Haftalar bir-biridan qolishmayapti. O'tgan haftaning uik-endi ikki xil natija ulashgandi. Shanba superkambeklar oshqomiga aylangan, yakshanba “ManSiti” va “Bavariya” klublarining yirik hisobli mag'lubiyati...Bu haftaning dam olish kunlari o'tkazib yubordi. Ayniqsa, yakshanba oqshomi – bay-bay-bay. Hammasini “Lester” boshlab berdi. “Tulkilar” "Etihad"da yirik hisobda engib, “Vest Hem”dan qaqshatqich zarba qabul qilishdi. Ha, buni-da izohlash mumkindir: Rodjers jamoasi ikkinchi jamoa bo'lib zo'r o'ynaydi, o'rtamiyonalar bilan doim qiynaladi, deb. Qo'shilamiz. So'ng "MYu" “Old Trafford”da qatorasiga ikkinchi marta yutqazdi. Yutqazgandayam 1:6 hisobida. Tag'in Maurga, sobiq murabbiyiga.Ha, bu mag'lubiyatni ham Teylorning ancha shubhali qizil kartochkasidan keyingi vaziyatlar deb izohlash mumkin. Mumkin.Biroq “Liverpul” klubining “Aston Villa”dan 2:7 hisobida zarba qabul qilishini tushuntirib bera olmaymiz. Tarkib to'liq, kubokdagi 0:5ning sababini keltiray desangiz, oxirigacha 11ga 11 o'ynadi jamoalar. Birmingemliklar bundan oldingi ikki o'yinda ikki g'alabaga erishgani va o'z darvozasi daxlsizligini ta'minlaganini sabab o'laroq keltiramizmi? Juda tushmayapti-da.“Barselona” ham ochko yo'qotdi. To'g'ri, sharmandali natija emas, ammo “Sevilya” “Kamp Nou”da 2011 yildan beri faqat yutqazib kelar ekan, qora an'anani buzish ham yaxshi natija aslida, sizga aytsam. Mana shuncha voqealarni ko'rgan “Yuventus” bugungi uchrashuvga “Napoli” kelmaganidan xursand bo'lgandir, a?! Axir, bu oqshom ularga ham syurpriz tayyorlab qo'yilgan bo'lsa-chi... “Napoli” qancha gol urayotganidan xabari borku turinliklarni.Mayli, bunisi sal hazil edi. Lekin jiddiy gap shuki, muxlislarning tinimsiz telekanalimiz tarmoqlariga yozishlari xususidagi mulohaza.“Arsenal” ishqibozlari Italiya A seriyasining markaziy o'yini o'rniga jamoalari ishtirokidagi uchrashuvni qo'yishni so'rab tindirmagan bo'lishsa, “Liverpul” muxlislari Turindagi o'yin bo'lmasligini rosa istashdi. Shundagina Birmingemdagi uchrashuv efir orqali namoyish etilardi. Xo'sh, mana ko'rsatildi ham. Bu o'yinni ko'rgandan “Yuventus” – “Napoli”ni tomosha qilish ming chandon afzal edi-ku ularga. Odamzod kelajakni bilmasligiga yaxshi dalil bu.Ijtimoiy tarmoqlarimiz ostidagi izohlarni o'qib, ochig'i rosa kulib oldim. Kimdir sharmandali mag'lubiyatga uchrasa, ularni mag'lub etganlarga qo'shilib boshqalar kulib yotibdi. Bu odat qayoqdan chiqqanini bilmadimu, sezishimcha, ko'pchilikda bu oldingi alamlarni olishga bo'lgan istak. Bir-birini katta hisoblarda enggan davrlarini, bir-biridan uchralgan mag'lubiyatlarni chunonam xotirlashdi sahifalarimizda, ochig'i, bu qadar ichga olib yurishlarini bilmagan ekanmiz. Ayniqsa, “ManSiti” muxlislari xursandligi yoqdi: “Lester”ga boy berilgan o'yinimiz norm ekanku, deb Ha, pandemiya davri insoniyat aslida teng ekanligini, boyu kambag'alni kasallik tanlab o'tirmasligini ko'rsatgani kabi futbolda ham jamoalarni bir-biriga yondosh qilib qo'ydi. Hech kim katta ketmasligi, katta ketishi bilanoq keyingi hafta joyiga tushirib qo'yishlari mumkinligiga ishoralar berdi, bermoqda.Ushbuni yozib bo'lib, kulib turgan Karlo Anchelottini yodga oldim. Turnir jadvalini boshqarayotgan klub uniki, u jim kuzatyapti bu olomonni. Keyingi turda 2:7 hisobida mag'lub bo'lgan klub bilan derbisi bor, xotirjamlik rejimini yoqib olgan. Odam degan shunday bo'lsa-da!Keyingi hafta dam olish kunlari yanada qo'rqinchli kechishi kerak, reja bo'yicha, kutamiz. Ajoyib uik-endlar bilan, futbol ishqibozlari!Xayrulla HAMIDOV.
5-Oktyabr 2020,08:10