Stadion.uz “Real Madrid”ning tirik afsonasi Raul Gonsalesning hayoti bilan yaqindan tanishtirib o'tadi.
“Qirollik klubi” qanday supertransferni amalga oshirmasin, doimo Raul o'z o'rnida qolaverishiga ko'nikib qolgan edik. Darhaqiqat, nozik did bilan to'p suruvchi hujumchi “Real”ning o'tgan asr so'nggi va yangi asr boshidagi chinakam yuzi sifatida muxlislar ko'z oldida gavdalansa, ajab emas. Iqtidorli, mehnatkash va chinakam futbol fidoyisi sifatida muxlislar qalbidan o'rin olgan futbolchi Madridni tark etgach, muxlislar uni yo'qotib qo'yishgani bor gap. Bugun ispaniyalik forvardning futboldagi so'nggi yillari va ayni damdagi hayoti bilan qisqacha tanishtirib o'tamiz.
Joze Mourino
Portugaliyalik mutaxassis Madridga ko'chib o'tmaganida, Raulning so'nggi qo'shig'i uzoqroq yangrashi aniq edi. Hatto “Barselona” futbolchilarining hurmatini qozongan yigit negadir Jozega yoqmay qoldi. Oqibatda, murabbiy futbolchiga barchasini ochiqchasiga aytdi qo'ydi: “Mening jamoamda senga joy yo'q!” Vaziyatni tushunib etgan Raul hech kim bilan janjallashmadi. Klub uchun ketkazgan yillarini pesh qilmadi. Hatto bir og'iz ham so'z aytmay matbuot anjumanini tashkil etdi va jamoa bilan xayrlashdi. FlorentinoPeres Raul uchun xayrlashuv uchrashuvini tashkil etishga va'da bergancha uni jamoada olib qolishga urungani ham yo'q. Shunchaki, Raul ketmoqchi bo'ldi va u klub eshiklarini lang ochib berdi. Qaysidir ma'noda janob Prezident “Real”ning yangi avlodini Krishtianu Ronaldu siymosida ko'rgani uchun ham shunday yo'l tutgandir. Yana kim biladi deysiz?! Raul super yulduzlar ichida ham aslzoda ekanligini unutib qo'ymagan edi. Ketish chog'ida ham o'z printsiplariga sodiq qoldi.
“Shalke 04” muxlislari uni sog'inishmoqda
“Men butun umrim o'tgan klubdan ketdim. Uyga keldim va oilam davrasida tushlik qildim. Keyin xonamga yo'l oldim. O'tirib o'tgan yillarni xotirladim. Ko'zlarimda yosh bilan xotirladim. G'alabaningta'mini, alamli mag'lubiyatlarni va hatto qo'ldan chiqargan vaziyatlarimni ham esladim. Qarasam, turmush o'rtog'im menga eshik oldida termulib turibdi. U holatimni hammadan ko'ra yaxshiroq tushunib turgani uchun meni yolg'iz qoldirish uchun xonani tark etdi. Shu kuyda uzoq o'tirdim. Bu taqdirning menga bergan og'ir zarbasi ekanligini his qilar edim. To'g'risi, bu ish qachondir sodir bo'lishini yaxshi anglab etganim bois, o'zimda futbol uchun yana kuch topa oldim”.
Darhaqiqat, “Real” bilan xayrlashuv Raul uchun kutilmagan zarba bo'ldi. Shunga qaramay, afsona o'zida yangi hayot uchun kuch topa oldi va agentiga qo'ng'iroq qildi. Oradan 2 hafta o'tib Raulning “Shalke 04” bilan shartnoma imzolagani ko'plab futbol muxlislarini hayratda qoldirdi. E'tiborlisi shundaki, Raul Germaniyaga pul ishlash uchun emas, so'nggi so'zini aytish uchun ko'chib bordi. Gelzenkirxen shahri uni o'zi kutganidan ham iliqroqqabul qilganini ko'rgan Raul bor e'tiborini maydonga qaratishga qaror qildi. Ko'plab yulduzlar o'z soyasiga mahliyo bo'lish bilan ovora bir paytda Raul Bundesligada ter to'kishga tushib ketdi. Qahramonimiz “Shalke” safida 66 ta o'yinda maydonga tushdi va 28 bor raqib darvozalarini ishg'ol qildi. O'sha davrda Raul bilan to'p surgan jamoadoshi Farfan quyidagicha uni xotirlaydi:
“Klubga endi kelganida, u bilan so'zlashishga biroz tortindik. E'tibor berib qarasak, u juda samimiy va sodda inson ekan. Keyin tezda do'stlashib ketdik. To'g'risi, men texnika borasida Raul bilan tenglasha oladigan futbolchini ko'rmaganman. Bundan tashqari u chinakam professional. Mashg'ulotlarga mas'uliyat bilan yondoshayoganini ko'rib, shu inson “Real”ning tirik afsonasi ekanligiga ishonging kelmaydi”.
