“Negreyra ishi” tufayli “Barselona” hamon sanktsiyalar xavfi ostida qolmoqda. Bu holatni UEFA ham o'rganmoqda, La Liga prezidenti Xaver Tebas esa kuchli xavotirda.Nimalar bo'layotgani haqida qisqacha: 1 oy oldin “Barselona” 3 yil davomida Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) hakamlar qo'mitasi vitse-prezidenti Enrikes Negreyraga pul to'lab kelgani aniqlandi. Katalon klubining o'zi Negreyraga hakamlar bo'yicha hisobotlar uchun pul to'laganini tasdiqladi.Qayd etilishicha, Negreyra 2001 yildan beri katalon klubidan kamida 7,3 million evro pul olgan, ammo sud faqat oxirgi o'n yillikdagi o'tkazmalar bo'yicha ish olib boradi. Shuningdek, Negreyra asosan 2014 yildan 2018 yilgacha olgan 3 million evroga alohida e'tibor beriladi.“Barselona” futbolchilariga turli hakamlar bilan qanday munosabatda bo'lish kerakligi aytilgan, klub investorlari xavotirdaMarca nashrining xabar berishicha, Negreyraning o'g'li Xaver Enrikes Romero “Barselona”ga futbolchilarning ba'zi hakamlar bilan qanday munosabatda bo'lishi kerakligi haqida hisobot yuborgan. Masalan, Neymarga Ignasio Iglesias Vilyanueva boshqaruvidagi o'yinlarda raqiblar bilan kontaktlarni bo'rttirib yubormaslik, aks holda hakam qoidabuzarliklarni qayd etmay qo'yishi aytilgan.Xordi Alba va Serxio Busketsga hakamlar bilan bahslashmaslik, Luis Suaresga esa Inyaki Bikandi Garrido ishlayotgan o'yinlarda simulyatsiya qilmaslik, bahslashmaslik va o'zini yaxshi tutishi tavsiya qilingan. Bosh hakam Xose Munuera Montero Xerard Pikega nisbatan qattiqqo'lligi ma'lum bo'lgan.Ispaniyaning La Vanguardia gazetasi “Kamp Nou” va uning atrofidagi hududlarni modernizatsiya qilish loyihasini moliyalashtiruvchi Espai Barca investorlarining norozi ekani haqida yozmoqda. Ular UEFA tergovi va klubning musobaqalardan chetlatilishi mumkinligidan xavotirda. Investorlar “Barselona” uchun eng yomon stsenariy qanday bo'lishi mumkinligini bilishni xohlamoqda.Bundan oldin investorlar Xoan Laportaga Negreyra ishining ehtimoliy oqibatlari haqida yigirmata savoldan iborat so'rovnoma yuborgan. “Barselona” prezidenti savollarga javob berib, shaxsiy fikrlari bildirilgan xat jo'natgan. Ammo bu investorlar uchun etarli emas, ular batafsilroq tushuntirishlarni xohlamoqda.Prokuratura Negreyra ishida uning “Barselona” uchun qilgan xizmatlarini sanab o'tdi. U kartochkalar ustidan shikoyat qilish bo'yicha tavsiyalar bergan, RFEF va liga o'rtasidagi kelishmovchiliklar haqida ma'lum qilgan.UEFA tergovi rasman davom etmoqda. Tashkilot reglamentida agar klub milliy yoki xalqaro miqyosdagi o'yinlar natijasiga bevosita va/yoki bilvosita ta'sir ko'rsatgan bo'lsa, bir mavsumga diskvalifikatsiya qilinishi nazarda tutiladi. Shu bilan birga tashkilot uchun milliy arbitraj yoki davlat sudining qarori etarli.Ispan matbuotining yozishicha, UEFA bu ishni taftish qilish orqali Superliga g'oyasidan voz kechmagan “Barselona”ga saboq berib qo'ymoqchi.O'z navbatida “Barselona” ham “qarshi hujum”ga o'tdi. Mundo Deportivo nashriga ko'r, UEFA Ispaniya sudlari qaroridan avval “Barselona”ga sanktsiya qo'llaydigan bo'lsa katalon klubi tashkilotni sudga beradi. “Barselona” UEFAdan 100 million evro kompensatsiya undirishga harakat qiladi. Klub Chempionlar Ligasi bir mavsumidagi daromadlari va yo'qotishlarga ketadigan pulni shuncha hisoblagan.
Tebas kechalari uxlay olmayapti va Laportadan “arvohlar yo'q joyda ularni ko'rishdan to'xtatishni” so'ramoqdaIspaniyada vaziyat ancha tinchroq. La Liga prezidenti Xaver Tebas liga klubga jazo bermasligiga aniqlik kiritdi, lekin ular sud qaroriga bo'ysunadi (va ehtimoli kam bo'lsa-da klubni chetlatish imkoniyati mavjud).Tebasning o'zi shu qadar xavotirdaki, uxlashga qiynalmoqda:"Xoan Laporta Negreyra ishi bo'yicha nima uchun izoh bermayotganini tushunish hali ham qiyin. Shu sabab men tunda uxlolmayapman. Vaziyatni obro' va siyosiy miqyosda qanday hal qilishimiz meni xavotirga solmoqda — klubning ahamiyati, turnirning ahamiyati, oradan shuncha yillar o'tgani tufayli... Matbuotda “hamma shunday qiladi” nomli matn e'lon qilindi. Lekin, bilishimcha, hakamlar qo'mitasi vitse-prezidentiga hamma ham pul to'lamaydi".Tebas UEFA bilan yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolardan afsusda: “Bu ispan futboli tarixidagi eng yomon voqea. Laporta arvohlar yo'q joyda ularni ko'rishni bas qilishi va qo'lidan kelganicha tergovga yordam berishi kerak”.
31-Mart 2023,12:20