Messi «Barsa»ni bir o‘zi torta olmayapti. Valverdega savollar ko‘paydi
«Barselona» Ispaniya chempionatining 12-turida «Levante»ga safarda dastlab hisobni ochgan bo‘lsada, ikkinchi bo‘limda 7 daqiqa ichida 3 gol o‘tkazib mag‘lub bo‘ldi (1:3).
Ispaniya chempionati. Liga 1. 12-tur
«Levante» — «Barselona» — 3:1 (0:1)
Gollar: Messi, 38 — penalti (0:1). Kampanya, 61 (1:1). Mayoral, 63 (2:1). Radoyya, 68 (3:1).«Levante»: Fernandes, Miramon, Vezu, Postigo, Klerk, Melero, Radoyya, Bardi (Rochina, 62), Kampanya (Kabako, 88), Mayoral, Morales (Vukchevich, 82).
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto, Pike, Langle, Semedu, Vidal (Buskets, 65), de Yong, Artur (Fati, 67), Messi, Suares (Peres, 41), Grizmann.
Ogohlantirishlar: Artur, 12. Bardi, 52. Grizmann, 56. Pike, 66. Langle, 67. Serji Roberto, 81. Fati, 85.
Hakam: Ernandes Ernandes.
2 noyabr. Valensiya. «Syudad de Valensiya» stadioni.
Ernesto Valverde jamoasida «isitma» boshlandi. Chempionlar ligasida «Slaviya»ga qarshi o‘yindagi qiyin g‘alabadan keyin (o‘sha o‘yinda na Messi, na Suares va na Grizmann qahramon bo‘lolgan, faqatgina ter Shtegenning mahoratigina «Barselona»ni qutqargandi) ham deyarli hech narsa o‘zgarmadi. Darvozabon o‘sha o‘yindan keyin jamoa ichida jiddiy suhbat bo‘lib o‘tishini ta’kidlagandi.
Bunday suhbat yoki o‘tkazilmadi, yoki suhbatning ta’siri bo‘lmadi. Keyingi o‘yinda katalonlar yanayam yomon o‘ynashdi. Yetti daqiqa ichida «Levante» uchta gol urib, adolatli g‘alabaga erishdi.
Noqulay raqib
«Barselona» har oy boshida muxlislarini xafa qilmoqda. Avgustda — chempionatning birinchi turida — katalonlar «Atletik»ning faxriy futbolchisi Adurisning qoyilmaqom zarbasidan keyin nokaut holatiga tushgandi (0:1). Sentyabrda mavsum debyutanti «Granada»ga qarshi o‘yinda fiasko ro‘y berdi (0:2). Noyabr oyi boshida esa kuchli jamoalarga muammo tug‘dirishni biladigan «Levante» ro‘baru keldi.
Xuddi shu jamoa 2018 yil mayida chempionga qarshi aqlbovar qilmas o‘yin o‘tkazgan va 5:4 hisobida g‘alaba qozongandi. Hozir ham anomal voqea ro‘y berdi. Bunaqasi asrda bir kuzatiladi, desa ham bo‘ladi. Ko‘k-anorranglilar 7 daqiqayu 31 soniya ichida uch gol o‘tkazib nokaut holatiga tushdi.
Valensiyaliklar («Levante») Ernesto Valverde uchun «Barselona» boshqaruvidagi o‘yinlardagi eng noqulay raqibi hisoblanadi. Ushbu mutaxassis Kataloniyadagi faoliyati davomida 133ta rasmiy o‘yin o‘tkazib, jami 15 bor mag‘lub bo‘lgan, shundan eng ko‘pi (uch marta) «Levante»ga qarshi o‘yinlarda ro‘y bergan. Pako Lopes La Ligada «Barsa»ni ikki bor yenggan yagona murabbiydir. Bundan tashqari, 2019 yil yanvarida, Ispaniya Kubogi 1/8 finali doirasidagi birinchi uchrashuvda «Levante» «Barselona»dan ustun kelgandi.
7 daqiqadagi 3 gol
Birinchi bo‘limda «Barselona» o‘z o‘yinidagi muammolarni to‘pga egalik qilish orqali yopa oldi. Albatta, birinchi bo‘limda ko‘k-anorranglilar golli vaziyatlar yaratish borasida ham raqibdan ustunlik qilishdi.
