Bugun tongda Argentina terma jamoasi sayyoramizdagi eng baland nuqtada joylashgan arenalardan birida mehmon bo'lganidan xabaringiz bor. La Pas shahrida bo'lib o'tgan o'yinga bo'lgan qiziqish juda ulkan ekanligini aniq. Sababi, Boliviya poytaxtiga shaxsan Leo Messi tashrif buyurdi. Pandemiya sababli hukumat stadionlarga kirishni man etganiga qaramay, qiziquvchan boliviyaliklar uchrashuvni tomosha qilishning ajoyib uslubini o'ylab topishdi.
Uchrashuv bo'lib o'tgan arenaga alohida to'xtalib o'tmoqchimiz. «Ernando Siles» stadioni dengiz sathidan 3600 metr balandlikda joylashgan bo'lib, bu erda futbolchilarning nafas olishi mushkul. Sho bois, Janubiy Amerika terma jamoalari Boliviyada mehmon bo'lishni u qadar hush ko'rmaydi.
E'tiborlisi shundaki, Argentina futbol rahbarlari vaziyatdan chiqib ketishning o'zgacha uslubini qo'llashdi. Aslida, jamoa doimo Boliviyaga qarshi o'yinga oz fursat qolganda tashrif buyurar, o'yin yakunlanishi bilan ortga qaytar edi. Bu safar, Skalone shogirdlari uchrashuvdan ikki kun avval La Pasga tashrif buyurishdi va havoga moslashishga urinib ko'rishdi. Ikki kun davomida mashg'ulotlarda qatnashgan Argentinani deyarli barcha kuzatish ilinjida turli yo'llarni ishga soldi.
Shu ikki kun davomida futbol muxlislari Argentina terma jamoasining mashg'ulotlarini tomosha qilish uchun stadion atrofidagi balandliklardan, ko'pqavatli uylarning tomlaridan joy egallashdi. Argentina terma jamoasi Boliviyaga qarshi kechgan o'yinda 2005 yildan beri davom etib kelgan noxush an'anaga chek qo'yishga muvaffaq bo'ldi. Jamoa og'ir o'tgan o'yinda g'alaba qozondi.
Uchrashuvni tomosha qilish uchun yig'ilgan muxlislarning barchasi ham qulay joylashib oldi deb bo'lmaydi.
Kimlardir binokldan ham foydalanib ko'rishdi.
Bu muxlislarni uchrashuv komissari o'yin protokoliga kiritmagani aniq.
Uchrashuv boshlanishidan avvalroq muxlislar o'zi uchun «qulay» o'rindiqlarni band qilishni boshlashdi.
Messi o'yin oldi mashg'ulotlar chog'idayoq boliviyaliklarning asosiy nishoniga aylangan edi.
«Ernando Siles» o'z bag'riga 40 ming muxlisni sig'dirishga mo'ljallangan, biroq o'yin kuni tribunalar bo'm-bo'sh edi. Pandemiya sababli, Boliviya 4 yilda bir marta bo'lib o'tuvchi super uchrashuvni o'tkazib yuborishga majbur bo'lishdi.
O'yinda hisobni birinchi bo'lib mehmonlar ochishdi. Lautaro Martines Messining gollar tseriyasiga barham berdi. 2016 yilning noyabr oyidan beri Argentina terma jamoasida JCh saralash uchrashuvlarida Messidan boshqa futbolchi gol kiritmagan edi.
Uchrashuv Argentina terma jamoasining 2:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.
14-Oktyabr 2020,16:20