
"Barselona" klubining boshqa jamoalar oldidagi umumiy qarzi taxminan 159 million evroni tashkil etadi, deb xabar bermoqda Foot Mercato nashri.
Futbol klubining moliyaviy ahvoli hanuz tang holatda. Prezident Joan Laporta tomonidan klub iqtisodiyotini barqarorlashtirish uchun aktivlarni sotish va tijoriy kelishuvlar orqali ko'rilgan choralarga qaramay, «Barselona» La Liga moliyaviy feyr-pley qoidalariga rioya etishda qiynalishda davom etmoqda.
Manba ma'lumotlariga ko'ra, o'tgan mavsum yakuniga ko'ra «Barselona» soliqlar to'langanidan so'ng 17 million evro miqdorida zarar qayd etgan. Klub a'zolari bilan bo'lib o'tgan yig'ilishda rahbariyat so'nggi yillardagi transferlar bilan bog'liq Evropa jamoalari oldidagi qarzlar haqida hisobot taqdim etgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, katalon klubi hali ham «Manchester Siti»ga Ferran Torres uchun 13 million evro, «Bavariya»ga esa Robert Levandovski uchun 10 million evro qarzdor.
Eng yirik to'lovlar Dani Olmoning transferi bilan bog'liq — yaqin muddatda 19 million evro va uzoq muddatda yana 15 million evro to'lanishi kutilmoqda. Shuningdek, «Barselona» Braziliyaning «Paranaense» klubiga Vitor Roke uchun 17 million evro to'lashi lozim.
Jami transfer qarzlari 159 million evroga etgan. Kreditorlar ro'yxatiga frantsuz klublari ham kirgan: «Bordo» — Jyul Kunde tayyorgarligi uchun 359 ming evro, havaskor «La Bred» klubi esa 80 ming evro olishi kerak. Shuningdek, «Renn» klubi Rafinya transferi bilan bog'liq 32 ming evro to'lovni kutayapti. «Barselona» esa hali ham «Lids» jamoasiga ushbu futbolchi uchun 42 million evro qarzdor hisoblanadi.
O'qildi: 24517 - Fikirlar: 0





528