Shunday o‘yinlar borki, oradan necha yil o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha hayajon bilan ko‘rsa bo‘ladi. Har safar qayta ko‘rayotganda, avval ko‘rmagan jihatlaringizni ilg‘ashingiz mumkin.
Hozir sizlarga futbol tarixidagi eng esda qolarli o‘yinlar o‘ntaligini tavsiya qilamiz.
10. “Manchester Yunayted” – “Real Madrid” – 4:3
Chempionlar Ligasi chorak finali – 2002/2003, javob uchrashuvi
Madriddagi 3:1 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng manchesterliklar “Orzular teatri”da 2 ta gol farqi bilan g‘alaba qozonishi kerak edi. Ammo “Real” o‘z nomi bilan “galaktikos” edi: Zidan, Figu, Ronaldo, Roberto Karlos, Raul va Makelele.
“Qizil iblislar” o‘z yurishlarini to‘xtatishdi. Ammo boshini tik tutgan holda musobaqani tark etdi. O‘yinni albatta tomosha qilishingiz kerak, hech bo‘lmaganda Devid Bekxemning jarima zarbasidan urgan ajoyib goli uchun.
Bu o‘yinni Roman Abramovich tribunadan turib tomosha qilgan edi. Hayajonga boy o‘yindan zavqlangan Abramovich tez orada “Chelsi”ni sotib olishga qaror qildi va Angliya transfer bozorida “katta portlash” hosil qildi.
9. “Chelsi” – “Bavariya” – 1:1, pen. 4-3
Chempionlar Ligasi finali – 2011/2012 Juda g‘alati o‘yin bo‘lgan edi. Stsenariy bo‘yicha butun Evropada kuchli hisoblanayotgan “Bavariya” hech qanday qiyinchilikka duch kelmasligi kerak edi. Bundan tashqari final o‘z uyida – “Alyants-Arena”da bo‘layotgandi. London klubi ustozining tarjibasi ham hamin qadar. Lekin Yupp Xaynkes shogirdlari mo‘jiza tufayli sovrinni qo‘ldan chiqarishdi. “Aristokratlar”ning oltin avlodi bo‘lmish Chex, Terri, Lempard va Drogba uchun Chempionlar Ligasi sovrinini qo‘lga kiritish uchun oxirgi imkoniyat edi. Ular bu imkoniyatdan unumli foydalanishdi. Siz bu o‘yinda “avtobus” himoyani, Myullerning golini, Drogbaning bosh bilan urgan golini ko‘rishingiz mumkin. Andrey Shevchenko keyinchalik bu o‘yin haqida fikr bildirayotganda: “Bir do‘stimga o‘yindan oldin “Chelsi” birinchi burchak zarbasidayoq gol urishini aytib o‘tgandim” – deydi. 88 daqiqadagi birinchi burchak zarbasi Drogbaning goli bilan yakunlandi. Keyin esa qo‘shimcha daqiqalar, Robben penaltidan unumli foydalana olmaydi, penaltilar seriyasida esa Drogba hal qiluvchi golni uradi.
8. Ispaniya – Italiya – 4:0
Evro-2012 finali
Bu - Ispaniyaning Evropa chempionligini himoyasi uchun maydonga chiqqan o‘yin edi. Kievdagi “Olimpiyskiy” stadionida bo‘lib o‘tgan bahs Visente Del Boske qo‘l ostidagi jamoa uchun oxirgi shohsupaga chiqish imkoniyati edi. Shundan so‘ng terma jamoaning o‘yinlari pasayib ketdi.
Ammo ispanlar qisqa muddatda juda ajoyib tarix yarata olishdi. Maydonda to‘rtta himoyachi va oltita yarim himoyachi bor edi. Jamoa hujumchisiz harakat qildi. Xabi Alonso, Buskets, Xavi, Inesta, Silva va Fabregas. Birorta nominal hujumchi yo‘q! “Aldamchi to‘qqizlik”da esa Silva, Fabregas va hatto Inesta vaqti-vaqti bilan almashib turar edi.
Bu o‘yinni albatta ko‘ring!
7. “Barselona” – “Dinamo” Kiev – 0:4
Chempionlar Ligasi guruh bosqichi – 1997/1998
Van Gal boshchiligidagi “ko‘k-anorranglilar”ni o‘rtamiyona Evropa klubi shunchaki er bilan yakson qilishdi. Kievliklar mo‘’jiza ko‘rsatishgan edi. “Dinamo”chilar shunday harakat qilishardiki, go‘yo ular maydonda bitta ko‘p bo‘lib harakatlanayotgandek taassurot uyg‘otishardi.
O‘yinni endi ko‘zga ko‘rinayotgan bo‘lajak yulduz – Shevchenko uchun ham ko‘rish zarur. O‘sha o‘yinda u xet-trik qayd etgan.
