Quyida dunyo bo'ylab eng ko'p muxlislariga ega klublar beshligini e'tiboringizga havola etamiz. Ro'yxat ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi obunachilar soni bo'yicha tuzilmoqda.
5. «Chelsi» (86.8 million)
«Aristokrat» klubi o'z nomidan ham anglashinib turibdiki, juda katta mablag'ga ega biznesmenlar tomonidan boshqarib kelinadi. Shunga yarasha holatda ham «Chelsi» Premer-liga tarixi bo'yicha eng stabil jamoalardan biri hisoblanadi. Biz bu klubda deyarli inqirozli davrlarga guvoh bo'lmaganmiz. «Ko'klar» Angliyadagi eng sermahsul jamoalar qatorida turadi. Ular shu paytgacha 30dan ortiq katta-kichik sovrinlarga ega chiqishgan, 5 marta Premer-liga sovrinini qo'lga kiritishgan. Ushbu natija esa musobaqaning rekordchisi hisoblangan «MYu» (13)dan keyingi ikkinchi ko'rsatkich hisoblanadi. Bundan tashqari ular bir marta Evropa Chempionlar ligasi turnirida ham g'olib chiqqanidan xabaringiz bor.
So'nggi yillar ichida jamoaga asosiy ishqibozlarni jalb etib turuvchi mashhur futbolchilar «Chelsi»ni tark etishdi. Lekin Frenk Lempard shakkllantirayotgan yangi avlod vakillari bemalol Azar, Villian, Drogba singari yulduzlarning o'rnini munosib to'ldirishmoqda. Jamoaga yangi jalb etilgan xaridlar - Verner, Silva, Havertts hamda Ziyeshlar hisobiga «Chelsi» ushbu ro'yxatda «Man Siti», «PSJ» va «Bavariya» singari kuchli klublarni ortda qoldirdi. Hozir «ko'klar»ning ijtimoiy tarmoqdagi umumiy obunachilari soni 86,8 million. Buning turli sahifalar bo'yicha taqsimoti esa quyidagicha:
Feysbuk - 48.3 million layklar
Tvitter - 15.1 million obunachi
Instagram - 23.4 obunachi.
4. «Yuventus» (96.6 million)
Turinliklar Italiyaning eng sermahsul klubi hisoblanishadi. Ular shubhasiz, xalqaro musobaqalarda mamlakatning futbol imidjini ko'rsatib beruvchi bayroqdor jamoa hamdir. «Yuventus» tashkil topgan yilidan boshlab umumiy 68 ta titul yutishga muvaffaq bo'lgan. Ulardan 36 tasi A Seriya bosh sovrinlari hisoblanib, bu natija Appenin yarimorolidagi istalgan klubdan eng yaxshi ko'rsatkich degani. Shuningdek, «zebralar» 13 marta mamlakat kubogi, 8 marta superkubogida zafar quchigan. Chempionlar ligasida jamoa 9 marta finallarda ishtirok etib ularning faqatgina ikkitasida g'alaba qozongan xolos.
Lekin shunga qaramay ushbu klubning yaqin yillardagi muxlislarini oshirgan va brendini ommalashtirgan faktor faqatgina bir insonga tegishli. Bu - Krishtianu Ronaldu effekti deb nomlanadi. Ronaldu Italiyaga ko'chib o'tgach, u jamoa o'yinidan ham ko'ra ko'proq ichki va tashqi biznesiga juda kuchli ta'sir o'tkazib kelmoqda desak yangilishmaymiz. Misol tariqasida «Yuventus» 2016/17 yilgi mavsumlar oralig'ida o'z futbolchilarining jami 850 mingga yaqin futbolkalarini jahon bozorida sotgan bo'lsa, jamoaga Krish kelganidan so'ng faqat uning futbolkasining o'zi bir kun ichida 520 ming marta sotilgan. Shundan ham bilib olsak bo'ladiki, «byankonerilar»ga ishqibozlik qiluvchi kishilarni sayyoramizning istalgan burchagidan topish qiyin emas. Hozircha «Real»ning yarim armiyasini o'zi bilan ergashtira olgan Ronaldu ketma-ket ikki marta A Seriyani yutdi. Agar EChLda ham bu ish uddalansa, «Yuventus» ro'yxatimizning yana ham teparoq qismidan joy olishi mumkin. Hozircha esa jamoaning muxlislar taqsimoti quyidagicha:
Feysbuk - 42.5 million layklar
Tvitter - 11.3 million obunachi
Instagram - 42.8 million obunachi.