Raul Gonsales “Shalke” bilan EChLda ajoyib o'yin namoyish etgach, ketishga qaror qiladi. Sababi, o'sha davrlarda Qatar futboli “kattalari” o'z yurtiga ispan futbol modelini olib kirshga qaror qilgan va bu boradagi ilk qadamlarini Raul orqali tashlamoqchi edi. Tan olish lozim, “Shalke 04” muxlislari maestro bilan ajoyib tarzda xayrlashishdi. E'tiborlisi shundaki, ular hujumchi nomiga atab qo'shiq yozishdi va forvardning so'nggi uchrashuvida butun boshli “Felts Arena” shu qo'shiqni baralla kuyladi. Raul tik turgancha qarsak chalayotgan muxlislar qurshovida Germaniyani tark etdi. Ha aytgancha, Raulga atalgan qo'shiqni hali hamon “Shalke” muxlislari kuylab turishadi.
Qatar orzular mamlakati
Raul 2012-yilda oilasi bilan Qatarga ko'chib o'tdi. U bilan mamlakatning eng badavlat klubi – “As-Saad”shartnoma imzoladi. Futbolning asl jozibasini o'zida jam qilgan ispan Qatarda ham 2 mavsum ushlanib qoldi. To'g'rirog'i,uni bir mavsumdan so'ng qo'yib yuborishni istashmadi. Raul o'zining so'nggi mavsumlarida hujumchi ortidagi yarim himoyachiga aylandi va asosan hujumlarni boshlab berish bilan shug'ullandi. Uning maydonda ko'rsatayotgan kichik mo''jizalari muxlislarni quvontirar, u esa kulimsiragancha o'z ishida davom etar edi. Raulning jamoaga qo'shib olinishi o'zini to'liq oqladi. “As-Saad”chempionlik va Qatar Amiri kubogida g'olib chiqdi. Raul 2 yil davomida o'zining afsonaviy 7 raqamida jamoaga sardorlik qildi. U bilan “As-Saad”da juda chiroyli tarzda xayrlashdi. Futbolchilar o'tgan yillar va berilgan turli maslahatlar uchun o'z sardorlariga minnatdorchilik bildirishdi. Raul Qatarda vaqtini shunchaki o'tkazgani yo'q. 40 ta o'yin 13 ta gol va 9 ta assist. Qatarlik muxlislar Raulni kuzatish uchun aeraportga qadar chiqishdi. Futbolni u qadar xushlamas arablarning afsonaviy futbolchini naqadar e'zozlashlarini shu yo'sinda ko'rsatishmoqchi bo'lgan bo'lsa, ajab emas.
So'nggi so'z
Qahramonimiz Qatardan AQShga ko'chib o'tish kerak edi, biroq uning Madridda aytilmagan so'zi bor edi. FlorentinoPeres “Real” uchun uch marotaba EChLni yutishda ko'mak bergan afsonani shundoq qo'yib yubora olmas edi. Bunga uning haqi yo'q edi. “Santyago Bernabeu” bir necha yillar avvalelkasini siqib indamay ketgan afsonaviy futbolchini yana bir o'ziga chorladi. Raul bu taklifni xursandchilik bilan qarshi oldi va yana bir bor “Real” libosini kiyishga qaror qildi. O'yin “Real Madrid” va “As-Saad” o'rtasida tashkillashtirildi. Qahramonimiz ikkinchi taymni “Real” libosida boshladi va o'zining so'nggi golini kiritdi. Uchrashuv yakunlandi. “Qaymoqranglilar” Raul qo'lga kiritgan barcha sovrinlarni yana bir bor ommaga namoyish etdi. Maestro qo'lini baland ko'targancha, yuzda tabassum bilan hamma bilan xayrlashdi va kiyinish xonasiga yo'l oldi. Yo'l-yo'lakay 7 raqam tushirilgan futbolkani Ronalduga topshirib unga omad tilashni ham unutmadi.
O'sha kuni u barcha muxlislar bilan xayrlashdi va qaytib kelmas bo'lib “Santyago Bernabeu”nitark etdi. Stadionga yig'ilgan muxlislar o'yin tugaganidan so'ng ham 20 daqiqa qarsak chalishda davom etdi. Afsuski, ularning Raulga atalgan qo'shiqlarni kuylashi ham hujumchini ortga qaytara olmadi. U kiyinish xonasida ko'zda yosh bilan xayol surib o'tirar. Qalbi larzaga kelgan bo'lsada, o'zining so'nggi so'zini aytganidan mamnun kayfiyatda edi…
Qaerdasan AQSh?
Juda yuqori notada yakunlangan xayrlashuv uchrashuvidan so'ng, Raul Qo'shma Shtatlarga okean uzra uchib ketdi. Uni har doimgidak muxlislar qarshi olishdi. Dastxat so'rovchi bolalar, rasmga tushishni istovchi qizlarning oxiri ko'rinmas, aeraportdagi shovqin-suron boshqa yo'lovchilarni ham e'tiborini tortadi. Dabdabali qarshi olish marosimidan so'ng, Raul tibbiy ko'rikdan muvaffaqiyatli o'tadi va “Nyu-York Kosmos” bilan shartnoma imzolaydi. Raul yangi jamoasidagi ilk so'zlagan nutqidan qisqacha parcha keltirib o'tamiz:
“Men bu erga futbolga bo'lgan insonlarning e'tiborini oshirish maqsadida keldim. Har bir o'yinda muxlislar uchun nimadir namoyish etishga bor kuchim bilan harakat qilaman. Umid qilamanki, mening nomim klub bilan ershajak sovrinim bilan yodga olinadi”.
