Sevilya - flamenko raqsi va korrida o'lkasi. Biz uchun esa "Pisxuan" stadioni va doim Evropa ligasi darajasidagi klub shahri. Bugun bu erda korridaga o'xshash tomosha bo'ladi. Faqat bir masala ochiq, kim matador bo'ladiyu, kim buqa?! To'g'ri, matador hamma vaqt ham buqani taslim qilmaydi. Ammo, tan olish kerak, odatda aynan matador vaziyatni nazorat qiladi, unda qurollar bor, u yillar davomida shakllangan jozibali texnika sohibidir. Demak, matador bu — "Barselona"! "Sevilya" esa qizil muleta atrofida o'zini yugurib sarson qilayotgan raqibni bitta imkonda tutib yanchishga tayyor bo'lgan buqadir. Chekinish tugadi. O'yin haqida. "Sevilya" va "Barselona" o'xshash holatda. Ikkalasi ham asosiy raqobatchisi bosimidan uzoqlashishga xarakat qilyapti. "Sevilya" "Atletiko"ni 2 ochko masofada ushlab turibti. Ularning maqsadi 3-o'rin. "Barsa" esa ulardan umuman boshqa darajada, kosmosda "Real Madrid" bilan jang qilyapti. Ular o'rtasida ham 2 ochko farq. Qoqilgan qayta tiklana olmasligi mumkin. Bugun tungi soat 01:00da superto'qnashuvni birga tomosha qilamiz! Davron Fayziev.
19-Iyun 2020,15:00