Stadion.uz “Barselona” timsoliga aylangan Leo Messining qaysi klub safiga o'tishi borasida fikr almashadi.
Kataloniya klubi muxlislari uchun “Bavariya”dan qabul qilib olingan (2:8) mag'lubiyatdan so'ng, hech qanday og'riq ta'sir qilmay qo'ygan edi, biroq aslida unday emas ekan… Endilikda, klub muxlislari nemislar bilan bo'lgan o'yinni to'liq unutib ham yuborishdi. O'sha kungi mag'lubiyat Leoning “Barselona”dan ketishi oldida arzimas voqeaga aylanib qoldi. Argentina va Ispaniya nashrlarining ma'lum qilishicha, Leo klub siyosatidan norozi va ketish haqida bosh qotirmoqda. Boz ustiga, ayni damdagi qaltis vaziyatda Xose Mariya Bartameu birin-ketin bahsli qarorlar chiqarishda davom etmoqda.
Afsuski, bugungi kunda “Barselona” jamoasining ichki muhitiga havas qilib bo'lmaydi. Ayniqsa, jamoa postiga Ronald Kuman taklif etilgach, Messining sabr kosasi to'ldi. Niderlandiyalik murabbiy jamoada bir oy ham ishlamay turib, Luis Suaresga chiqish eshiklarini ko'rsatib yubordi. Busketsni almashtirib bo'lmas futbolchi ekanligini tan olmadi va to'liq yoshartirish siyosati tarafdori ekanligini ma'lum qildi. Eng muhimi esa, uning jamoasida “o'zgacha” futbolchilar bo'lmasligini aytib o'tdi. Katta ehtimol bilan murabbiyning keskin qarorlari Leoni klub ofisiga faks yuborishga undagan. “Sky Sport” nashri ushbu faksda nimalar yozilganini rasman e'lon qildi:
“Men Lionel Andres Messi Kukkutini shartnomamning 24 punktidagi imtiyozimdan foydalanangan holda, klub bilan o'rtadagi kelishuvni bekor qilish haqida ariza topshirman. Men klub tomonidan professional tarzda o'sishim uchun yaratilgan imkoniyatlardan minaddorman. Shunga qaramay, shaxsiy sabablarga ko'ra ushbu og'ir qarorga keldim. Umid qilamanki, bu qarorim rahbariyat tomonidan ijobiy qabul qilinadi.”
Ushbu faksdan so'ng, barchasi Leo istagan ko'rinishda ketmadi. Klub mutasaddilari o'rtasida qaynoq o'tgan majlisdan so'ng, Bartameuning iste'fosi talab qilindi, biroq Prezident o'z postida muddat yakuniga qadar qolmoqchi. Ayrim nashrlarning ma'lum qilishicha, hatto “Barsa” Messiga uning bir o'zi shartnomani bekor qilish huquqiga ega emasligi haqida javob faksi ham yuborilgan.
Aslida, Leoning shartmonasida ushbu band mavjud, biroq futbolchi o'zining klubdan ketishi haqida 30 mayga qadar ma'lum qilish sharti ham bor. Bunday vaziyatda argentinalik futbolchi uchun mavsumning omadsiz o'tgani asosiy omil bo'lmoqda. Bundan tashqari, uzoq davom etgan mavsumdan so'ng, Leo yana “Barselona” safida to'p surishni istamayapti. Vaholanki, Bartameu futbolchini klubda olib qolish uchun qo'lidan kelgan barcha ishni qilishga tayyor.
Evropaning boshqa klublari esa, vaziyatdan unumli foydalanish maqsadida shay bo'lib turibdi. Ularni tushunish mumkin. Sababi, transfer bozorida har doim ham Leo singari futbolchini uchratavermaysiz! Hozircha, uning klubdan qay yo'sinda ketishi noma'lum. Bunga ishonish biroz mushkul,biroq agar Leo o'z huquqlarini himoya qilgancha klubni tark etsa, uni to'liq qanoatlantirishga qodir jamoa bilan shartnoma imzolashi lozim. Ya'niy, jamoa, ichki muhit, yaxshi maosh, kelajagi porloq proekt, o'z uslubiga ega murabbiy va boshqa yana ko'plab omillar Leoning yakuniy qaroriga ta'sir ko'rsatadi. Shu sababli, bu omillarni o'zida jam qilgan uchta klub (“Man-Siti”, PSJ va “Inter) argentinalikka asosiy haridor bo'lib turibdi.
