«Barselona» prezidenti Joan Laporta 2 fevral kuni matbuot vakillari bilan muloqotga vaqt ajratdi.
Shu tariqa jurnalistlar Kataloniya grandi atrofidagi dolzarb masalalar bo'yicha yig'ilib qolgan savollariga javob olish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Quyida e'tiboringizga janob Laportaning RAC1 telekanaligadagi chiqishidan eng e'tiborli qismlari havola etilmoqda.
Xavi iste'fosi
- Bosh murabbiyni ishdan bo'shatish haqida hech qachon o'ylab ham ko'rmagandim. O'zi har doim Xavini «Barselona» ustozi rolida ko'rishni xohlaganmiz. Murabbiyning kutilmagan qarorini «Vilyarreal» bilan o'yindan keyin eshitdim. Tabiiyki, g'oyat taajjublandim, chunki bunga qadar iste'fo yuzasidan umuman og'iz ochmagandik. Ayni payt Xavi mavsum finishigacha ishlashi tayin. Keyin nima bo'ladi? Aslida qanday natija qayd etilishidan qat'iy nazar, uni ishdan olmoqchi emasman. Binobarin, Xavi bunday holatda ketishga loyiq emas. Umuman, ham murabbiy, ham futbolchilarning motivatsiya va sadoqatlariga aslo shubham yo'q. Xavi - halol inson. Agar uning aytganlari, ya'ni 30 iyun kuni ketishi haqidagi qarori haqiqatga aylansa ham, xuddi shu so'zlarni takrorlayman. Ketmasa, nur ustiga a'lo nur! Zero, «Barselona» barqaror ravishda rivojlanmoqda. Oxirgi yillar Xosep Gvardiola va Luis Enrike klubda o'z davrlarini bitishdi, endi navbat Xavida.
Yangi murabbiy masalasi
- Hozir bu ish bilan sport direktori Deku shug'ullanmoqda. Yashirmayman, turli variantlar ustida ishlayapmiz, lekin hali biror nomzod murabbiy bilan gaplashmadik. Tushunarliki, jamoaga «blaugrana» tarixida ma'lum iz qoldirgan tajribali murabbiy kelishi kerak. Agar qandaydir kreativroq qaror qabul qilmasak, albatta. Misol uchun, Rafa Markes nomzodini istisno qilmayman. Pimentaning «Barsa»da qolmaganidan esa afsuslanmayman. Ha, u o'zimizdan chiqqan murabbiylar orasida ajoyib salohiyatga ega. Lekin qaytaraman, Pimentani ishdan bo'shatishni ma'qul ko'rdik va bundan afsuslanishga hojat yo'q.
«Barsa» rahbariyatiga qaratilgan tanqidlar...
- Tanqid - bu qandaydir sub'ektiv jarayon. Hayotda hamisha ko'proq ishni uddalash mumkin, lekin yolg'onga asoslangan tanqidlar meni g'azablantiradi. Qarang, klubni mas'uliyati cheklangan jamiyatga aylantirishni talab qilishdi... Shuningdek, menga oilamni yomonlashlari og'ir botadi. Klub halokat yoqasida turganini aytishlari ham sira tinchlik bermaydi. Vaholanki, muxlislar «Barsa»ni qaysi nuqtada va nima uchun qabul qilib olganimizni yaxshi bilishadi. Hozir bemalol aytaman, jamoani moliyaviy jihatdan qutqardik. Agar rejalashtirilgan miqdordagi daromad marrasiga etsak, klubni batamom qutqaramiz.
Tarkib va uning istiqboli
- Barchamiz tarkibni talab darajasida kuchaytirganimizni o'ylagandik, ammo ba'zi ishlar noto'g'ri ketdi. Aslida har qanday raqibni mag'lubiyatga uchratishga qodir raqobatbardosh jamoaga egamiz, lekin barchasini hali yanada yaxshilash kerak. Faqat shunisi borki, o'yinda maromni ta'minlashga to'sqinlik qiladigan holatlar mavjud. Masalan, asosiy futbolchilar jarohati: ter Shtegen, Pedri, de Yong, Gavi... Unutmaylik, «Barselona» o'tgan mavsum g'alaba garoviga aylandi. Shu nuqtai nazardan qarasak, hozirgi tarkib chempionat peshqadamidan 10 ochko ortda qoladigan darajada emas. Albatta, jamoaning natijalaridan xavotirdaman va vaziyatni yaxshilash yo'lida izlanish bilan bandman. Bugunga kelib, barcha futbolchilar transfer xayolidan ozod. Ularning hech biri na La Liga va na ChLda taslim bo'lish niyatida emas. Xususan, «Napoli»ga qarshi bo'lajak o'yinlarda! Mavsum yakunida esa sport bo'limi transferlar masalasida tegishli choralar ko'radi, albatta.
