
Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente tez orada Jahon chempionati uchun qaydnomani belgilab oladi. Mundialda «qizil furiya» sharafini himoya qiladigan futbolchilarning to'liq ro'yxati 25 may kuni e'lon qilinadi. Tarkibga kirishga nomzodlardan biri sifatida «Barselona» futbolchisi, hozirgacha milliy jamoada debyut qilmagan Mark Bernal tilga olinmoqda.
«Jahon chempionatiga chaqiruv haqida hech kimga oldindan xabar berishmaydi — futbolchilar buni xuddi jurnalistlar va boshqalar qatori bir vaqtda bilib olishadi. Turnirga borishingga hech qachon yuz foiz amin bo'la olmaysan. Hozircha yoz uchun hech qanday reja tuza olmayman — qaydnoma e'lon qilinishini kutish kerak», — deya «Barca Universal» iqtidorli yarim himoyachining so'zlaridan iqtibos keltirmoqda.
Eslatib o'tamiz, 26 may kuni Mark Bernal 19 yoshini qarshi oladi. Joriy mavsumda u «ko'k-anorranglilar» safida barcha turnirlarda 32 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 5 ta gol va bitta golli uzatmani yozdirib qo'ydi.





463