
Kataloniyaning «Barselona» klubi «Manchester Yunayted» hujumchisi Markus Reshford bo'yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Sky Sport insayderi Florian Plettenbergning xabariga ko'ra, «ko'k-anorranglilar» ingliz futbolchisini o'z safida saqlab qolish niyatida, biroq buning uchun 30 million evro sarflashni rejalashtirmayapti.
Hozirda Reshford «Barsa»da ijara asosida to'p surmoqda va shartnomada uni aynan shu summa evaziga sotib olish huquqi ko'rsatilgan. Kataloniyaliklar uchun ideal variant — ijara muddatini yana bir mavsumga uzaytirish. Agar «Manchester Yunayted» bunga rozi bo'lmasa, «Barselona» transfer summasini sezilarli darajada tushirishga harakat qiladi.
Jamoa bosh murabbiyi Xansi Flik 28 yoshli hujumchining o'yinidan mamnun va uning jamoada qolishini qo'llab-quvvatlamoqda. Joriy mavsumda Reshford La Liganing 28 ta o'yinida maydonga tushib, 7 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.





422