Stadion.uz Simione davridagi “Atletiko”ning eng kuchli futbolchilaridan tashkil topgan kuchli o'nlikni e'tiboringizga havola etadi.
10-o'rin. Tomas Parti
Ganalik futbolchi to'p uchun kurashda o'zini ham raqibini ham ayab o'tirmaydiganlar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, uning tezkor qarshi hujumlarni boshlab berishdagi faolligi ham e'tiborga molik. So'nggi yillardan aynan Parti “Atletiko”ning ajrlamas bir bo'lagiga ayalanib ulgurdi.
9-o'rin. Gabi
Diego Simionening Madriddagi ilk yillarida Gabi o'zining ikkinchi yoshligini o'tkazdi desak, adashmagan bo'lamiz. Aynan Gabi Simione talab qilayotgan yuqori pressingni amalga oshirar, shu bilan birgalikda raqib hujumini erta buzish bilan shug'ullanar edi. Jamoa sardori sifatida klub muxlislari e'tiborini qozongan futbolchi o'z davrining eng kuchli ijrochilaridan biri sifatida tarixda qoldi.
8-o'rin. Yan Oblak
Tibo Kurtua ketgach, “Atletiko” yangi darvozabon izlashga tushib ketdi. E'tiborlisi shundaki, “matraschilar” nafaqat uni topishdi, balki chinakam etakchiga ega bo'lishdi. Oblak qisqa fursat ichida Ispaniyadagi eng yaxshi kipperga aylandi. Keyin Evropada o'z o'rnini topdi. Ayniqsa, bu mavsumda “Liverpul”ni sloveniyalik kipperning deyarli bir o'zi musobaqadan chiqarib yubordi desak, mubolag'a bo'lmaydi.
7-o'rin. Saul
Simionening chinakam universal askari. Qanotlarda, tayanch zonasida, markazda va hatto hujumda ham harakat qilishga qodir Saulning imkoniyatlari juda katta. Dribbling borasida ham ispan maqtana oladi. Umuman olganda,uni klubning chinakam fidoyisi debsak , adashmagan bo'lamiz. “Barselona”, “Real”, “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” singari grandlar e'tiborida bo'lishiga qaramay, Saul hali-hamon o'z klubiga sodiq qolmoqda.
6-o'rin. Arda Turan
“Atletiko”ning 2013/14-yilgi mavsumdagi chempionligi ko'pchilikning yodidan ko'tarilmagani aniq. O'sha musobaqa davomida Diego Simione Arda Turanni deyarli barcha uchrashuvda 90 daqiqa harakt qilishini talab qilgani bejizga emas. Aynan turk futbolchisi jamoaning tezkor hujumlar va diagonal uzatmalariga javob berar edi. Bundan tashqari, undagi etakchilik qobliyati qiyin vaziyatdan bir necha bor “Atletiko”ni olib chiqib ketgan. Afsuski, uning klubdan ketishi o'zi uchun falokat bilan yakunlandi.
5-o'rin. Filippe Luis
Mana bu futbolchini ishonchli o'yinning siymosi deyishimiz mumkin. Simione qo'l ostida ayrim uchrashuvlarda Luis butun qanotni bir o'zi yopar, shu yo'sinda qanot futbolchilariga to'liq hujumda to'p tepish imkonini yaratar edi. Aynan u Simionening eng sodiq shogirdlaridan biri sanaladi.
4-o'rin. Antuan Grizman
To'g'ri, ushbu klub muxlislari Antuanni ayni damda juda yomon ko'radi, biroq uning klub ravnaqi uchun qo'shgan hissasini alohida e'tirof etib o'tish lozim. Grizman chinakam jamoaviy futbolchi. U jamoa uchun pressingda ishtirok etishi, so'nggi pasni ijro etishi mumkin bo'lgan chinakam ijodkor edi. Ikki oyoqda ham birdek zarba yo'llashga qodir hujumchi bosh bilan ham juda yaxshi o'ynay oladi. Umuman olganda, Antuan o'zining eng zo'r yillarini “Atletiko Madrid” uchun bag'ishladi.
3-o'rin. Diego Kosta
Ispaniyalik hujumchi 2013/14-yilgi mavsumda to'xtatib bo'lmas kuchga aylangan edi. Qahramonimiz Ronaldu va Messi singari futbolchilari bor “Real” va “Barselona”ni ortda qoldirishda juda katta rol ijro etadi. Aynan uning jangovar harakteri sababli “Atletiko” yakunda “Barselona”dan o'zib ketishga muvaffaq bo'ladi. Ko'plab eksperlar o'sha chempionlikka Diego Kostasiz erishishning iloji yo'q edi deb hisoblaydi.
2-o'rin. Koke
Jamoa sardori va yangi “Atletiko”ning siymosi sanalmush Kokeni maydonda payqash juda mushkul. Shunga qaramay, jamoaning o'yinini o'rganib chiqsangiz, Koke Simionening jamoasi uchun qay darajada muhim figura ekanligini darrov anglaysiz. Koke o'yinning borishiga qarab turli uslublarda harakat qilishi mumkin. Himoyalanish chog'ida, tayanchda, hujum chog'ida markazda, kerak bo'lsa qanotlarda ham ko'rinish berishi mumkin. Koke klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. U klub afsonasi bo'lish niyatida. Shu sababli, “Barselona”dan kelib tushgan 3 ta taklfining barchasini rad etishga qaror qildi.
1-o'rin. Diego Godin
Urugvaylik himoyachi Simione qo'l ostida deyarli har bir uchrashuvda maydonga tushdi va 90 daqiqa “jang” qildi. Uzoq yillik faoliyati davomida Godin biror marotaba jamoaga pand bermadi. “Ateltiko”ning uzoq yillik orzusi bo'lmish chempionlik golini ham so'nggi turda Godin kiritgan edi. Oradan bir necha hafta o'tgach, u EChL finalida ham “Real” darvozasini ishg'ol qiladi, biroq o'sha uchrashuvda jamoa g'alabani so'nggi soniyalarda qo'ldan boy beradi. O'sha alamli uchrashuvdan so'ng, Simione shogirdlarida biroz stabillik yo'qoldi, biroq Godin yuqori tempda futbol namoyish etishda davom etaverdi. Qahramonimiz yillar o'z so'zini aytishini his qilgach, o'z vaqtida yoshlarga yo'l berishga qaror qildi va qarsaklari ostida “Atletiko”ni tark etdi.
31-Iyul 2020,18:40
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0