Urilgan gol bir jamoaning ikkinchisidan yaqqol ustunlik qilishi emas, «Barsa»ning alohida futbolchilarining individual mahoratlari samarasi sifatida yuzaga keldi. Arturning pasidan keyin vaziyatni yaxshi his qila olgan Grizmann to‘pni o‘tkazib yubordi va Semedu jarima maydoniga yorib kirdi. Voqealar rivojining bunday tus olishini kutmagan raqib himoyachisi Xorxe Miramon uni yiqitib qo‘ydi. Hakam nuqtani ko‘rsatdi va Messi sovuqqonlik bilan zarba berib hisobni ochdi.
Besh daqiqa o‘tib argentinalik futbolchi jamoasi ustunligini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, uning zarbasini darvozabon qaytardi, qaytgan to‘pni darvozabon qo‘llari orasidan yana darvoza sari yo‘naltirganida esa himoyachi to‘pni to‘sishga ulgurdi. Leoning bu vaziyatni hal qila olmagani o‘yindagi burilish nuqta bo‘ldi. Agar «Barselona» tanaffusga ikki to‘p farqi bilan yo‘l olganida g‘alaba qo‘ldan chiqarilmasligi haqiqatga yaqin edi.
O‘yin taqdiri 63 va 68-daqiqalar oralig‘ida hal bo‘ldi. Konsentratsiyani yo‘qotgan katalonlar osonlik bilan «Levante» futbolchilarini o‘tkazib yuboraverishdi. Avvaliga mezbonlar Pikening to‘pni qabul qilishdagi xatosidan unumli foydalanishdi. To‘pga ega chiqqan «Levante» futbolchilari Kampanyani qulay vaziyatga chiqarishdi va u to‘pga bir teginishda kuchli zarba berib hisobni tenglashtirdi.
Uch daqiqa o‘tib «Real»ning sobiq futbolchisi Mayoral raqib jarima maydoni yaqinida qulay vaziyatda paydo bo‘ldi, Pike u bemalol o‘girilib zarba berishiga yo‘l qo‘yib berdi, ter Shtegenning tashlanishi foyda bermadi - to‘p uning qo‘lqopini silab o‘tib darvoza to‘ridan joy oldi. Yana biroz o‘tib Radoyaning zarbasi Buskets orqali rikoshet bo‘lib ter Shtegenni ojiz qoldirdi.
Qolgan 20 daqiqada «Barsa» to‘xtovsiz hujum uyushtirdi va vaziyatlardan birida to‘p darvoza to‘riga borib tushdi ham. Ammo hakam videotakror orqali ofsayd holatini qayd etib, Messining golini bekor qildi. Bu vaziyatda Grizmann oldinroqqa chiqib ketgani ma’lum bo‘ldi. Mehmonlar haqqoniy gol urishga ulgurishmadi.
Bu o‘yindan keyin ham «Barselona» futbolchilari yana bir suhbatlashib olishi kerak. Ammo bu safar suhbat jiddiyroq bo‘lishi talab etiladi.
Safar o‘yinlari kompleksi
«Levante»ning laqabi «qora mushuklar» bo‘lgani kataloniyaliklarni oqlay olmaydi. «Barselona» shu vaqtga qadar faqat jiddiy raqiblar bo‘lmagani tufayli Ispaniya chempionatida peshqadamligini saqlab qolmoqda.Lekin jamoa o‘tgan 11 o‘yinda («Barselona»ning 11-turda «Real»ga qarshi o‘yini dekabrga qoldirilgan) uch bor mag‘lub bo‘ldi. Bu o‘tgan mavsumdagi barcha mag‘lubiyatlar soniga teng. Va bu mag‘lubiyatlarning barchasi safar o‘yinlarida qayd etilgan.
Jamoaning safar o‘yinlaridagi kompleksi haqida Valverde bilardi. U o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida ham jamoa yaxshi o‘ynay boshlagani, ammo jamoaga begona stadionlardagi g‘alabalar ham kerakligini qayd etib o‘tgandi. Ammo murabbiyda bu muammoni hal qilish bo‘yicha yechim yo‘q edi. O‘yindan keyin ham unda bunday yechim yo‘q. «Levante»ga qarshi o‘yindan keyin jurnalistning Valverdega bu borada bergan savoliga «bizda safarda ham yaxshi o‘yinlar bo‘lgan» deya javobdan qochib javob berildi.
