Stadion.uz yozda amalga oshishi mumkin bo'lgan o'zaro futbolchi almashinuvlari bilan qisqacha tanishtirib o'tadi.
Futbol olami ayni damda misli ko'rilmagan moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o'tkazmoqda. Shu sababli, transfer oynasi chog'ida grandlar ham pulni tejashga majbur. Bunday chog'da futbolchilarni barter qilish ideal echim. Zamonaviy futbolda Ibrahimovich va Eto’olarning rokirovka qilinganini hisobga olmasak, aytarli barterlar kuzatilmayotgan edi. Endi bu an'anaga chek qo'yilar?!
Rakitich, Vidal va Koutino («Barselona») —Lautaro Martines («Inter»)
Bu mavsumdagi ilk barterni amalga oshirishga barchadan ko'ra “Barselona” va “Inter” klublari yaqin turibdi. Bundan 11 yil avvalgi vaziyat yana takrorlanishi mumkin. Vaholanki, Neymar qancha chiranmasin, baribir uni ortga qaytarishning endilikda iloji yo'q. Shunday ekan, Suaresning o'rnini to'ldirishga qodir yana bir futbolchini sotib olish vazifasi ochiqligicha qolmoqda. Ayni damda, klub falsafasiga mutlaq mos tushuvchi, yosh va kelajagi porloq Lautarodan boshqa variant ko'zga tashlanmayapti. Shunday bo'lsada, bu transferni amalga oshirish oson emas. “Inter” o'z yulduzi uchun 111 million talab qilmoqda. Kataloniya klubining qarzi 460 million evrodan oshib ketgan birpaytda, bu transfer ilojsizdek ko'rinishi mumkin, biroq “Barsa” argentinalik hujumchi uchun to'lanadigan summaning katta qismini o'z futbolchilari bilan qoplamoqchi. Ispan nashrlarining ma'lum qilishicha, “Barsa” yozda Lautaro uchun Rakitich (20 million evro), Vidal (15 million evro) va Koutinoni (60 million evro) taklif qilmoqchi. Hozircha bu variant “neradzurri”ni qoniqtirishiga hech kim kafolat bermaydi, biroq futbolda barcha narsa bo'lishi mumkinligiga o'rganib ham qoldik.
Beyl va Yovich («Real») — Xarri Keyn («Tottenxem»)
Aslida “qirollik klubi” yaqin yillar ichida Xolandni sotib olmoqchi, biroq hozirgi kunda Xarri Keyn ham klub uchun ayni muddao bo'lar edi. Agar bu transfer bugungi “Real” uchun umuman naf keltirmayotgan ikki futbolchi evaziga amalga oshirilsa nur ustiga a'lo nur.
Ayni damda “shporlar” o'z sardorlarini 220 millionga baholashgan. Bugungi bozor iqtisodiyoti bunday summani ko'tara olmasligi turgan gap. Bundan tashqari, Keyn ham sovrinsiz mavsumlardan charchagan va istalgan daqiqada klubdan ketish payiga tushib qolish mumkin. Yovichuning o'rnini yaqin 10 yil ichida bosishga qodir potentsial egasi. Beyl “Tottenhem”ga begona emas. Boz ustiga, uning statusi ham Keyndan ancha balandroq. Beyl ham ortga qaytishga qarshi emas, biroq unga Londonda Madriddagidek maosh to'lasharmikan? Uelslik golfchi shunisidan xavotirda.
David Alaba («Bavariya») — Leroy Sane («Manchester Siti»)
“Bavariya” deyarli bir yildan beri Leroyning “ishqida yonmoqda”. Hattoki nemis futbolchisining og'ir jarohati ham ularning fikridan qaytara olmadi. Pep esa anchadan beri chap qanot himoyachisi izlashda davom etmoqda. Mendi va Zinchenkobilan EChLda zafar quchishning iloji yo'q ekanligini u yaxshi anglab etgan ko'rinadi. Alabaning o'zi Pep bilan yana bir bor ishlashga qarshi emas. Davidning futbolchi sifatida o'sishi shaxsan Pepning hizmatlari desak, adashmagan bo'lamiz. Aynan Gvardiola Alabani maydonning turli nuqtalarida sinab ko'rish orqali chinakam universalga aylantirganini unutmagan bo'lsangiz kerak? “Bavariya” ham Alabani qo'yib yuborishdan katta talafot ko'rmaydi. Sababi, kanadalik Alfonso Devis allaqachon Daviddan asosiy tarkibdagi o'rnini tortib olib bo'ldi.