6. “Liverpul” – “Barselona” – 4:0
Chempionlar Ligasi yarim finali – 2018/2019, javob uchrashuvi
“Enfild” – mistik stadion. Venger, Fergyuson, Gvardiola – bu murabbiylarning har biri stadion atmosferasi metafizik darajada ekanligi, bu erda mo‘’jizaviy nimadir borligini ta’kidlashgan.
Xuddi shunday voqea o‘tgan mavsumda ham sodir bo‘ldi. “Qizillar”ning ajoyib pressinglari, Alissonning seyvlari, Arnoldning burchak zarbasi – o‘yinni ko‘rish uchun sabablar bisyor. Eng qizig‘i – bu mo‘’jiza etakchi futbolchilar bo‘lmish Muhammad Saloh va Roberto Firminosiz amalga oshdi.
“Reply” tugmasini bosish uchun munosib sabab.
5. “Bavariya” – “Atletiko Madrid” – 2:1
Chempionlar Ligasi yarim finali – 2015/2016, javob uchrashuvi
Gvardiola Simeonega qarshi. Bu o‘yin haqida afishalarda shunday yozilgandi: “Ideal himoyaga qarshi ideal hujum”. Madridlikllar Myunxenga o‘z uylaridagi 1:0 hisobini saqlab qolish uchun tashrif buyurishgandi. “Bavariya” esa iloji boricha 2 ta gol urishni maqsad qilgan.
Ammo o‘sha kuni himoyaviy taktika ish bermadi. Myunxenliklar o‘z maqsadlariga erishdi. Lekin Simeone jamoasi munosib qarshilik qilgan edi. Gvardiola uchun esa nemislar bilan xalqaro arenadagi so‘nggi o‘yin edi. Keyingi manzil esa "Tumanli Albion" bo‘ldi.
4. Braziliya – Germaniya – 1:7
Jahon Chempionati-2014 – yarim final
Nafaqat tribunadagilarni, balki butun dunyoni shokka tushirib qo‘ygan o‘yin. “Bundestim” shunchaki fantastik tarzda harakat qildi va Miroslav Klozening Jahon Chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanishiga yordam berdi.
Popkornni g‘amlab oling va o‘yinni tomosha qiling.
3. “Barselona” – “PSJ” – 6:1
Chempionlar Ligasi chorak finali – 2016/2017, javob uchrashuvi
O‘sha kuni 8 mart erkaklar uchun eng yaxshi kunga aylangandi. “Barselona” o‘z uyida g‘alaba qozonishini hamma tushunib turgan edi, shu bilan birga parijliklar ham 4 ta golni yo‘qqa chiqaradigan havaskor futbolchilar emasligini ham. Ammo o‘yin butunlar boshqacha kechdi.
Serxi Robertoning goli butun stadionni “portlashiga” sabab bo‘ldi. “Kataloniya mo‘’jizasi” karantin paytida ko‘rishga arziydigan eng zo‘r o‘yinlardan biri.
2. “Manchester Yunayted” – “Bavariya” – 2:1
Chempionlar Ligasi finali – 1998/1999
Gari Nevill o‘z avtobiografiyasida bu o‘yin haqida shunday yozadi:
“Biz hammamiz charchagan edik. Bilmadim, qaerdan paydo bo‘ldi, ammo men o‘zimda kuch topdim. Tasodifan chap qanotda paydo bo‘ldim va burchak zarbasi ishlab oldim. Bu afsonaviy kambek edi. Sherringem gol urdi. Hayajon bilan golni nishonladik. Biz o‘yinga qaytgan edik. Keyin esa Sulsher g‘alaba golini urdi va treblga erishdik ”
Oradan 20 yil o‘tgan bo‘lsa ham bu o‘yin millionlab tomoshabinlar qayta va qayta tomosha qiladigan, hayajonga boy finallardan biridir.
1. “Milan” – “Liverpul” – 3:3, pen. 2-3
Chempionlar Ligasi finali – 2004/2005
Film olsa bo‘ladigan klassik o‘yin!
Karlo Anchelotti o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi: “Men shogirdlarimga juda qimmatli maslahatni beraman: hech qachon xotirjamlikka berilmaslik kerak. Men 3:0 hisobida oldinda borib ham, Chempionlar Ligasini finalida yutqazganman.”
Rafael Benites tanaffus vaqtida taktikani o‘zgartirdi. Jerrardning pozitsiyasi o‘zgargan edi. Bu narsa o‘yin taqdirini hal qildi. Istanbulda “You will never walk alone” kuylangan edi!
Agar kimdir endi futbol ko‘rishni boshlayotgan bo‘lsa va qay o‘yinni ko‘rishni bilmay boshi qotgan bo‘lsa, “Istanbul mo‘’jizasi”ni qo‘yib bering. Bemalol u bilan o‘zingiz ham tomosha qilsangiz bo‘ladi.
Manbaa: sports.uz
28-Aprel 2020,08:00