1 may deganda yoshligim esimga tushadi. Mehnatkashlar bayrami edi. Parad bo'lardi. Tabiiyki, birinchi mayga aloqador futbolchilarni ham, o'yinni ham yoshligimga, hech qursa yaqin o'tmishga dahldor kunlardan izlasam to'g'ri bo'lardi.
Shu kuni nemis futbolining yorqin vakili Oliver Birxoff tug'ilgan ekan. 1968 yili Karlsrue shahrida. 27 yoshigacha o'rtamiyona hujumchi maqomida bo'lgan. Udinezedagi portlashidan so'ng terma jamoaga jalb etiladi va 28ga kirar arafasida o'zining ilk turniri – Evro-96ga boradi. Finalgacha ikki uchrashuvda zaxiradan tushib hech narsa qila olmagan. Ammo Chexiya bilan kechgan oxirgi bahsda ikkinchi bo'lim o'rtasida tushiriladi, avval hisobni tenglashtiradi, so'ng 105-daqiqada Oltin golni kiritib, Germaniyaga oltin medal olib keladi. Darhol uni Oltin bola deb nomlaydilar.
Birxoffning hayotini o'qiy turib, men inson umid bilan doim kurashaverishi kerak degan xulosaga kelaman. Kech porlashi uning futbol tarixiga kirishiga to'sqinlik qila olmadi. Klublardagi muvaffaqiyatsizliklari, uzoq yillar o'z o'rnini topa olmaganini bugun hech kim surishtirishmaydi. O'sha finalni va hamma hayajonda turgan qo'shimcha bo'limlarda gol yo'llab, o'yinni yakunlayotgan yigitni tasavvur qilib olaveradilar. Zo'r, a?!
Yana bir Oliver, familiyasi Noyvill bo'lgan hujumchi sal keyinroq nemis futbolining yangi asrdagi elkadoshi bo'ldi. Ikki jahon chempionatida uning o'yinlarini tomosha qilganmiz. To'g'ri, Birxoff kabi yorqin damlar unga nasib qilmagan, biroq klublari miqyosida yaxshi taniymiz. Leverkuzenning Bayer klubi aynan uning hujumlari bilan xavfli edi. Zidan haligi allambalo golini urgan final oqshomida Noyvill Kasilesning tushlariga kiradigan zarbalari bilan esda qolgandi.
Sal yaqinroqqa kelamiz. 2013 yilning birinchi mayiga. Bu kecha qay o'yin bilan yodda qolgan? "Barselona" "Kamp Nou"da "Bavariya"ni qabul qilgandi. EChL yarim finali, birinchi bahs Myunxenda qaqshatqich mag'lubiyat bilan tugagan, javob bahsida kataloniyalik muxlislar Messi jamoadoshlardan nedir mo'jiza kutishardi.
"Barselona" ancha keyinroq 0:4ni o'z foydasiga o'zgartira olar, ammo bu kecha "Kamp Nou" devorlari navbatdagi mag'lubiyat qoniga bo'yaldi. Robben va Myullerning gollari, Pikening avtogoli yana "Barsa"ni yirik hisobdagi mag'lubiyatini tasdiqladi – 0:3.
Bu o'yin darhol 1997 yilgi "Barsalona" – "Dinamo" Kiev to'qnashuvini esga solgandi. O'shanda ham kataloniyaliklar Lobanovskiy yigitlariga guruh bahslarida ikki uchrashuvda umumiy 0:7 hisobida engilgan edilar. Faqat ozgina farqi – 0:4li mag'lubiyat Kievda emas, Kataloniyada sodir bo'lgandi. Bunisi sal engilroq bo'ldi, deya olamiz. "Bavariya" finalda ham "Borussiya"ni engib, haqli kubogini boshi uzra ko'tardi. Shu "Bavariya" yigitlaridan tashkil topgan Germaniya terma jamoasi mundialni ham zir titratib qaytishdi.
Xullas, nemis futboli bilan boshlangan birinchi may yaqin o'tmishda ham ajoyib g'alabalarni nishonlagan edi.
1-May 2020,09:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0