Futbolchi qozonliklar bilan 3,5 yillik shartnomaga imzoladi. 26 yoshli Ashurmatovdan oldin mazkur klubda bir qator o'zbekistonliklar harakat qilgan. Ularning yodga olib o'tamiz.
Vadim Afonin, yarim himoyachi
2006-2008 hamda 2010 yillar davomida harakat qilgan.
Marat Bikmaev, hujumchi
2006-2007 yillar davomida klubdan ro'yxatdan o'tgan, ammo birorta ham rasmiy o'yinda maydonga tushmagan.
Vagiz Galiulin, hujumkor yarim himoyachi
2006-2014 yillar davomida “Rubin” sharafini himoya qilgan. 2008 yil klub bilan Rossiya chempionligini qo'lga kiritgan va 2010 yillar MDH kubogida muvaffaqiyatga erishgan. Biroq, Galiulin ham qozonliklar asosiy tarkibida sanoqli o'yinlarda qatnashgan va 2014 yilgacha “Sibir” hamda “Nefteximik”da ijarada harakat qilgan.
Vitaliya Denisov, himoyachi
O'zbekiston MTJ tarixidagi yorqin futbolchilardan biri Vitaliy Denisov 2019 yil iyunida “Rubin” safiga kelib qo'shilgan va 2020 yil boshida tomonlar roziligiga ko'ra, kelishuv bekor qilingan. Denisov jamoa libosida RPLda 8 ta uchrashuvda qatnashgan, debyut esa “Lokomotiv” (1:1) ga qarshi bahsda yuz bergan.
Davron Mirzaev, hujumchi
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi 2007-2013 yillarda “Rubin” futbolchisi bo'lgan, ammo u yoshlar jamoasi o'zini ko'rsatgan bo'lsa ham asosiy jamoada o'rnini topib ketolmagan. Evropa Ligasi saralashi doirasida “Volfsburg”ga qarshi o'yin qaydnomasidan joy olgan, lekin maydonga tushirilmagan. 2010 yil jamoa bilan MDH kubogi g'olibligini qo'lga kiritgan. Qozonliklar tarkibida Rossiya Kubogida uchta bahsda qatnashgan.
Bahodir Nasimov, hujumchi
2010 yil MDH Kubogidan keyin Bahodir Nasimov “Rubin” bilan 3 yillik shartnoma imzolaydi, ammo u ham asosiy tarkibda o'rnini topa olmay, shu yilning o'zida Bokuning “Neftchi” jamoasiga ijara asosida o'tib ketadi. Umuman Nasimov “Rubin” safida 2 ta bahsda qatnashgan va ular RPL doirasida “Anji” (0:0) hamda “Alaniya”ga (1:1) qarshi bo'lib o'tgan.
Andrey Fyodorov, himoyachi
Yuqorida sanab o'tgan futbolchilarimizdan farqli ravishda Fyodorov “Rubin”dagi o'z o'rnini topib ketgan. U 2000-2008 yillar davomida qozonliklar sharafini himoya qilgan. RPL tarixida eng ko'p o'yin o'tkazgan o'zbekistonliklardan biri hisoblanadi. 2002 yil “Rubin” bilan 1-divizon g'olibligini qo'lga kiritib, Oliy ligaga chiqqan. 2003 yil esa “Rubin” chempionatda bronza medallariga ega chiqqan. 2008 yil esa Fyodorov jamoa bilan Rossiya chempioni bo'lgan.
O'zbekiston MTJ sobiq himoyachisi “Rubin” safida 127 ta uchrashuvda qatnashib, 15 ta to'p kiritgan. U futbolchilik faoliyatini mazkur klubda yakunlagan. 2012-2013 yillar esa “Rubin” o'rinbosarlariga ustozlik qilgan.
Kutilmoqda
Umarali Rahmonaliev yarim himoyachi
“Bunyodkor”ning umidli yoshlaridan biri Umarali Rahmonaliev mavsum tugagach, “Rubin” safiga borib qo'shilishi kutilmoqda. Shu tariqa, Ashurmatov va Rahmonaliev mazkur jamoa tarixidagi sakkiz hamda to'qqizinchi o'zbekistonlikka aylanadi.
