Ispaniya La Ligasi-2022|2023 peshqadami - «Barselona»ni ilm-ma'rifatparvar klub sifatida ham ta'riflash mumkin.
Binobarin, Kataloniya jamoasi tarkibidagi futbolchilardan 6 nafari qaysidir universitetda tahsil olgan, ularning ayrimlari qo'lida oliy ta'limni tasdiqlovchi diplom ham bor. Yana ikki futbolchi esa allaqachon murabbiylik litsenziyasini qo'lga kiritishga ulgurgan.
Sport matbuotida oliy ma'lumotli futbolchilar haqida yozuvlar ko'p emas. Zero, nafaqat zamonaviy professional futbol, balki butun sportda ham o'zini ma'rifat o'chog'iga urgan yigitlar kam uchraydi. Lekin bugungi «Barselona» ushbu tendentsiyaga mutlaqo qarshi. Har holda, «Barsa»dek ma'rifatparvar top-klub boshqa torpilmasa kerak. Diqqat qiling, ayni payt Kataloniya faxri sharafini himoya qilayotgan 6 nafar futbolchi oliy ma'lumotga ega, qolaversa, yana ikkisi allaqachon murabbiylik bilan shug'ullanish imkonini beruvchi tegishli litsenziya olgan. Gap hujumchi Ferran Torres va himoyachi Erik Garsiya haqida ketmoqda. Yana bir tomoni, 22 yoshli Ferran 1ta emas, 2ta murabbiylik kursida tahsil olishga ulgurdi. 21 yoshli Erik ham oliy sport ma'lumotiga ega.
Shuningdek, Mark-Andre ter Shtegen, Robert Levandovski, Ektor Belerin, Inyaki Penya, Serxi Roberto va Markos Alonso turli universitetlarda tahsil olishgan. Deylik, germaniyalik kiper - ter Shtegen biznes boshqaruvi yo'nalishida bir qator kurslarda qatnashgan, polshalik goleador - Levandovski esa sport menejmenti bo'yicha magistr darajasiga ega. Ektor Belerin ham magistr, faqat sport emas, moliya yo'nalishida. Penyaga kelsak, u Blankern universiteti marketing fakultetida tahsil ola boshlagan, ammo o'qishni hali tugatmagan. Roberto va Alonso tegishlicha biznes boshqaruvi hamda menejment bo'yicha ilm olishgan, to'g'ri, ikkinchisi Angliyaga yo'l olishidan oldin o'qishni to'xtatib qo'yishga majbur bo'lgan. Ta'kidlanishicha, Markos endi tahsilni davom ettirish uchun qulay fursat kelishini kutmoqda.
8-Yanvar 2023,09:50