Darhaqiqat, Raul o'z so'zida turishga muvaffaq bo'ldi. Ispaniyalik afsona AQShda ham futbolkasi ortida yozilgan ismga monand harakat qildi. 7 raqamning abadiy egasi “Kosmos” sharfida 30 ta o'yinda maydonga tushadi va 9 ta gol+8 ta assistga mualliflik qiladi. Bundan tashqari, uning to'p bilan munosabatda bo'lishini ko'rgan millionlabbolalar futbolchi bo'lishni ozru qila boshladi. Raul 2014-yilning 30 oktyabrkuni “Kosmos” bilan shartnoma tuzgan bo'lsa, 2015-yilning 16 noyabrida klub uchun o'zining so'nggi uchrashuvida maydonga tushishini rasman e'lon qiladi. E'tiborlisi shundaki, Raulning so'nggi uchrashuviNASLpley-off uchrashuvlarining finaliga to'g'ri keladi. Maydonda 90 daqiqa harakat qilgan hujumchi gol kiritadi va uning jamoasi 3:2 hisobida g'olib chiqib kubok egasiga aylanadi. Raulning ichki muhitga ko'tarinki kayfiyat ulashayotganini ko'rgan “Kosmos” klubi ispanga yana 2 yillik shartnoma (yaxshilangan ko'rinishda) taklif qiladi. Raul bu taklifni rad etadi. U o'zining o'sha qarorini quyidagicha xotirlaydi: “Shtatlarda yana uzoq muddat ushlanib qolishim mumkin edi. Meni barcha sharoitlar to'liq qoniqtirayotgan edi, biroq organizmim avvalgidek emasligini his etganim bois taklifdan voz kechdim. Sizni ko'rish uchun stadionga tashrif buyurayotgan muxlislarni avvalgidek xursand qilishning iloji bo'lmasa, o'sha kuniyoq futbolni tark etish lozim. Barcha narsaning o'z yakuni bor. Men muxlislar meni yaxshi sport formada eslab qolishlarini afzal ko'rdim”.
Qaytish
Manxettendagi sarguzashtlari yakunlangan Raul yana Madridga qaytib kelishga qaror qiladi. To'g'ri, “Real” o'z vaqtida uni qadrlamagan bo'lishi mumkin, biroq maestro Madridga qaytgach darrov u bilan aloqaga chiqadi. Qahramonimiz 2 haftadan so'ng, “Real Madrid” sport direktori yordamchisi sifatida ish boshlaydi. Asosan ofisda kuni o'tayotganini sezgan Raul FlorentinoPeresga qo'ng'iroq qiladi va uni yana maydonga qaytarishini iltimos qiladi. Vaholanki, Raul yuqori lavozimdagi shaxs edi. Peres jamoa afsonasining iltimosini erda qoldirmaydi va uni akademiyadagi yosh futbolchilarga murabbiylik qilishiga ruhsat beradi. Katta maosh va yuqori lavozimdan voz kechgan Raul yana o'zi sevgan ish bilan shug'ullanayotganidan xursand alpozda murabbiylik faoliyatini boshlab yuboradi. Bugungi kunda u boshqarayotgan “Real” jamoasi yoshlari o'z mintaqalarida etakchilik qilishmoqda. Raul o'z shogirdlarining kichik yutug'iga ham quvonadi. Ispaniyaning “Marca” nashri uni kelajagi porloq 10 ta murabbiydan biri deb bejiz e'tirof etmagan. “Eski maktab” ilmini olgan murabbiy yaqin yillarda “Real”ning asosiy jamoasi boshqaruvini qo'liga olishi ham hech gap emas. Sababi, undagi murabbiylik borasidagi progress kishi ko'zini quvontirmoqda.
Shaxsiy hayot
Bo'sh vaqtini kitob o'qish bilan o'tkazuvchi Raul 5 farzandning otasi sanaladi. O'g'illari Xorxe, Ugo, Ektor va Mateolar ota izidan ketishgan. E'tiborlisi shundaki, Raulning 5-farzandi Mariya ham futbol bilan shug'ullanadi. Raul sobiq model Mamen Sans bilan qariyb 20 yildan beri baxtli hayot kechirib kelmoqda. Qahramonimiz katta o'g'liga uning futbolchi bo'lishida katta yordam bergan Xorxe Valdaning nomiga qo'ygan bo'lsa, ikkinchi farzandiga Ugo Sanchesning sharafiga Ugo deb nomlagan. Oila bugungi kunda Madridda istiqomat qilmoqda.
Yaxyoxo'ja Ulug'xo'jaev
7-Iyul 2020,15:40