So'nggi oylar davomida «Barselona» atrofida juda ko'p va turli-tuman xabarlar tarqalmoqda. Kataloniya superklubi prezidentidan shunday mish-mishlarga munosabat eshitishga nima deysiz? Marhamat, Joan Laportaning La Vanguardia nashri jurnalistlari bilan suhbatda aytganlari vositasida turli-tuman savollar va shubha-gumonlarga javob olishingiz mumkin.- Agar La Liga klubimizga hayotiylik rejasi taqdim etmasa ham, uni o'zimiz qo'llaymiz.- Lionel Messi oldingi kengash bilan kelishilgan ish haqini olish muddatini kechiktirishi kerak. To'lov 2025 yilgacha davom etadi. Barchasi aniq grafik asosida amalga oshiriladi.- Yashirmayman, Messini qaytarish masalasida La Liga bilan mavjud resursdan bir qismini unga ajratish to'g'risida kelishuvga erishdik. Bu rejaga ham kiritildi va barchasini Xorxe Messiga ma'lum qildik. U o'g'li Parijda ancha qiynalgani va endi kamroq bosim ostida o'ynashni xohlayotganini aytdi. Tushuning, Leo Barselonaga qaytganida, kuchli bosim ostida qolardi, baribir. Shu nuqtai nazardan Messi qarorini to'g'ri qabul qildim.- O'ylaymanki, Langle masalasida «Tottenxem» bilan kelishuvga erishamiz, oxir-oqibat. Shuningdek, Dest ham bor. Bunday shartnomalar kamdan-kam holatlarda tez amalga oshadi. Hammasi ikkinchi tomonga bog'liq. Tabiiyki, transferlarni tezkor ravishda hal etishni istaymiz, ammo xohlaymizmi-yo'q, sarb qilishimizga to'g'ri keladi.- Fatiga qolish haqida maslahat beraman. U o'z iste'dodi bilan Xavi ishonchini qozonishi va vaziyatni butkul o'zgartirishi mumkin. Ansu biz bilan qolsa, faqat xursand bo'laman. Hozir Fatidan tashqari, Kristensen, Pedri, Gavi, Arauxo, ter Shtegen, Rafinya va Balde transferi bo'yicha ham aniq takliflar bor. Ammo «Barselona» donor klub emas. Shuningdek, Kessie masalasida hozircha rasman taklif olmaganimizni ham aytishim joiz.- Xavi klub holatini yaxshi tushunadi. U aslida yarim himoyani kuchaytirmoqchi, lekin ayrim variantlarni amalga oshirish imkoni yo'qligini ham biladi. Umuman, klub kanteranosiga e'tiborni oshirmaslik katta xato bo'ladi. Mana, hozir ixtiyorimizda Mark Kasado, Pau Prim, Jerar Ernandes va Mark Bernal kabi tarkibni real kuchaytiradigan nomzodlar bor. Qisqasi, avvalo, «La Masiya» tomon yuzlanish kerak.- Kelgusi mavsum uchun rejalashtirilgan barcha homiylik mablag'ining 95 foizi allaqachon kelib tushdi. Klubimiz hamon sarmoyador va homiylar uchun etarlicha jozibador. Ular tariximiz va muxlislarning «Barselona»ga sodiq ekanliklariga to'liq ishonishadi.- Mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz shart. O'tgan mavsum ayollar jamoasi ChLda zafar quchdi, Xavi esa shogirdlarini La Liga taxti sari etakladi. AQSh, Fors ko'rfazi mamlakatlari va Meksikada o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazish bo'yicha manfaatli takliflar etarli. Basketbol yo'nalishida esa «Leykers» bilan muzokara olib boryapmiz. Demoqchimanki, ayni qiyinchiliklarni engib o'tishga qodirmiz.- Barcha to'siqlarga qaramay, moliyaviy holat deylik, 2 yil oldingiga nisbatan ancha yaxshi. Klub keyingi mavsum daromad tezligini ham oshiradi.- Barsa TV yiliga 12 million evro zarar ko'rdi. Aslida bunday bo'lmasligi kerak edi. Kanalda iqtisodiy ma'no yo'q, axborot yo'nalishi ham past. Chunki u to'g'ri tashkil etilmagan, g'oyalar eskirgan, boz ustiga, juda qimmatbaho texnologiyalardan unumsiz foydalanilgan. Shuning uchun zamonaviy texnologiyalar yordamida boshqa echim topishga majburmiz. Zararga ishlaydigan kanalni ushlab turishdan nima ma'no?- Basketbol yo'nalishida 40 millionga teng ish haqi jamg'armasisiz ham talab darajada raqobatbardosh bo'lishimiz mumkin. Murabbiy Mirotich va klubning pozitsiyalari bir-biriga mos emas, shuning uchun unga javob beramiz. Ha, Mirotich katta muvaffaqiyat keltirdi, ammo basketbol klubini qayta tuzish vaqti keldi. Yasikyavichyusga kelsak, u Evropada eng ko'p maosh oladigan murabbiy hisoblanadi. Muzokara boshlaganimizdayoq ushbu mutaxassis jamoamiz falsafasiga to'g'ri kelmasligini tushungandik.- Roppa-rosa 1 yildan so'ng «Kamp Nou»ga qaytamiz, o'shanda arena tribunalarining 70 foizi tayyor bo'ladi. Aks holda, Limak kompaniyasi katta iqtisodiy oqibatlarga yuz tutadi. Ya'ni kechiktirilgan har kun uchun 1 million evro kompensatsiya belgilangan. Umid qilamanki, Limak bunga yo'l qo'ymaydi va yaxshi sur'atda ishlab, stadionni belgilangan vaqtda topshiradi. Firmaning kuchli tomonlaridan biri - bu o'z ishi va vaqtni e'zozlashi.- Stadion rekonstruktsiyasi va kutilmagan xarajatlar tufayli byudjetni qisqartirishga majburmiz. Aslida, hammasi allaqachon yo'lga qo'yilgan. Agar reja yaxshi ketsa, 930-960 million evro iqtisod qilamiz. - Ba'zida Xavini maqtash Gvardiola ta'minlagan zafarlardan voz kechishdek tuyuladi, lekin unday emas. Yo'q, Xavini maqtash Pep qoldirgan merosni kamsitish sanalmaydi aslo.- Mutlaqo sog'lomman. To'g'ri, ilgari sport bilan ko'proq shug'ullanardim, hozir esa vaqt kam. Muhimi, juda yaxshiman, ishtiyoqim ham kuchli. Hozirgi ko'rsatkichlar hammasi joyida ekanligidan dalolat bermoqda. Darvoqe, ayni payt parhezdaman: nonushta shohona, kechki ovqat esa kamtarona...MUHAMMADXON tayyorladi
20-Iyul 2023,23:40
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0