Jahon futbol brendlari orasida «Manchester Siti» oldinda. APL chempioni La Liga grandlari - «Madrid» va «Barselona»dan ham ustun.
Umuman, eng kuchli 10ta futbol brendi ro'yxatida APLdan 6ta klub bor. Uzoq 1872 yili Angliya kubogi turniri ilk marta o'tkazilgan vaqt futbolchilar maosh olishmagan, klublar hududiy assotsiatsiyalarga qaragan. Qisqasi, futbol brendi tushunchasi bo'lmagan ham. Mana, oradan bir yarim asr o'tgach, Angliyaning ko'plab klublari jahon miqyosidagi mashhurlik bo'yicha Apple va Coca-Cola kabi eng sara brendlar bilan teng ko'rilmoqda. Chunonchi, endilikda APL jamoalari er yuzi aholisining turli qatlamlari orasida mislsiz shuhratga burgandi, ayniqsa, grandlar atrofida sodoqatli muxlislarning katta armiyasi shakllanib ulgurdi.
Tabiiyki, mash-hurlik ulkan moliyaviy qiymatga ham ega. Brendlarni baholash va ularning strategiyasi bilan shug'ullanuvchi Brand Finance kompaniyasi yaqinda dunyoning eng qimmatbaho futbol guruhlari ro'yxatini yangiladi. Unga ko'ra, «Manchester Siti» jahon futbolidagi eng kuchli brend maqomini oldi. Oddiy aytganda, APL chempioni bu borada «Madrid»ning naq 4 yilga cho'zilgan etakchiligini buzdi. Tahlilda qayd etilishicha, «Siti»ning umumiy bahosi yil davomida 13 foiz oshdi va 1,51 milliard evroga etdi. «Qirollik klubi» aksincha, 4 foiz arzonlashdi va endi uning qiymati 1,46 milliard evroni tashkil qilmoqda.
Brand Finance brendlar qiymatini hisoblashdan tashqari, marketing investitsiyalari, manfaatdor tomonlar kapitali va biznes samaradorligini baholaydigan muvozanatli ko'rsatkichlar tizimidan foydalangan holda, ularning nisbiy kuchini ham o'lchaydi. Standart (ISO 20671) mezonga muvofiq, hisob-kitobda Evropa, Braziliya, Xitoy va AQShdagi 10000dan ortiq muxlis o'rtasida o'tkazilgan so'rov va original marketing tadqiqotlari ma'lumotlaridan ham foydalaniladi. Brend kuchi klubning muxlislar, futbolchilar, sarmoyadorlar va homiylar bilan aloqasi, yuqori darajadagi daromadidan kelib chiqadi. Bu deylik, homiylik uchun tijorat qiymatini belgilaydi.
Evropaning eng kuchli 10ta futbol brendi ro'yxatiga APLdan 6ta klub («Manchester Siti», «MYu», «Liverpul», «Chelsi», «Arsenal» va «Tottenxem») kirdi. Qolgan 4ta brenddan ikkisi La Liga vakili («Barselona» va «Real»), shuningdek, Bundesligadan «Bavariya» hamda Liga 1dan «PSJ» bor. «A» seriyaning eng ilg'or brendi - «Yuventus» esa atigi 11-qatorda.
7-Sentyabr 2023,08:20
O'qildi: 50 - Fikirlar: 0