Jahon chempioni boʻlish, "Chempionlar Ligasi" musobaqasida gʻolib chiqish har bir futbolchi va jamoaga gʻurur hissini beradi. Bu - futbol jamoaviy o'yinligini anglatadi. Lekin, "Oltin butsa" kabi shaxsiy sovrinlar ham borki, ular oʻyinchining nufuzi va darajasini oshiradigan eng koʻzga koʻringan sabablardir. Ayni paytda Yevropada "Oltin butsa" uchun kurash avjiga chiqqan. Shuning uchun, "FCB.uz" sayti Yevropa top ligalarining toʻpurarlarini bir yerga jamlashga va ularning imkoniyatlarini muhokama qilishga qaror qildi.
Marhamat, "Oltin butsa"ga nomzodlar bilan tanishing:
#1 Chiro Immobile | Latsio | 27 ta gol (54 ochko)
Italiyalik hujumchi "A seriya"ning oxirgi paytlardagi eng barqaror toʻpurarlaridan hisoblanadi va ushbu mavsum uning "ketmoni ancha baland uchyapti". Chiro 2013-14 va 2017-18 yillarda Italiyada eng koʻp gol urgan futbolchi boʻlishga erishgan. Biroq, Top-5 chempionatlari orasida bu sovrinni mazasini hali totib koʻrmagan. Bu mavsum "Oltin butsa" unga nasib qilishi ehtimoli katta.
#2 Robert Levandovski | Bavariya | 25 ta gol (50 ochko)
Robert Levandovski dunyoning oʻtgan 10 yillikdagi eng koʻzga koʻringan toʻpurarlaridan va hozirda u oʻtgan mavsum urgan 22 golidan mavsum tugamasdan ancha oldin oʻtib ketdi. Polyakning gol urishga boʻlgan ishtiyoqi bu yil ham har doimgidek baland. "Oltin butsa" esa Robertdan qoʻrqadi shekilli, har yili "tutqich bermaydi". Agar Bavariya yulduzi tizzasidan olgan jarohatidan tez orada qutulsa, albatta raqobatchilarga jiddiy bosh ogʻrigʻi boʻladi.
#3 Krishtianu Ronaldu | Yuventus | 21 ta gol (42 ochko) Toʻrt karra "Oltin butsa" gʻolibi mavsumni oʻzining odatdagi gʻayrati bilan boshlamadi, ammo hozirga paytga kelib u "A seriya" darvozabonlarini xafa qilishni boshlab yuborgan. Shuni eʼtirof etish kerakki, urilgan gollarning sal kam yarmi penaltidan kiritilgan.
#4 Timo Verner | RB Leipsig | 21 ta gol (42 ochko)
Timo Verner 2016-17 mavsumda "Bundesliga" da 22 ta gol urib, shonli yurish boshlashiga qaramasdan, keyingi yillarda u unchalik koʻzga tashlanmay qolgan edi. Biroq, nemis forvardi bu mavsum uchun oʻz ustida qattiq ishlagan koʻrinadi.
#5 Erling Haland | RB Zalsburg / Borussiya Dortmund | 25 ta gol (40 ochko)
Baland boʻyli yosh hujumchi Erling Haland allaqachon Yevropada ancha-muncha muhlisni oʻziga rom qilib qoʻydi. U Avstriya "Bundesliga"sida 16 ta gol urgandan keyin, yanvarda "Borussiya" klubi uni sotib olishga qaror qildi. Kelishi bilanoq, raqib darvozasi tomon toʻsib boʻlmas zarbalar berib, gollarni yogʻdirib tashladi. Debyutida zahiradan tushib "hat-track" ga erishishi hech kimni hayoliga kelmagan har holda.
Izoh: Halandning Zalsburg safida urgan gollari 1.5, Dortmund safida urganlari esa 2 ochko hisoblanadi.
#6 Lionel Messi | Barcelona | 18 ta gol (36 ochko)
Va nihoyat bizning qadrdon Lionel Messi. Olti marta "Oltin butsa" sohibiga aylangan Leoning, bu yil ham raqobatchilar orasidan tushib qolgisi yoʻq. Oʻtgan mavsum u "La Liga" da 36 marta raqib darvozabonlarini ranjitgan va oʻzing ketma-ket uchinchi "Oltin butsa"sini uyiga olib ketgan. Toʻgʻri, bu yil uning peshqadam bilan oʻrtasidagi farq 9 ta golni tashkil qiladi, biroq eʼtibor beradigan boʻlsak, Messi koʻpincha mavsum oxirida gol urishni boshlayapti. Oʻtgan yili ham huddi Messi toʻpurarlar ro'yxatida tushib qolgandek koʻringan edi. Nihoyada, uning gol urish "mexanizm"i ishga tushib, raqiblaridan ancha ilgarilab ketgan. Uzoq vaqt davom etgan golsiz seriyadan keyin "Eibar"ga urilgan 4 tasi, yana bizga oldingi mavsumlarni eslatib yuboryapti. Nahotki yana tarix qaytariladi?
Eslatib oʻtamiz, "Oltin butsa" uchun faqat ichki chempionat doirasida urilgan gollar hisobga olinadi.
Fayzullo Murodov
6-Mart 2020,08:45