
«Barselona» ketma-ket ikkinchi bor qo'lga kiritilgan La Liga chempionligini katta shodiyona bilan nishonladi. The Athletic nashrining mahalliy hokimiyatga tayanib xabar berishicha, Kataloniya klubining zafarli yurishini tomosha qilish uchun shahar ko'chalariga taxminan 750 000 nafar muxlis chiqqan.
Jamoa futbolchilari o'tirgan ochiq avtobus Barselonaning eng diqqatga sazovor joylari bo'ylab besh soatdan ortiq harakatlandi. Ishqibozlar o'z kumirlaridan dastxat olish ilinjida avtobus tomon turli buyumlarni uloqtirishdi.
Xususan, yosh himoyachi Pau Kubarsi Kataloniyaning mashhur «fuet» kolbasasiga dastxat qo'yib bergan bo'lsa, Pedri o'zi tug'ilib o'sgan Kanar orollaridan keltirilgan bananlarga imzo chekdi.
Bayram tadbirlari yakunida avtobus mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida «Kamp Nou» stadioniga qaytib keldi. Bu vaqtga kelib ham stadion atrofidagi olomon tarqalmagan edi — muxlislar klub madhiyasini kuylab, futbolchilarni olqishlar bilan kutib olishdi.
O'qildi: 147243 - Fikirlar: 0





574