
Turinning «Yuventus» klubi yaqin kunlarda Robert Levandovskining vakillari bilan uchrashuv o'tkazadi. Polyak hujumchisining «Barselona» bilan shartnomasi shu yozda yakuniga etadi va futbolchi ayni damda faoliyatini davom ettirish uchun turli variantlarni ko'rib chiqmoqda.
Taniqli insayder Nikolo Skiraning xabar berishicha, «keksa sinora» 37 yoshli yulduzga yillik 6 million evro maosh bilan bir yillik shartnoma taklif qilishga tayyor. Hozircha hujumchi ushbu moliyaviy shartlarga rozi bo'lishi yoki bo'lmasligi noma'lum.
Levandovskiga «Yuventus»dan tashqari Saudiya Arabistoni, Turkiya va MLS klublari hamda Italiyaning boshqa bir grandi — «Milan» tomonidan qiziqishlar mavjud.
Eslatib o'tamiz, avvalroq futbolchining o'zi maoshi kamayishiga rozi bo'lgan holda «Barselona» bilan amaldagi kelishuvini uzaytirishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq kataloniyaliklarning yozgi transfer rejalari va tarkibni yoshartirish siyosati hujumchining kelajagiga ta'sir qilishi mumkin.
Avvalroq «Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jamoa yozgi transfer oynasida «ahmoqona xatolar»ga yo'l qo'ymasligi va Deku bilan birgalikda tarkibni kuchaytirish ustida ishlayotganini ta'kidlagan edi.
O'qildi: 159532 - Fikirlar: 0





308