«Barselona» rahbariyati hamda «Borussiya Dortmund» hujumchisi Erling Xoland va futbolchining otasi Alf-Inge Xoland o'rtasida kecha bo'lib o'tgan uchrashuv ikki yarim soat davom etdi. Uchrashuvda "ko'k-anorranglilar" tomonidan prezident Joan Laporta va direktor Mateu Alemani ishtirok etishdi.Kataloniyaliklar Xolandning xizmatlariga qiziqish bildirishayotganini ta'kidlashdi, ammo moliyaviy muammolar tufayli jamoa ushbu transferni 2022 yilning yozida amalga oshirish rejasini borligini ma'lum qilishdi. Erlingning tovon puli kelasi yilning yozida 75 million evroni tashkil qiladi. 2021 yilda norvegiyalik futbolchini xarid qilmoqchi bo'lgan jamoalar 190 million evro to'lashiga to'g'ri keladi: 150 mln – «Borussiya»ga, 40 mln – agentlarga.«Barselona» esa Xolandga Lionel Messidan keyin jamoaning eng ko'p maosh oladigan o'yinchiga aylantirishga va'da berdi. Kataloniyaliklar Xolandning transferi uchun bankdan kredit olishni rejalashtirishmoqda. "Ko'k-anorranglilar" 2019 yilda Antuan Grizmanni shunday uslubda «Atletiko»dan sotib olgan edi.Laporta Xolandni sotib olsa, yaqin 10 yil davomida jamoaning hujumdagi muammolari hal bo'lishiga ishonmoqda. Boz ustiga, norvegiyalik futbolchining transferi Messining jamoada qolishiga sabab bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, 20 yoshli futbolchi "Real"ga o'tib ketishini "Barsa" prezidenti istamayapti.
2-Aprel 2021,07:00