Valverde faqat «Barsa» o‘yiniga strukturaviylik yetishmayotganini tan olganida nisbatan konkret fikr bildirdi. Jamoani klub uchun chap oyog‘ida 500-golini urgan Messi qutqarishi ham mumkin edi. Birinchi bo‘lim so‘nggida Leoning ikkinchi goliga darvoza chizig‘i ustida paydo bo‘lgan himoyachi, ikkinchi bo‘limda hisob 3:1 bo‘lib turganida ofsayd qayd etgan VAR xalaqit qildi. Katalonlarning yana ikki xavfli hujumi — jamoa sardorining boshlang‘ich pasi evaziga bo‘ldi, argentinalik futbolchi o‘z ishini qilmoqda, ammo boshqalarchi?
Kumanning soyasi
Suares tezligini yo‘qotgan, bu o‘yindan oldin ushbu futbolchiga dam berilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Yaxshisi dam berilishi kerak edi, chunki Luis jamoaga yordam bera olmadi va birinchi bo‘limdayoq jarohat olib, bir futbolchi almashtirishni band qildi. Grizmann o‘yindan o‘yinga orqaroq surilmoqda va bu o‘yinda ham faqat bir marta zarba berishdan boshqa vaziyatda deyarli ko‘rinmadi.Valverdeda hujumda variantlar bordek ko‘ringandi, ammo Dembele sababsiz ravishda zayavkadan tashqarida qoldi, Fati esa maydonga juda kech tushirildi.
Tarkib rotatsiyasi — alohida mavzu. Ayniqsa maydon markazi, murabbiy bu yerda de Yong va Arturga imkoniyat bermoqda. Bu tandem daxlsizdek ko‘rinadi, boshqalar esa bundan jabr ko‘rishmoqda. Masalan, Vidal yaqindagina keskin norozilik bildirdi.
Shanba kungi o‘yinda «Barsa» maydon markazini boy berdi va qarshi hujumlarni yaxshi uyushtira olmadi. Arturo ham yaxshi harakatlana olmadi, ikkinchi bo‘limda, ikkinchi goldan keyin chililik futbolchi o‘rniga maydonga tushgan Buskets esa ter Shtegenni chalg‘itib, uchinchi golga sabab bo‘ldi. «Levante»ning birinchi va ikkinchi gollarida asosiy mas’uliyat Pike zimmasida, u avvaliga to‘pni raqibga topshirdi, keyin Borxa Mayoralning yo‘lini to‘sa olmadi. Mayoral bu mavsumda ham «Barsa»ga, ham o‘zining qadrdon jamoasi «Real»ga gol urgan yagona futbolchi.
Umuman olganda, faxriy futbolchilar yosharib qolmaydi. Masalan, bu mavsumda zaxirada qolayotgan Rakitich mish-mishlarga ko‘ra qishda jamoasini o‘zgartiradi. Yoshlar esa deyarli o‘sishmayapti, holbuki yaqindagina Rikard Puch va Karles Alenyaga katta umidlar bildirilgandi. Mantiqan, Valverdedan iste’fo talab qilishning ayni vaqti. Murabbiy iste’foga chiqish haqida tashvishlanmayotgani, hali barchasi oldindaligini aytayotgan bo‘lsada, uning istiqboli tumanli ko‘rinmoqda. Ayniqsa, «Kamp Nou»ga barselonaliklarning yana bir afsonasi Ronald Kuman qaytishi haqidagi gaplar paydo bo‘lganida. Bunday klubda ishlash uchun Niderlandiya terma jamoasidagi ishdan voz kechish ham mumkin.
Stephan_El_Shaarawy
6-Noyabr 2019,10:16
6-Noyabr 2019,10:16
O'xshash yangiliklar
Izoh qoldirish
Xabarlar (1)
Bo'limlar
Muloqot (288/+0)
Yangiliklar (30181/+25)
UzFIFA Yangiliklari (21.11.2024)
Futbol TV Yangiliklari (21.11.2024)
ONLINE TV (47) LIVE
Forum (20 / 165)
So'ngi izohlar (9690/ +0)
Futbolchilar haqida (22)
Futbolchilar rasmlari (601)new
Hafta faollarii TOP-30
La-Liga to'purarlar TOP-30
Foydalanuvchilar (1660 / +1)
Eng ko'p o'qilgan
17-Noyabr
10:10
15-Noyabr
13:42
09:20
FC BARCELONA O'YINLARI
Futbolchilar hayotidan (Instagram)