Futbol tarixi va statistikasi Xalqaro Federatsiyasi (IFFHS) so'nggi yillar natijalariga asosan jamoalar reytingini e'lon qildi.
Rossiyalik kasbdoshlarimiz uni to'ldirib, 1996-2022 yillar oralig'idagi ko'rsatkichlarga binoan eng sermahsul murabbiylarni aniqladilar. Yillik reytingda 1-o'rinni egallagan jamoa murabbiyiga 20, 2-o'ringa 19, 3-o'ringa 18 ochko va hokazo. Shu tariqa mazkur davr ichida 3 nafar mutaxassis - Aleks Fergyuson (257), Joze Mourino (242) va Xosep Gvardiola (221) ro'yxatning etakchi uchligidan joy oldilar. Hikoyamiz reytingdagi etakchi o'nlik murabbiylariga bag'ishlangan.
1-o'rin. Ser Aleks Fergyuson
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 1-o'rin, 257 ochko.
Jamoasi: «MYu».
Hozir: «MYu» direktorlar kengashining a'zosi, 2013 yilda murabbiylik faoliyatini yakunlagan.
Sovrinlari (1996 yildan hozirgacha): 11 karra Angliya chempioni, 3 karra Angliya Kubogi va Liga Kubogi sohibi, 7 karra Angliya Superkubogi sohibi, 2 karra EChL g'olibi, 1 martadan qit'alararo Kubok va KJChda g'olib chiqqan.
Ser Aleks 1986 yildan 2013 yilgacha «MYu»ning doimiy murabbiyi bo'ldi. O'z faoliyati davomida u 30dan ortiq turli sovrinlarni qo'lga kiritdi. XX asr oxirida buyuk murabbiyni ritsarlik unvoni bilan taqdirlashdi, 2002 yilda u ingliz futboli shon-shuhrat Zalidan joy oldi. 2017 yilda esa UEFA ser Aleksni Evropa futboli rivojiga ulkan hissa qo'shgan murabbiylar o'nligida e'tirof etdi.
2-o'rin. Karlo Anchelotti
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 6-o'rin, 189 ochko.
Jamoalari: «Parma», «Yuventus», «Milan», «Chelsi», «PSJ», «Bavariya», «Napoli», «Everton».
Hozir: «Real» bosh murabbiyi.
Sovrinlari: Italiya chempioni, Italiya Kubogi va Superkubogi sohibi, Angliya chempioni, Angliya Kubogi va Superkubogi sohibi, Frantsiya chempioni, Germaniya chempioni, 2 karra Germaniya Superkubogi sohibi, Ispaniya chempioni, Ispaniya Kubogi va Superkubogi sohibi, 4 karra EChL g'olibi va UEFA Superkubogi sohibi, 3 karra KJCh g'olibi.
Evropa top-chempionatlar beshligining barchasida g'olib chiqqan yagona mutaxassis. Eng asosiysi, don Karlo EChL shohsupasiga 2ta jamoani («Milan», «Real») olib chiqqan.
3-o'rin. Xosep Gvardiola
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 3-o'rin, 221 ochko.
Jamoalari: «Barselona», «Bavariya».
Hozir: «Manchester Siti» bosh murabbiyi.
Sovrinlari: Ispaniyaning 3 karra chempioni, Ispaniya Kubogining 2, Superkubogining 3 karra sohibi, Angliyaning 4 karra chempioni, Angliya Kubogi va Superkubogi sohibi, Liga Kubogining 4 karra sohibi, EChLning 2 va UEFA Superkubogining 3 karra sohibi, KJChning 3 karra g'olibi.
Kataloniyalik murabbiy ko'plab rekordlarni o'rnatgan. «Barselona» va «Bavariya»dagi muvaffaqiyatlardan so'ng, «Manchester Siti»da ham parvozni davom ettirmoqda.
4-o'rin. Yurgen Klopp
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 15-o'rin, 127 ochko.
Jamoalari: «Maynts», «Borussiya D.».
Hozir: «Liverpul» bosh murabbiyi.
Sovrinlari: 2 karra Germaniya chempioni, Germaniya Kubogining sohibi, Germaniya Superkubogining 2 karra sohibi, Angliya chempioni, Angliya Kubogi, Liga Kubogi sohibi, EChL, UEFA Superkubogi va KJChning g'olibi.
Germaniyalik mutaxassis ham o'z shogirdlari bilan ko'proq hamkorlik qilishni xush ko'radi. Yangi asrda u 3ta jamoada ishladi. EChLda 1 marta zafar quchib, 3 marta sovrinni boy berdi. Aynan uning davrida «Borussiya» dunyoning turli burchaklaridagi muxlislar mehrini qozongandi. «Liverpul» esa uzoq yillik tanaffusdan so'ng chempionlikka erishdi.
5-o'rin. Joze Mourino
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 2-o'rin, 242 ochko.
Jamoalari: «Portu», «Chelsi», «Inter», «MYu», «Tottenxem».
Hozir: «Roma» bosh murabbiyi.
Sovrinlari: Portugaliyaning 2 karra chempioni, Portugaliya Kubogi va Superkubogi sohibi, Angliyaning 3 karra chempioni, Angliya Kubogi sohibi, Liga Kubogining 4 karra sohibi, Angliya Superkubogining va ELning 2 karra g'olibi, KL g'olibi.
