
«Barselona» «Kamp Nou»dagi rekonstruktsiya ishlari davom etayotgani sababli uy uchrashuvlarini o'tkazishda muammoga duch keldi. Marca nashrining xabar berishicha, 2027 yilning yozida, stadionga tom o'rnatish ishlari boshlanganda, klub yana bir necha oyga o'z maydonini tark etishiga to'g'ri keladi.
«Barselona» rahbariyati Olimpiya stadioniga qaytishni istamayapti. Buning o'rniga klub jamoaning dubl tarkibi o'yinlarini o'tkazadigan Yoxan Kroyf nomidagi stadionni kengaytirish variantini ko'rib chiqmoqda.
«Barselona» ushbu stadion sig'imini 16 ming tomoshabingacha oshirishni rejalashtirgan, biroq mahalliy hokimiyat bu rejalarga qarshi chiqmoqda. Ma'muriyatning ta'kidlashicha, texnik jihatdan stadion taxminan 10 ming o'ringa mo'ljallangan, uning sig'imini 16 minggacha etkazish esa transport tizimida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi va tumanga ortiqcha yuklama bo'ladi.
Shu bilan birga, munitsipalitet stadion sig'imini biroz oshirishni (yana 4 mingta qo'shimcha o'rin) ma'qullashga tayyor. Bu La Liga talablariga javob berish uchun kifoya qiladi, biroq klubning asosiy rejalarini amalga oshirish uchun etarli emas.





382