«Manchester Yunayted (139.8 million)
Biror bir klubga muxlislik haqida gap ketganda birinchilardan bo'lib xayolimizga "MYu" kelishi shubhasiz. Ularning fan klublari jahon bo'ylab tashkil etilish soni bo'yicha ham eng yuqori o'rinlarda turadi. Klub tarixida faoliyat olib borgan mashhur afsona nomlarining o'zi ham bu erda tarozining toshini bosib turadi. "Qizil iblislar" o'z tarixlari davomida jami 66 ta katta-kichik turnirlarda g'olib chiqishgan. Ularning 13 tasi Premer-liga, 12 tasi Angliya kubogi, 21 tasi mamlakat superkubogi, 3 marta EChL hamda bir marta Evropa ligasi, shuningdek, bir uchrashuvdan iborat bo'lgan mayda kuboklar.
To'g'ri, ushbu ro'yxatimizda klub balki bundan ham yuqoriroq o'rinda turishi ham mumkin edi. Bu albatta tabiiy. Chunki "Kantar media" tomonidan o'tkazilgan surishtiruvlar natijasida 2012 yildan keyin "MYu" ijtimoiy tarmoqlarini kuzatuvchilar soni keskin kamayib ketgan (8 yil ichida 400 million qo'shilgan xolos). Aleks Fergyuson davridagi jamoaning kuzatuvchilari soni esa allaqachon 1 milliarddan ziyod bo'lgani aniqlangan. Lekin shunga qaramay turli darajadagi murabbiylar va furbolchilar ostida klub brendi u qadar o'z darajasidan pastlamadi. Baribir kuchli futbol siyosatshunoslari va menejerlarning maydon tashqarisida ko'rsatayotgan jonbozliklari har qanday holatda ham klubning uzoqroq vaqt mobaynida e'tibor markazida bo'lib turishiga xizmat qiladi. Bugungi kunda Manchester klubiga befarq bo'lmagan ishqibozlarning taqsimoti quyidagicha:
Feysbuk - 73.2 million layklar
Tvitter - 25.7 million obunachi
Instagram - 36.9 million obunachi.
2. «Barselona» (254.7 million)
Kutilganidek, Katalon klubi ro'yxatning yuqori qismlaridan birida joylashgan. Bunga asosiy sabab qilib «Oltin to'p»ni eng ko'p yutgan futbolchining jamoada o'ynayotganligini misol qilib olsak ham bo'ladi. Buning ustiga jahon bozoridagi eng yirik kompaniyalar bilan ham olib boriladigan uzoq yillik bitim shartnomalari klub brendini borgan sari ommalashib borishiga yordam bermoqda. Bugungi kunda «ko'k-anorranglilar»ga ishqiboz qiluvchilar soni 3-pog'onadagi «Manchester Yunayted»dan deyarli ikki barobar ko'p.
Eslatib o'tish kerakki, biz faqat 3 ta top ijtimoiy tarmoqnigina o'z ichiga oluvchi muxlislar sonini hisoblab chiqmoqdamiz. Aslida «Barselona» o'yinlariga befarq bo'lmagan kishilar soni dunyo bo'yicha 257 milliondan ortiqligini unutmaslik kerak. Ularning ichida 160 milliondan ziyodrog'i Lionel Messining shaxsiy sahifasiga to'g'ri kelishi aslida ajabnarli hol. Taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra klubning ayni damdagi norasmiy hisob-kitobida 500 milliondan ziyod kishi mavjud. Qisqacha taqsimot esa quyidagicha:
Feysbuk - 103.1 million layklar
Tvitter - 61.8 million obunachi
Instagram - 89.8 million obunachi.
1. «Real Madrid» (259,2 million)
Ushbu ro'yxatda kim g'olib bo'lishini katta ehtimol ko'pchilik oldindan taxmin qilgan bo'lsa kerak. Darhaqiqat, «qirollik klubi» futbol olamidagi eng daromadga boy tijorat klubi hisoblanadi. «Qaymoqranglilar» jami 66 ta katta-kichik sovrinlarni qo'lga kiritgan bo'lib ularning soni bizningcha, barcha jamoa muxlisiga yod bo'lib ketgan bo'lsa ajab emas. Hozirda klubning dunyo bo'ylab umumiy ishqibozlar armiyasi faqat internetning o'zidagi hisob-kitoblarga ko'ra 259 milliondan ziyodni tashkil etadi.
Klubni Krishtianu Ronaldu va Garet Beyl singari mashhur nomlar tark etganidan keyin grafikada pasayish ko'zga tashlandi. Lekin jamoa hali ham azaliy raqibi «Barselona»dan bu borada yaqqol ustunligini namoyish etib turibdi. Demak, «Real»da muxlislar taqsimoti quyidagicha:
Feysbuk - 111 million layklar
Tvitter - 56.8 million obunachi
Instagram - 91.4 million obunachi.
19-Dekabr 2020,15:10