«Benazir» ham ser Aleks kabi EChLda 2 marta g'olib chiqdi, faqat u avval «Portu» bilan, keyin «Inter» bilan zafar quchdi. Bundan tashqari, «Portu» Joze rahbarligida UEFA Kubogini ham qo'lga kiritgan, «MYu» ELda, «Roma» esa KLda g'alabaga erishgan. Shuningdek, u Angliya, Ispaniya va Italiyadagi barcha mavjud sovrinlarni qo'lga kiritgan. ESPN Mourinoga barcha zamonlardagi buyuk murabbiylar safidan joy bergan.
6-o'rin. Arsen Venger
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 4-o'rin, 211 ochko.
Jamoasi: «Arsenal».
Hozir: FIFA tizimida ishlamoqda.
Sovrinlari: Angliyaning 3 karra chempioni, Angliya Kubogi va Superkubogining 7 karra sohibi.
Londondagi 20 yillik faoliyatida Arsen Venger «to'pchilar» bilan 17ta sovringa sazovor bo'ldi va o'z davrining taniqli murabbiylari safiga ko'tarildi. Uning tashabbuskorligi evaziga «Arsenal» qaytadan shakllandi. 2006 yilda murabbiy EChL g'olibligiga juda yaqin kelgandi - uning shogirdlari «Barselona»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgandi.
7-o'rin. Visente Del Boske
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 7-o'rin, 175 ochko.
Jamoalari: «Real», «Beshiktosh», Ispaniya terma jamoasi.
Hozir: 2016 yilda faoliyatini yakunlagan.
Sovrinlari: Ispaniyaning 2 karra chempioni, Ispaniya Superkubogi sohibi, EChLning 2 karra g'olibi, UEFA Superkubogining 2 karra sohibi, qit'alararo Kubok sohibi, jahon va Evropa chempioni.
Asrlar almashuvi davrida Del Boske «Real» bilan jiddiy natijalarga erishdi, «qirollik klubi»ni 2 marta EChL g'olibiga aylantirdi, keyin «Beshiktosh»ni boshqardi. 3 yillik tanaffusdan so'ng, 2008 yilda Ispaniya terma jamoasi taklifini qabul qilib, oliy maqomda nimalarga qodir ekanligini namoyish etdi - 2010 yilda jahon, 2 yildan keyin Evropa chempioni unvonlariga sazovor bo'ldi. Visente Del Boske - EChL, JCh va Evroda g'olib chiqqan yagona murabbiy!
8-o'rin. Yupp Xaynkes
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 36-o'rin, 61 ochko.
Jamoalari: «Tenerife», «Real», «Benfika», «Atletik», «Shalke», «Borussiya M.», «Bayer», «Bavariya».
Hozir: 2018 yilda faoliyatini yakunladi.
Sovrinlari (1996 yildan): Germaniyaning 2 karra chempioni, Germaniya Kubogi va Superkubogi sohibi, Ispaniya Superkubogi sohibi, EChLning 2 karra g'olibi.
Xaynkes barcha sovrinlariga «Real» va «Bavariya»da erishdi. EChLdagi g'alabalarga shu 2 jamoa bilan zafar quchdi. 2013 yilda faoliyatini to'xtatgandek bo'lgandi. Biroq 4 yildan keyin «Bavariya»ni qabul qilib, chempionlik shohsupasiga olib chiqdi.
9-o'rin. Gus Xiddink
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 12-13-o'rin, 151 ochko.
Jamoalari: Niderlandiya terma jamoasi, «Real», Janubiy Koreya terma jamoasi, PSV, Avstraliya terma jamoasi, Rossiya terma jamoasi, «Chelsi», Turkiya terma jamoasi, «Anji».
Hozir: 2021 yildan beri ishsiz.
Sovrinlari (1996 yildan): Niderlandiyaning 3 karra chempioni, Niderlandiya Kubogi va Superkubogi, qit'alararo Kubok va Angliya Kubogi sohibi.
Bu murabbiy 1998 yilda Niderlandiyani, 4 yildan keyin Janubiy Koreyani JChlari yarim finaliga va Rossiya terma jamoasini Evro-2008da sovrindorlar safiga olib chiqishi bilan muxlislar mehrini qozondi. Yangi asr avvalida esa Xiddink PSVni EChLning yarim finaliga olib chiqdi. O'shanda uning jamoasi safar uchrashuvidagi gol tufayli (0:2, 3:1) final yo'llanmasini «Milan»ga boy bergandi.
10-o'rin. Zayniddin Zidan
Reytingdagi o'rni va ochkolari: 38-o'rin, 59 ochko.
Jamoasi: «Real».
Hozir: ishsiz.
Sovrinlari: Ispaniyaning 2 karra chempioni, Ispaniya Superkubogining 2 karra sohibi, EChLning 3 karra g'olibi, UEFA Superkubogi va KJChning 2 karra g'olibi.
Frantsiyalik afsona hozircha faqat bitta jamoa - «Real»ni, ammo o'ta mohirlik bilan boshqargan. Uning rahbarligida «qirollik klubi» 3 marta EChLda va 2 marta La,Ligada g'olib chiqdi. 2018 yilda Zizu jamoani tark etdi. Lekin tezda qaytgan bo'lsada, 2021 yilda baribir, yana ketdi.
Sodiq SOBIR tayyorladi
1-Aprel 2023,13:10