Braziliyalik Marselo faoliyati davomida maydonda argentinalik Lionel Messi bilan juda ko'p marta to'qnash kelgan.«Real» afsonalaridan biri yaqinda aynan «mitti daho»ga qarshi o'yinlarini alohida esladi. Marseloning aytishicha, o'yin vaqti Messiga nisbatan provakatsion harakatlanish, uning g'azabini qo'zg'atish faqat va faqat ta'qibchi tomon zarariga ishlaydi.Marselo ayniqsa, Madriddagi o'yinlarda Messiga qarshilik ko'rsatishda shu oddiy qoida (Leo g'azabini qo'zg'atmaslik)ga qat'iy amal qilgan ekan. «Messi o'yin payti umuman gaplashmasdi va men ham unga luqma tashlamaslikka harakat qilardim. Chunki uning jig'iga tegmasangiz, nisbatan muloyimroq ko'rinardi, - dedi «Real» afsonasi. - Ochig'i, ayniqsa, Madriddagi o'yinlarda har doim yigitlar bilan shu qoidaga amal qilish, Leoni o'z holida qoldirish kerakligi haqida kelishib olardik. Chunki agar unga ortiqcha bosim o'tkazishni o'ylasangiz yoki keskin harakat bilan xalaqit berishga urinsangiz, o'zingizga g'avg'o orttirganingiz qoladi. Bunday holatda Leo jahlini qo'zg'atib qo'yasiz. G'azablangan Messiga qarshilik ko'rsatish esa amri-mahol... Qahr otiga mingan Messi har qanday raqib uchun dahshatli tushga aylanadi». Marseloning fikricha, oxirgi Amerika kubogi va JChda raqiblar shu oddiy qoidaga amal qilishmagani tufayli Leodan ko'p aziyat chekishgan: «Mana, Amerika kubogi va JChda raqib jamoalar futbolchilari Leoni provakatsion harakatlar bilan izdan chiqarishga ko'p urinishdi. Oqibatda bu aynan argentinaliklarga qo'l keldi. Eng yorqin misol sifatida JCh-2022 chorak final o'yinini ko'rsatish mumkin. Niderlandiyaliklar o'zlariga qattiq ishongan holda, nafaqat Leo, balki uning sheriklarini ham g'azablantirib qo'yishdi. Oqibatda Messi vahojat rejimini yoqib, gol urdi, samarali uzatma qayd etdi va barchasini Lui van Gal oldida nishonladi».Lionel Messi va «Real» o'rtasidagi munosabatga kelsak, argentinalik yulduz jami 47ta «El-klasiko»da ishtirok etib, 26ta gol va 14ta assist qayd etgan. Marseloning aqidasiga asosan aytsak, agar «realchilar» Messiga qarshilik ko'rsatishda «g'azablantirmaslik kerak» tushunchasiga amal qilishmaganida, uning statistikasi yanada dahshatli bo'larmidi...?MUHAMMADXON tayyorladi
29-Noyabr 2023,08:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0