsio erta tongdan boshlab telefonni ko'tarib, futbol agentlari, direktorlari va aktsiyadorlariga qo'ng'iroq qiladi va yozishni boshlaydi:
"Har kuni sizda transferlar bilan bevosita shug'ullanadigan yangi tanishlar paydo bo'ladi. Agar siz Italiyadagi nufuzli restoran yoki mehmonxonaga boradigan bo'lsangiz, unda siz transferlar haqida biror narsa bilib olasiz.
To'g'ri munosabat – muvaffaqiyat kaliti. Agar siz futbol jamoatchiligi vakillari bilan yaxshi aloqada bo'lsangiz, demak, to'g'ri yo'ldasiz. Siz ularni hurmat qilasiz, shuning uchun ular ham sizga xuddi shunday munosabatda bo'ladi.
Men yuz foiz ishonadigan bir nechta shunday insonlar bor, chunki biz bir-birimizni ko'p yillardan beri bilamiz. Ular men hech qachon muammo tug'dirmasligimni bilishadi".
Fabritsio kuniga o'rtacha 50 marta qo'ng'iroqlashadi.
Romano uchun ishonchlilik yangilikni chiqarishdan muhimroq:
"Ha, boshqa jurnalist mendan oldin xabar berishi mumkin, lekin men hammasini boshidan oxirigacha tekshirmagunimcha, chop etmayman".
Albatta, Fabritsio insayd bergan va ertasi kuni futbolchi yoki uning agenti hammasini rad etgan holatlar bo'lgan. Bu italiyalik bilan uchrab turadi, biroq kamdan kam hollarda:
"Agar siz birdaniga bir nechta mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan bir xil ma'lumot olsangiz, lekin bosh qahramonlar ertalab hamma narsani inkor etsalar, bu har bir hurmatli insayderning obro'siga kuchli zarba bo'ladi. Bunday daqiqalarda siz shunchaki mavjud bo'lishni to'xtatasiz. Shohlikdan muvaffaqiyatsiz shaxslikka qadar yo'l juda qisqa, shuning uchun siz halol odam bo'lishingiz darkor".
Romano ikkita muhim xususiyatni o'zida mujassam etgan - halollik va tartiblilik. Uning jurnalistikaga yondashuvi oddiy: u birinchi bo'lish ortidan quvmaydi, aksincha aniq ma'lumot bilan bo'lishadi.
“Premer-liga, La Liga, A Seriya va Bundesligani yoritishda har doim birinchi bo'lishning iloji yo'q. Maqsadim – ishonchli ma'lumot berish. Shundan keyin odamlar "Fabritsio Romano haq, bu haqiqatga yaqin", deyishlarini istayman.
Ha, agar siz faqat bitta yoki ikkita jamoa atrofidagi voqeliklarni yoritsangiz, unda siz to'g'ri xabarlarni berishingiz mumkin, chunki klubning butun tuzilmasini, ba'zi agentlar, futbolchilar va xodimlarni taniysiz. Ammo global miqyosda bu haqiqatga to'g'ri kelmaydi".
Romanoning yana bir uslubi – "Here we go!" ("Qani ketdik!") iborasi. U shu tufayli madaniy qahramonga aylandi. Ushbu ifodani amalga oshirilgan transferlar haqidagi barcha tvitlarda topasiz.
“To'g'risini aytsam, hammasi qaerdan boshlanganini aniq eslay olmayman. Aftidan, "Manchester Yunayted"ning qandaydir transferi haqidagi xabardan boshlangandi.
Bitta transfer haqida juda ko'p ma'lumotlar bor edi, lekin katta klub bu kabi yirik kelishuvga erishsa, bu odatiy holat. Men bu o'tish haqida deyarli har kuni yozgandim va bitim tugagach, "Ok, here we go!" (Yaxshi, qani ketdik) deya yozdim.
Odamlar iborani darhol saqlab olishdi. Ertasi kuni boshqa katta klublarda ro'y berishi mumkin bo'lgan transferlar haqida yozganimda, hamma izohlarda: "Here we go!" deb yozilgan edi.
Men hech qachon o'z brendimni yoki shunga o'xshash narsalarni rejalashtirmaganman, chunki bu menga xos emas. Biroq muxlislar iborani qabul qilishdi va endi bu mening brendim, tashrif qog'ozim.
U, shuningdek, "Here we go!" deb nomlangan muvaffaqiyatli podkastni ishga tushirdi.
Fabritsio Romano tezda muxlislar armiyasiga ega bo'ldi, chunki u ijtimoiy tarmoqlarda obunachilar bilan muloqotda juda faol. Shunday qilib, u Twitter'da ma'lum bir transfer haqida batafsilroq aytib berish uchun imkon qadar ko'proq javob berishga harakat qiladi:
“Bu mening eng sevimli ishim. Ha, hammaga javob berishning iloji yo'q, lekin bunga harakat qilaman. Men har kuni javob qaytaraman, chunki men uchun odamlar bilan aloqada bo'lish muhim. Futbol muxlisi bo'lish nimani anglatishini tushunaman.
O'zimni yulduz deb hisoblamayman. Men transfer yangiliklarini yozadigan oddiy yigitman. Bu menga juda yoqadi".
Transfer bozorida kutilmagan voqealar sodir bo'ladi, u erda hamma narsa bir necha soat ichida o'zgarib ketadi. Romano Krishtianu Ronalduning "Yuventus"ga o'tishini hech qachon o'ylamagandi. Xuddi shunday syurpriz o'sha paytda Baneganing "Sevilya"dan "Inter"ga o'tishi edi.
O'yinchilar ko'pincha oxirgi daqiqada, marra chizig'iga yaqin qolganida o'z fikrlarini o'zgartiradilar. Masalan, Adrien Rabo bilan bir yarim yil oldin shunday bo'lgandi, frantsiyalik "Barselona"ga o'tishga yaqin edi. Yoki eng yangi misol: David Silvaning "Latsio"ga o'tishga yaqin qolgani, lekin u "Sosedad"da qoldi.
Bundan tashqari, hamma narsani tibbiy ko'rik buzishi mumkin.
“Erkin agentlar eng xavfli o'yinchilardir, chunki ular so'nggi lahzada o'z fikrlarini osongina o'zgartirishlari mumkin. Biroq bu ham transfer bozorining go'zalligi. Bu transferni ikki daqiqada yopishingiz mumkin bo'lgan FIFA yoki Football Manager o'yini emas".
"Angliyani yoritishni boshlaganimda, dedlayn (oxirgi muddat) meni aqldan ozdirgandi. Italiyada top-klublar barchasini oxirgi muddatga qoldirmaslik uchun asosiy bitimlarni muddatidan oldin yopishga harakat qilishadi, ammo Angliya – aql bovar qilmaydigan miqdorda pul sarflaydigan so'nggi kunning qiroli. Italiya butunlay boshqacha mentalitetga ega".
Ayni paytda Fabritsio Romanoning Twitter va Instagram sahifasida qariyb 12 million obunachisi bor (6+5,3). Italiyalik dunyodagi eng yirik ommaviy axborot vositalari bilan aloqador, ammo u hech qachon daromadi haqida gapirmagan.
Sherzod Nurmatov tayyorladi
22-Dekabr 2021,17:15
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0