
Ispaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Tyago Alkantara «Barselona» bosh murabbiyi sifatida o'z debyutini yaqinlashib kelayotgan “El-klasiko”da — «Real»ga qarshi uchrashuvda o'tkazishi mumkin.Eslatib o'tamiz, La Liganing 9-turidan o'rin olgan dramatik «Barselona» — «Jirona» (2:1) uchrashuvida kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xans-Diter Flik qo'shimcha daqiqalarda maydondan chetlatilgan edi. Shu sababli, Flik mavsumning asosiy bahsi hisoblangan «Real»ga qarshi “el-klasiko”da zaxira o'rindig'ida bo'lolmaydi. Ushbu o'yin 26 oktyabr, yakshanba kuni «Santyago Bernabeu» stadionida bo'lib o'tadi.Forblaugrana nashri ma'lumotiga ko'ra, bosh murabbiy yo'qligida jamoani boshqarish vazifasi Tyago Alkantaraga topshiriladi. Shu tariqa, “Barsa”ning sobiq yarimhimoyachisi uchun bu uchrashuv murabbiy sifatidagi ilk rasmiy sinov bo'lishi mumkin.Alkantara «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo'lib, 2011–2013 yillarda asosiy jamoa safida o'ynagan, keyin esa «Bavariya»ga yo'l olgan.2024 yil yozida Flik "ko'k-anorranglilar"ni boshqarishni boshlaganda, Tyago uning murabbiylar shtabiga qo'shilgan edi. Keyinroq u murabbiylik litsenziyasini olish uchun vaqtincha jamoani tark etgandi. Endi esa u yana «Barsa»ga qaytdi va qiyin vaziyatda jamoaga yordam berishi, hatto «Real»ga qarshi afsonaviy derbini boshqarishi mumkin.
O'qildi: 24513 - Fikirlar: 0





525