“Inter”Milan klubi anchadan beri Leoga ko'z tikib yurgani hech kimga sir emas. Bu mavsumda “Inter” o'zining qo'ldan boy bergan mavqeini bir muncha tiklab olishga muvaffaq bo'ldi. Boz ustiga, jamoa “Yuventus” bilan raqobatlashishga qodir klubga aylanayotganini ham namoyish etdi. Eng muhimi esa, klubda moliyaviy muammolar mavjud emas. Italiya nashrlarining ma'lum qilishicha, “Inter” rahbarlari Messini qo'lga kiritish uchun 260 million evrodan voz kechishga tayyor. Hatto unga 4 yillik shartnoma ham tayyorlab qo'yishgani haqida rasmiy ma'lumotlar mavjud. “Inter” argentinalikni Italiyaning eng katta moash oluvchi sportchisiga aylantirishga qodir. Tarkibda Lautaro Martinesning borligi va qariyalar (30 yoshdan o'tgan futbolchi nazarda tutilmoqda) uchun qulay chempionat Messining yakuniy qaroriga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Eng muhimi, uning “Inter”ga o'tishi, 21 asrdagi eng shiddatli qarama-qarshilik Ronaldu – Messi duelini yana yuzaga keltiradi. Bu biroz putur etgan obro'ni qisqa muddatda tiklab olish uchun ajoyib imkoniyat.
“Manchester Siti”
Italiya klubida ajoyib sharoit bo'lishiga qaramay, klubning Messi uchun kurashda raqobatchilari ham chakki emas. Messini Messiga aylantirgan Pep Gvardiola va “Siti”ning bitmas-tugamas pullari olti karra “oltin to'p” sohibini Angliyaga ko'chib o'tishga undashi mumkin. Aynan Pep Gvardiola qo'l ostida Messi o'zini to'liq namoyish etgani va sayyoramizning eng kuchli futbolchiga aylanganini muxlislar yaxshi xotirlashadi. Shu sababli, Gvardiola bilan yana birga ishlash Messi uchun yangi sovrinlar uchun oldinga tashlangan qadam vazifasini bajarishi mumkin. Ushbu transferning moliyaviy jihatlari haqida “Siti” boshqotirishiga xojat yo'q. Bundan tashqari, bu tanlov Messining o'zi uchun ham yangi stimulga aylanishi va uni oldinga qadam tashlashga undovchi vosita bo'lishi mumkin. Qo'shimchasiga, “shaharliklar” safida Messi 10 yil davomida Kataloniyaga ko'chib o'tishini orzu qilgan Serxio Aguero to'p suradi. Messini shiddatli APLda tasavvur qilishning o'zi yoqimli. Eng muhimi, “Manchester Siti” o'z futbol falsafasiga ega kelajagi porloq klub. Bu omillar ham Messining Angliyaga ko'chib o'tishiga sabab bo'lishi hech gap emas.
PSJ
Shu o'rinda, Messi uchun yana bir moliyaviy jihatdan qudratli klub da'vogar bo'lib turibdi. Shirin orzular og'ushida oldinga intilayotgan jamoa bu mavsumda sal bo'lmasa Evropa chempionlar ligasida zafar quchishi mumkin edi. Tarkibida Mbappe, Neymar singari super ijrochilar bor jamoa bilan ulkan sovrinni qo'lga kiritish “Barselona”dan qolishdan ko'ra yaxshiroq variantdek ko'rinmoqda. “Manchester Siti”dan farqli o'laroq, Leo PSJda kamroq bosim ostida bo'ladi. Sababi, ichki birinchilikda yaqin yillar ichida hech kim PSJ bilan raqobatlasha olmasligi aniq. Shu sababli, asosiy o'yinlarda o'zini ko'rsatish orqali Messi yana bir “Oltin to'p”ni o'z hisobiga yozdirib qo'yishi mumkin. “Sautgempton” bilan o'yindan so'ng, charchab uyga yo'l olishdan ko'ra “Lans” bilan o'yin chog'ida hotirjam EChL haqida bosh qotirish imkoni mavjud. Eng muhimi esa, PSJning oldingi chizig'ida Messi – Neymar – Mbappe uchligi paydo bo'ladi. “Daxshatli” trio! Ushbu trioning natijalari ham “daxshatli” bo'lsa, Messi “Barselona”dan ketganiga sira afsuslanmasligi turgan gap.
Nima bo'lgan taqdirda ham, Leo biroz o'zgacha ruhda o'tgan yozga o'z faksi bilan rang qo'shgandek bo'ldi. Balki, u hammasiga qo'l siltagancha Argentinaga oilasi bilan ko'chib ketar. Balki, jaxldan tushib yana “Barselona” safida qolar. Bu savollarning barchasiga tez orada javob olishimiz mumkin bo'ladi.
26-Avgust 2020,20:30
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0