"Inter Mayami" hujumchisi Luis Suaresning fikriga ko‘ra, Xulian Alvares "Barselona" uchun juda mos nomzod hisoblanadi.
Madridning "Atletiko" klubida to‘p surayotgan argentinalik forvard "ko‘k-anorranglilar"ning transfer bozoridagi bosh maqsadi bo‘lib turibdi. Futbolchining o‘zi ham kataloniyaliklar safiga qo‘shilishni istamoqda, biroq "matraschilar" o‘z yulduzini sotishni xohlashmayapti.
"Alvares to‘pni juda yaxshi nazorat qiladi, maydonda ajoyib harakatlanadi — u "Barselona"ga juda tez moslashib ketgan bo‘lardi. Unda Flikning o‘yin uslubiga moslashish uchun barcha zarur fazilatlar bor, ammo bu transferni amalga oshirish oson bo‘lmaydi, chunki Xulian allaqachon top-klubda o‘ynayapti", — deya faoliyati davomida ham "Barsa"da, ham "Atletiko"da to‘p surgan Suaresning so‘zlarini keltiradi Ispaniya OAVlari.
Mish-mishlarga ko‘ra, "Barselona" 26 yoshli futbolchi uchun taxminan 150 million yevro taklif qilishi mumkin.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0