Transfermarkt portali ChL tarixiga nazar solib, turnirning bosh sovrini - «shalpangquloq» kubokni qayta-qayta boshlari uzra baland ko'tarishgan eng sovrindor murabbiylarni yana bir bora alohida e'tirof etdi. Siyosat ayvonida katta sakkizlik sammitiga qaysi mamlakatlar kirishi ko'pchilikka ma'lum. Shuningdek, ChLga doir bunday sammit ham o'ta yorqin ishtirokchilardan tarkib topgan, albatta.
4-8-o'rinlar: Ottmar Xitts-feld - 2ta kubok. Germaniyalik mutaxassis «Borussiya» D. va «Bavariya» boshqaruvida ChL taxtiga 1 martadan ko'tarildi. To'g'ri, janob Xittsfeld oxirgi marta «shalpangquloq» yutganida (2001 yil), hozirgi ayrim yulduzlar hali tug'ilishmagandi ham.
4-8-o'rinlar: Visente del Boske - 2ta kubok. «Real» hayotida chuqur iz qoldirgan ispaniyalik mutaxassis. «Janob kartoshka» laqabi bilan tanilgan Visente bobo ChLdagi har ikki g'alabasini «Madrid» bilan nishonladi. U oxirgi zafarini Xittsfeldga nisbatan 1 yil keyin (2002) rasmiylashtirgan edi.
4-8-o'rinlar: Aleks Fergyuson - 2ta kubok. «MYu»ning afsonaviy murabbiyi bisotida ham 2ta nufuzli kubok bor. Shotlandiyalik mutaxassis «qizil iblislar»ni oxirgi marta 2008 yili ChL shohsupasiga boshlagandi. Jamoa shundan buyon «shalpangquloq»dan uzoqda...
4-8-o'rinlar: Joze Mou-rino - 2ta kubok. Portugaliyalik mutaxassis «Chelsi» va «Inter» kabi mega-klublarni boshqardi, lekin ChLda nisbatan kamtar sanalgan «Portu» hamda «Inter» bilan bir martadan g'alaba kuyini chaldi. «Benazir»ning oxirgi sovrini 2010 yilga to'g'ri kelgandi.
4-8-o'rinlar: Yupp Xaynkes - 2ta kubok. Germaniyalik yana bir mutaxassis. Lekin Yupp bobo Xittsfelddan farqli ravishda xorij klubi bilan ham cho'qqiga chiqdi. Aniqroq aytsak, dastlab «Real»da «shalpanquloq» kubokka etishgan Xaynkes keyinchalik «Bavariya» boshqaruvida ushbu zafarli yo'lini yana bir bora takrorladi 2013 yili.
2-3-o'rinlar: Zayniddin Zidan - 3ta kubok. Futbolchi rolida «Real» tarixidan joy olgan buyuk Zizu keyinchalik murabbiy sifatida ham «Qirollik klubi» hayotida katta ish bajardi. Ya'ni o'z shogirdlarini naq 3 marta ChL taxti sari etakladi. Zidanning oxirgi g'alabasi 2018 yili qayd etildi.
2-3-o'rinlar: Xosep Gvardiola - 3ta kubok. 3ta jamoa bilan ChL kubogini o'ziga bo'ysindirgan murabbiy. Pep bu ishni avvaliga «Barselona», keyin «Bavariya» bilan amalga oshirdi. O'tgan yili esa «Manchester Siti»ni ham axiyri birinchi raqamli evrokubokda g'alaba sari etakladi.
1-o'rin: Karlo Anchelotti - 5ta kubok. Italiyalik metr «Milan» va «Real»da ChLning ikki karradan g'olibiga aylandi. Turnirda oxirgi marta 2022 yili zafar quchgan don Karlo hozir «Madrid» bilan o'ziga xos «xet-trik»ni ko'zlayotgani aniq. Ammo oson emas, axir chorak finalda Anchelottidan eng yaqin ta'qibchisi - Xosep Gvardiolaning dahshatli «Manchester Siti»sini yo'ldan chetga chiqarib tashlash talab etiladi.
A.ABDUVALIXO'JAEV tayyorladi
12-Aprel 2024,20:40
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0