Pol Pogba (MYu) — Paulo Dibalayoki Aleksa Sandro + Aaron Remzi («Yuventus»)
“Yuventus” Pogbani Turinga qaytarishni juda va juda istamoqda. JCh g'olibi esa Manchesterni tark etish uchun bahona topa olmayapti. E'tiborlisi shundaki, “qizil iblislar”ni qiziqtirib qo'ygan futbolchilar “Yuventus”dan etarlicha topiladi. Britaniya nashrlari avvalroq Dibalani “qizil iblis”ga aylanishi haqida mish-mishlar tarqatgan edi, biroq yakunda u Turinda qoldi. Endilikda, “Yuve” Pogba uchun Aaron Remzi va Aleks Sandroni taklif etishni rejalashtirmoqda. Agar “MYu” bu taklifga rozi bo'lsa, Remzi Pogbaning o'rnini ortiqcha qiyinchiliksiz egallashga qodir. Sandro esa o'z qanotidagi raqobatni keskinlashishiga sabab bo'ladi. Bundan tashqari, “Yuve” bonus tarqasida 35 million evro berishi ham mumkin. Bu summaga Alessan Pleani sotib olish orqali inglizlar tarkibdagi deyarli barcha muammoni bartaraf etishlari mumkin. Pogba tumanli albionni tark etish uchun istalgan shartga rozi bo'lishi turgan gap. U o'sishdan to'xtab qolganini o'zi ham anglab turibdi. Qahramonimiz ayni damda yangi chaqiruvlarga muhtoj.
Kepa Arrisabalaga («Chelsi») —Janluidji Donnarumma («Milan»)
London klubi ispaniyalik kiperdan norozi ekanligi hech kimga sir emas. Hatto Frenk Lempard ham o'zining negativ fikrlarini bildirishidan tiyila olmayapti. “Milan” esa, zamonamizning eng kuchli darvozabonlaridan birini klubda saqlab qolish darajasida emas. Jiji besh yildan beri “rossoneri”sharafini himoya qilib kelmoqda. Afsuski, bugungi kunda “Milan” futbolchi sifatida bir qadam oldinga tashlash imkonini beruvchi klub emas. “Chelsi” katta ehtimol bilan Kepani Jijiga ayirboshlashga harakat qilib ko'radi. Shu yo'sinda bu transfer ikki tomon uchun ham katta talafot keltirmasligi aniq. Dunyoning eng qimmat darvozaboni “Milan” tiffozilari tomonidan iliq kutib olinishiga shubhamiz yo'q. Donnarumma ham uzoq kutilgan katta sovrinlar uchun kurashga qo'shilishi mumkin. Kepaku taqdir tomonidan berilgan imkoniyatning birinchisini qo'ldan chiqarib bo'ldi, balki Donnarumma “Chelsi”da qo'nim topar?!
Nelson Semedu («Barselona») — Joau Kanselu («Manchester Siti»)
“Barselona”da ham, “Manchester Siti”da ham tarkibdagi o'rnidan norozi ikkita qanot himoyachisi mavjud. Ikkisi ham Portugaliyadan va ular tengdosh. Transfer qiymati ham deyarli bir xil. “Barselona” Samedudan qutilish uchun uni turli transfer rejalariga qo'shib ko'rmoqda. “Siti” ham 50 millionlik futbolchidan naf chiqara olmaganidan alamzada. Bunday vaziyatda fulbeklar rokirovkasida nafaqat klublar, balki futbolchilar ham katta naf ko'rishlari mumkin. Umuman olganda, katta ehtimol bilan amalga oshishi mumkin bo'lgan transfer loyihasi.
18-May 2020,18:20