«Barselona»ni sotish varianti
- «Barselona» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga aylanishi ehtimolini mutlaqo istisno qilaman. Ishontirib aytamanki, klubga egalik qilish modeli o'zgarmaydi. Boshqacha aytganda, «Barselona» sosos (ro'yxatdan o'tgan klub muxlislari guruhi) ga tegishli bo'lib qolaveradi. Deylik, Espai Barca taraqqiyotiga sarmoya kiritganlar ham hozirgi boshqaruv modeliga yaxshi baho berishdi. Ular asosan amerikaliklar va mavjud modelni homiylik mazmuni sifatida ko'rishyapti. Umuman, ayni shu model «Barselona» bebaho ekanligini anglatadi.
«Feyr-pley» mazmun-mohiyati
- Hozirga qadar ish haqi jamg'armasini 172 million evroga qisqartirdik. Taqqoslash uchun, oldin klub daromadidan naq 98 foizi maoshni qoplashga ketardi, endi bu ko'rsatkich 57 foizga teng bo'lib turibdi. Agar moliyaviy «Feyr-pley» qoidasiga har tomonlama hurmat bilan qarasak, klub merosini yangi bosqichga ko'tarishda oxirgi qadamni tashlaymiz. Ha, bizga yangi daromad manbalari kerak, yangi homiylarga ehtiyojimiz bor. Bunda futbolchilarni sotish ham yordam beradi. Oddiy misol, Libero jamg'armasi yaxshi obro'ga ega edi, Frankfurtda ro'yxatdan o'tgan fond normal faoliyat ko'rsatdi, biroq klubga 60 million evro o'rniga 20 «limon» to'ladi, xolos. Qolgan 40 million evroni haligacha olmadik. Jamg'armaga 2023 yil oxirigacha muhlat bergandik, lekin bundan naf chiqqani yo'q. Natijada jamg'arma ustidan sudga murojaat qilishdan o'zga choramiz qolmadi. Shunga qaramay, xuddi shu yo'nalishda ishlashda davom etishimiz kerak. Demoqchimanki, hali ham byudjetda ijobiy balansni ta'minlash imkoniyatiga egamiz. Chunonchi, oldimizda klub aktsiyalaridan 24,5 foizini sotish uchun boshqa variantlar ham yo'q emas. Ayni holatda yangi xaridorlarni Libero fondidan ustun ko'rayotganimni ham yashirmayman. Yo'q-yo'q, jamg'arma bizga pand bergani emas, balki yangi sarmoyadorlar texnologik jihatdan kuchliroq bo'lgani uchun.
«Real» munosabati va «Negreyra ishi»
- Ochiq gapiraman, «Madrid» o'zini yaxshi tutmayapti. Oddiy ifoda etganda, «Real» qabul qilib bo'lmaydigan darajada tsinizm namoyish etmoqda. Sudya Xoakin Agirre sud jarayonida aynan «Real» iltimosiga binoan, tergov jarayoni vaqtini uzaytirdi. Vaholanki, bir yil davomida «Barselona»ning kimgadir pora berganini isbotlovchi dalillar topilmadi. Shunday ekan, «Negreyda ishi» yuzasidan tergov cheksiz davom etmasligi kerak. Axir barchasi uchun belgilangan muddat bor. Oradan 1 yil o'tdi va «Real» endi bu haqda ko'p gapirmayapti. Qolaversa, 70 yil davomida hakamlarga kim kuchliroq ta'sir ko'rsatganini yaxshi bilamiz, shuningdek, «Madrid» a'zolari va muxlislarini ham. VAR tizimini suiiste'mol qilish hakamlarga katta putur etkazadi. «Madrid» esa hozirda VAR qarorlaridan eng ko'p foyda ko'rayotgan jamoalardan biridir. Madrid Television olib borayotgan tashviqotga kelsak, bu g'irt sharmandalikdir. Agar ularda zarracha odob-axloq bo'lsa, bunday ish tutmasdilar.
15-Fevral 2024,09:40
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0