Futbol uik-endi zo'r o'tdi. Etakchilarning ko'pi ochko yo'qotdi. Juda ko'pi. Kutilganidan-da ko'pi. Shanba oqshomi sensatsiyalarini "Man. Siti" boshlab berdi. "Bavariya" ulab yubordi. "Chelsi" ham shular qatoriga qo'shildi.Yakshanbaning haqqini "Yuve" boshladi va peshqadamlikni "Inter"ga topshirdi. "MYu" va "Arsenal"ning bir xil natijasi hech kimni ajablantirmay qo'ygan bo'lsa-da, top-klublarning qora uik-endi safiga qo'shib qo'ydik. "Napoli" o'ziga kela olmayapti, unga ham o'rgandik.Oxirgi bahs turning markaziy o'yini bo'ldi va unda qay biridir engilsa ham yuqoridagilar ro'yxatiga tushardi. Bu ro'yxatga "Atletiko"ni Messi yozib qo'ydi.Endi qiziq holat shuki, mana shu ochko yo'qotgan klublarning hammasi raqibiga qaraganda xavfli vaziyatlarni ko'proq yuzaga keltirdi. Foydalana olmadi, xolos. Jazo muqarrar bugungi futbolda.Yana bir qiziq holat.Aguero o'ynamovdi, "Siti" vaziyatlarni o'ldirdi. Dibala "Yuve"ni qutqaryapti. Lautaro "Inter"ni peshqadamga aylantirdi.Messi "Barsa" uchun nechanchi martaki xaloskor...Shu turginaning o'zida!Argentina terma jamoasi nega mundialni yutolmaydi, hayronman...Mayli, bu Argentinaning dardi. Ertani o'ylaylik yaxshisi. Bugun Frantsiyada yil o'yinchisiga "Oltin to'p" topshiriladi. Da'vogar uch yigit ham gol urdi: Messi va Ronaldu bittadan, van Deyk dubl. Ularning ikkisi bugun tunda xotirjam uxlaydi. G'olibligini eshitib bo'lgan bittasi esa... bilmadim tunni qanday o'tkazadi. Mabodo uxlay olsa, tushiga Parij ko'chalari, Eyfel minorasi kirishi aniq. Biz esa, siz bilan shu marosimni UzReport kanali orqali kuzatamiz. Hamkasbim bilan bugungi tuningizni ham "o'g'irlaymiz". Rozi bo'lasizlar!Xayrulla Hamidov.
2-Dekabr 2019,11:00