“Rubin” haqida
Klub 1958 yil 20 aprelda Rossiyaning Qozon shahrida tashkil etilgan. Dastlab uning nomi “Iskra” bo'lgan, 1964 yildan esa “Rubin” deb atala boshlangan. Klub logotipining evolutsiyasi:
Yutuqlari
Rossiya chempionligi – 2 marta (2008, 2009);
Uchinchi o'rin – 2 marta (2003, 2010);
Rossiya kubogi – 2011/12 yilgi mavsum chempion, 2008/09 yilgi mavsum finalchi;
Rossiya Superkubogi – 2 marta (2010, 2012);
Rossiya 1-ligasi – 202 yil chempion;
MDH kubogi – 2010 yil chempion.
Evrokuboklar
Intertoto kubogining 2007 yil mavsumida 3-raundga qadar etib borib, Avstriyaning “Rapid” jamoasiga (0:0, 1:3) imkoniyatni boy bergan;
Chempionlar Ligasida 2 marta qatnashgan – 2009/10 yilgi mavsum guruh bosqichi (o'shanda “Barselona” Kataloniyada mag'lub etilgan), 2011/12 yilgi mavsum saralash raundi pley-offi;
Evropa Ligasida 8 marta qatnashgan. Eng yaxshi natijasi 2012/13 yilgi mavsum qayd etilgan. O'shanda chorak finalda musobaqaning bo'lajak g'olibi “Chelsi”ga ikki o'yin natijasiga ko'ra, 4:5 (3:2, 1;3) hisobida imkoniyat boy berilgan;
Konferentsiyalar Ligasining ilk mavsumining saralashida qatnashib, ishtirokini yakunlagan.
Stadioni
2013 yil iyulidan beri “Ak Bars Arena” o'yingohida o'ynab keladi. Stadion sig'imi 45,379 tomoshabinga mo'ljallangan. 2018 yil mazkur stadionda (musobaqa uchun "Kazan Arena"ga o'zgartirilgan) Jahon chempionatidan o'rin olgan 6 ta uchrashuv bo'lib o'tgan – 4 ta guruh bosqichi, bitta 1/8 final (Frantsiya – Argentina 4:3) va bitta 1/4 final (Braziliya – Belgiya 1:2).
Murabbiy va klubning hozirgi holati
2019 yil dekabridan beri “Rubin”ga rossiyalik taniqli mutaxassis Leonid Slutskiy murabbiylik qilib kelmoqda. U bilan 5 yillik shartnoma imzolangan. Slutskiy jamoani qabul qilib olgan paytda qozonliklar RPL turnir jadvalida 19 ochko bilan 13-o'rinda bo'lgan va mavsum oxirida klub 10-o'ringa ko'tarilgan. 2020/21 yilgi mavsum esa “Rubin” chempionatda ancha yaxshi qantashib, 4-o'rinni egallagan va Konferentsiyalar Ligasi saralashiga yo'l olgandi. Biroq, jamoa Polshaning “Rakuv” klubiga yutqazib qo'yib, guruh bosqichiga chiqa olmagan.
O'tgan mavsum esa “Rubin” uchun omadiz yakunlandi. Leonid Slutskiy shogirdlari RPLda 15-o'rinni band etib, Milliy futbol ligasi (RPLdan keyingi liga)ga tushib ketishdi.
MFLda nima gaplar?
“Rubin” Rossiya Kubogini ancha erta tark etdi va endi bor e'tiborini RPLga qaytishga qaratsa ham bo'ladi. Hozirda MFLda 16 tur o'z yakuniga etdi. Jamoa 7 ta g'alaba, 6 durang va 3 mag'lubiyat qayd etgan holda 27 ochko bilan 3- hamda 4- o'rindagi “Kamaz”, “Enisey” bilan bir xil natija ko'rsatib turibdi. 2-pog'onadagi “Baltika”da 29 ochko bo'lsa, ko'pchiligimizga tanish bo'lgn Vladikavkazning “Alaniya” klubi 35 ochko bilan musobaqada peshqadamlik qilmoqda.
MFLda dastlabki 2 o'rinni egallaga ishtirokchilar yuqori ligaga ko'tariladi. 3-4-o'rindagilar va RPLning oxirgi 2 jamoasi pley-offda ishtirok etishadi.
*Jamoa yangi yilga qadar 5 ta uchrashuv o'tkazadi va keyin 2023 yil fevraligacha tanaffusga chiqadi.
3-Noyabr 2022,13:15
O'qildi: 56 - Fikirlar: 0